Mo'`jizaviy favvoralar shaharga chiroy, aholiga xushnudlik baxsh etmoqda

47

Suv raqsi — favvoralarni tomosha qilmagan kishi bo'lmasa kerak. Atrofida turib favvorani kuzatsangiz, qalbingizda ajib na`shidalar jo'sh uradi. Kayfiyatingiz ko'tariladi, charchog'ingiz tarqab ketadi. O'zingizni yengil his etasiz. Dilingizdagi orzu havaslar favvoradan oziq olgandek bo'ladi guyo. Ezguliklarga esh mehr mavjlanadi.Shirin xayolot dunyosiga g'arq bo'lasiz. Favvoraning ko'z ilg'amas cholg'ularidan taralayotgan ohang asablaringizni erkalaydi, ruhingizga tetiklik bag'ishlaydi. O'zingizni baxtiyor sezasiz, rang barang shaklda, ajib manzaralar kasb etib jilvalanayotgan suv raqsiga yanada maftun bo'lib boqasiz.
Shifokorlarning ta`kidlashicha, favvoralar ro'parasida o'tirish, uning atrofida sayr qilish inson salomatligi uchun juda foydali ekan. Musaffo suv, uning yoqimli ovozi kishiga huzur va halovat bag'ishlab, tanada qon aylanishini yaxshilaydi. Alal-oqibat kishiga ruhiy quvvat baxsh etib, asab tizimiga orom bag'ishlarkan.

Yoz mavsumi, ayniqsa, kechki paytlarda favvoralar atrofi bayramona tus oladi. Odamlar oqimi bir bahya bo'lsa-da, aslo tinmaydi. Buning boisi favvoraning go'zalligi, jozibadorligi, ajoyib musiqalari va rohatbaxshligi bilan izohlanadi. Bu yerga qadam ranjida qilgan kishi o'zini sirli va sehrli olamga kirib qolgandek sezadi. Shaffof suvning nafis o'yinlari kishi diqqatini o'ziga tortadi.Raqsga monand taralayotgan ajib mumtoz ashulalar, dilga xushnudlik bag'ishlaydi. Mayin shabbodalar epkini salqin tortgancha yuzingizni silaydi. Turli xil ­shakllar hosil qilayotgan favvoradan sachragan zarralarni yoqimli qoniqish bilan sezasiz. Jilolanayotgan nurlar, rang-barang chiroqlar sehri sizni orzular osmoniga parvozga chorlaydi.
Favvoraning musiqali dasturi davom etadi. Yana kuy, yana tarona… Mashhur kinolarimizda ijro etilgan, xalqimiz qalbining eng to'ridan joy olgan xonish­lar yangraydi. Bu ashulalarni eshitishingiz bilan biixtiyor kinolardagi tas­virlar, holatlar ko'z oldingizga keladi. Taassurotlar va xayolot ummonida dilingiz sarxushligi yanada ortadi.
Favvoralar atrofi mudom kichkintoylar bilan gavjum bo'ladi. Ular favvoraga eng ko'p talpinadi. Undan eng ko'p zavq oladiganlar ham bolalar. Favvoraning mo'`jizaviy sehri bolalarga xos tasavvurga monand bo'lsa, ajab emas. Bu yerga jamuljam bo'lgan jajjilar quvonchining cheki yo'q. Shodon qiyqiriqlar, bolalarga xos jo'shqinlik, mo'`jizalar olamidagi kabi beqiyos hayrat. Favvora yonida 2-3 nafar kichkintoy raqsga tushmoqda, kuyga monand, ohangga mos. Atrofdagilar havas bilan, zavq bilan boqishayotganidan ular bexabar, mitti yuraklaridagi quvonch dunyoga sig'maydi. Bolaga aylanib qolging keladi shunday paytlarda. Bolalarning zavqlanayotganidan ota-onalarning ko'ngli xotirjam, dili charog'on. Hayotning lazzati, baxt deganlari, aslida, shu emasmi?
Shuni alohida ta`kidlab o'tish joizki, bugungi kunda favvoralar joylashgan maydonlar ko'pchilikning orom oladigan, hordiq chiqaradigan sevimli maskanlariga aylangan. Quvonarli jihat shundaki, ilgari favvoralar katta shaharlarda qurilgan bo'lsa, endilikda barcha shahar va tumanlarda ham zamonaviy favvoralar barpo qilinayotir.
Keyingi yillarda mamlakatimizda «Favvoralar sayli»ni o'tkazish odat tusiga kirdi. Bu qiziqarli marosim yurtimiz bo'ylab keng quloch yoymoqda. Sayil kuni favvoralar atrofida turli xil tadbirlar, intellektual bellashuvlar, tanlovlar, sport musobaqalari, ko'rgazmalar tashkil qilinayotgani odamlar e`tiborini o'ziga jalb etmoqda. Ularda san`atkorlar, shoir va yozuvchilar, ziyoli va sportchilarning ishtirok etishi esa bayram shukuhiga yanada ko'tarinkilik baxsh etayotgani ham ayni haqiqat. Bu esa, o'z navbatida, favvoralar yaratayotgan go'zallik va zavqqa yangicha mazmun-mohiyat bag'ishlamoqda.

Amrillo AHMEDOV,
O'zbekiston Jurnalistlar
ijodiy uyushmasi a`zosi

Boshqa xabarlar