Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisi yakunlari bo'yicha AXBOROT

176

(Sindao shahri, 2018 yil 9-10 iyun)

2018 yil 9-10 iyun kunlari Xitoyning Sindao shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisi bo'lib o'tdi.

Unda Hindiston Respublikasi Bosh vaziri N.Modi, Qozog'iston Respublikasi Prezidenti N.Nazarboev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirg'iziston Respublikasi Prezidenti S.Jeenbekov, Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti M.Husayn, Rossiya Federasiyasi Prezidenti V.Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti I.Rahmon va O'zbekis­ton Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev ishtirok etdilar.
Majlisga Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin raislik qildi.
Majlisda ShHT Bosh kotibi R.Alimov va Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT) Ijroiya qo'mitasi direktori ­E.Sisoev ishtirok etdi.
Tadbirda Afg'oniston Islom Respublikasi Prezidenti A.G'ani, Belarus Respublikasi Prezidenti A.Lukashenko, Eron Islom Respublikasi Prezidenti H.Ruhoniy, Mo'g'uliston Prezidenti X.Battulga, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining birinchi o'rinbosari A.Muhammad, Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi Bosh kotibi Lim Jok Xoy, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi Ijrochi kotibi S.Lebedev, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti Bosh kotibi ­Yu.Xachaturov, Osiyoda Hamkorlik va ishonch choralari bo'yicha kengash Ijrochi direktori Gun Szyanvey, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi hay`ati raisi T.Sarkisyan, Jahon banki vise-prezidenti V.Kvava, Xalqaro valyuta fondi departamenti direktori Li Chan Yon ishtirok etdilar.

