Raqs tushish uchun lisenziyangiz bormi?

139

Sevimli gazetamizning 59-sonida e`lon qilingan «O'zbek o'zgaradimi? Yoxud eski odatlardan qachon qutulamiz?» sarlavhali maqolada bugungi kunda barchamizni qiynayotgan almoyi-aljoyi udumlar bilan bog'liq asosli fikr-mulohazalar o'rtaga tashlangan. Muallif tomonidan azaliy qadriyatlarimiz, boshqa xalqlarning to'ylari bilan solishtirgan holda, bugun turmush tarziga aylanib ulgurgan odatlarimizga baho berilishi kishini hushyor torttiradi.
To'y-hashamlarni ortiqcha xarajat va dabdabalarsiz o'tkazish borasida tegishli ko'rsatmalar berilgan, xususan, bu borada huquqiy hujjat qabul qilinishi ham ko'zda tutilayotgan bir vaziyatda to'y va tantanalardagi yangicha «tartib», rasm-rusumlarga chek qo'yishda davlat tashkilotlari bilan birgalikda jamoatchilik ham bor kuchi bilan harakat qilishi lozim, deb o'ylayman.
Ushbu mavzuda so'z yuritganda, san`atkorlar bilan bog'liq o'ta muhim masalani aslo chetlab o'tib bo'lmaydi. Aytish joizki, to'ylarda xizmat qilayotgan san`at ahli orasida faoliyati xizmat ko'rsatish sanalishi, buning uchun maxsus lisenziya kerakligi, olayotgan daromadidan soliq to'lashi lozimligini xayoliga keltirmaydiganlar anchagina.
Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 9 dekabr­dagi «Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarorida milliy musiqa san`atini yanada rivojlantirish, badiiy jihatdan yuksak asarlarni targ'ib qilish, lisenziya talablari va shartlarini kuchaytirish kabi vazifalar bilan birga, lisenziatlarning aholiga madaniy xizmat ko'rsatish bo'yicha huquq va majburiyatlari aniqlashtirib berilgan. Shunga qaramay, ushbu hujjatda belgilangan talablarga e`tiborsizlik, ta`bir joiz bo'lsa, bepisandlikning guvohi bo'lish mumkin.
Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan bu yo'nalishda doimiy ravishda amalga oshirilayotgan nazorat tadbirlari fikrimizning isbotini ko'rsatmoqda. Xususan, joriy yilning o'tgan 3 oyi davomida viloyatning barcha shahar va tumanlarida 40 dan ortiq profilaktik tadbirlar tashkil etildi. Mazkur o'rganishlar davomida 30 ta noqonuniy harakat aniqlanib, mazkur holatlar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Noqonuniy konsert-tomosha faoliyati bilan shug'ullanishni o'ziga kasb qilib olgan san`atkorlar bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Viloyat davlat soliq boshqarmasi va «O'zbekkonsert» davlat muassasasi viloyat bo'limi tomonidan o'tkazilgan profilaktik tadbirlar natijasida 20 ga yaqin noqonuniy konsert-tomosha faoliyati, ya`ni rasmiy hujjatlarsiz suxandonlik, raqqosalik, xonandalik va sozandalik bilan shug'ullanib kelayotgan fuqarolar faoliyati qonuniylashtirildi.
Xullas, to'ylarimizda uchrayotgan og'riqli muammolarni bartaraf etish, xususan, ularda xizmat qiluvchi san`atkorlarning soliq to'lovlariga befarq bo'lmasligini ta`minlash bo'yicha jamoatchilik nazoratini tashkil etish lozim. Davlat tashkilotlari bilan fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligi ko'plab masalalarga yechim topishda ko'mak berishi shubhasiz.

Dilrabo QURYoZOVA,
Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasi
mas`ul xodimi

Boshqa xabarlar