A`zo davlatlar rahbarlari 2017 yilgi Ostona sammiti yakunlarining ijrosini hamda jahon siyo­sati va iqtisodiyotida kechayotgan jarayonlar asnosida ShHTni yanada rivojlantirishga doir birinchi galdagi vazifalarni ko'rib chiqdilar. Tomonlarning o'zaro kelishilgan pozisiyasi qabul qilingan Sindao deklarasiyasida o'z ifodasini topdi.
A`zo davlatlar ShHT Xartiyasining maqsad va prinsiplariga rioya etgan hamda «Shanxay ruhi»ga tayangan holda ShHTni 2025 yilgacha mo'ljallangan rivojlantirish strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirayotganlari qayd etildi. Bugungi kunda ShHT noyob, nufuzli va obro'li mintaqaviy birlashma sifatida qaror topgani, Tashkilotga Hindiston va Pokiston a`zo bo'lgandan so'ng uning salohiyati sezilarli darajada oshgani ta`kidlandi.
Siyosat, xavfsizlik, savdo va iqtisodiyot, jumladan, moliya, investisiya, transport, energetika, qishloq xo'jaligi sohalaridagi amaliy hamkorlikni, shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashni davom ettirish borasidagi istak-xohishlar mushtarak ekani bildirildi. ShHTga a`zo davlatlar o'rtasida Uzoq muddatli yaxshi qo'shnichilik, do'stlik va hamkorlik to'g'risidagi shartnoma qoidalarini amalga oshirish bo'yicha 2018-2022 yillarga mo'ljallangan Harakatlar rejasi ma`qullandi.
Dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar bo'yi­­cha fikr almashish asnosida ShHT makonida xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash, shuningdek, yangi mazmundagi xalqaro munosabatlar va yagona taqdirga ega bo'lgan insoniyat hamjamiyatini yaratishning mushtarak g'oyasini shakllantirishga ko'maklashish yo'lida hamkorlikdagi sa`y-harakatlarni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.
A`zo davlatlar xalqaro huquqning umume`tirof etilgan norma va prinsiplari doirasida Afg'oniston, Suriya, Yaqin Sharq, Koreya yarim orolidagi va boshqa mintaqaviy nizolarga barham berishning qat`iy tarafdoridir. Eron yadro dasturi atrofidagi vaziyatni tartibga solish bo'yicha Qo'shma yalpi harakatlar dasturining izchil ijrosini ta`minlash muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
A`zo davlatlar BMTning xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta`minlash bo'yicha sa`y-harakatlarini qat`iy qo'llab-quvvatlaydi. Ular BMTning xalqaro terrorizmga qarshi kurash bo'yicha keng qamrovli konvensiyasi, shuningdek, Qozog'iston Res­publikasining BMT maydonida Terrorizmdan xoli tinchlikka erishish bo'yicha xulq kodeksini ilgari surish tashabbusini qabul qilish masalasida murosaga erishish muhimligini ta`kidladilar.
A`zo davlatlar rahbarlari Qirg'iziston Res­publikasi va Tojikiston Respublikasining BMT Xavfsizlik kengashining nodoimiy a`zoligiga o'z nomzodlarini ilgari surish istagini qayd etdilar.
ShHTning xavfsizlikka nisbatan tahdidga va xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish bo'yicha o'zaro muvofiqlashgan munosabati o'zgarmas bo'lib qolmoqda. ShHTga a`zo davlatlar tomonidan qabul qilingan Terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo'yicha 2019-2021 yillarga mo'ljallangan hamkorlik dasturi bu boradagi amaliy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Uni amalga oshirishda ShHT MATT asosiy rol o'ynaydi.
Qayd etilgan yo'nalishlarda tomonlarning o'zaro aloqalari uchun muhim platforma vazifasini o'tagan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash masalalari bo'yicha Xalqaro konferensiya yakunlari (Dushanbe shahri, 2018 yil 3-4 may) yuksak baholandi.
A`zo davlatlar rahbarlari yosh avlodni ma`naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash, yoshlarni buzg'unchi harakatlarga jalb etilishining oldini olish bo'yi­­cha kompleks ishlarni yo'lga qo'yish tarafdoridir. Shu munosabat bilan Yoshlarga qo'shma murojaat va uning qoidalari ijrosi bo'yicha Harakatlar dasturi qabul qilindi, O'zbekiston Respublikasining BMT Bosh Assambleyasining «Ma`rifat va diniy bag'rikenglik» maxsus rezolyusiyasini qabul qilish haqidagi tashabbusi qo'llab-quvvatlandi.
A`zo davlatlar bundan buyon ham ShHTning 2018-2023 yillarga mo'ljallangan narkotiklarga qarshi strategiyasi va uni amalga oshirish bo'yicha Harakatlar dasturi, shuningdek, narkotik vositalar va psixotrop moddalarni suiiste`mol qilishning oldini olish bo'yicha ShHT Konsepsiyasi asosida narkotiklarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash sohasidagi hamkorlikni davom ettiradi.
ShHT axborot xavfsizligini ta`minlash, davlatlarning axborot makonidagi mas`uliyati va o'zini tutishi bilan bog'liq universal xalqaro qoidalar, norma va tamoyillarni ishlab chiqish sohasidagi ko'p ko'lamli va o'zaro manfaatli hamkorlikni shakllantirishga o'z hissasini qo'shishda davom etadi.
ShHTga a`zo davlatlar barqaror taraqqiyot sohasidagi Global masalalarni amalga oshirishda BMT markaziy o'rin tutishini yoqlashi ta`kidlandi. Ochiq turdagi jahon iqtisodiyotini shakllantirish maqsadida asosi Jahon savdo tashkiloti hisoblangan global iqtisodiy boshqaruv, ko'p qirrali savdo tizimini izchil boshqarish va rivojlantirish arxitekturasini takomillashtirish muhimligi qayd etildi.
ShHT savdo va sarmoya, savdo jarayonlarini soddalashtirish bo'yicha vazifalarni hal etish, elektron savdoni rag'batlantirish, xizmatlar industriya­­si va xizmatlarni sotishni rivojlantirish bo'yicha qo'shma yondashuvlarni belgilash uchun qulay sharoit yaratishga intilmoqda. Mikro, kichik va o'rta tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash, transport, energetika va qishloq xo'jaligi sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish yo'lidagi sa`y-harakatlar davom ettiriladi.
O'zbekistonda ShHTga a`zo davlatlarning temir yo'l bo'yicha idoralari rahbarlarining birinchi uchrashuvini o'tkazish to'g'risidagi tashabbus qo'llab-quvvatlandi. Ekologiya muammolariga e`tiborni kuchaytirish maqsadida tashkilotga a`zo davlatlar Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik konsepsiyasini qabul qildi. ShHTga a`zo davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorligi dasturi loyihasi bo'yicha ishlar davom ettirildi.
Tojikiston Respublikasining «Suv — barqaror taraqqiyot uchun, 2018-2028 yillar» Xalqaro harakat o'n yilligi hamda BMT shafeligida ushbu mavzuga bag'ishlangan yuqori darajadagi xalqaro konferensiyani o'tkazish (Dushanbe shahri, 2018 yil 20-22 iyun) to'g'risidagi tashabbusi yuksak baholandi.
Qozog'iston Respublikasi, Qirg'iziston Respub­likasi, Pokiston Islom Respublikasi, Rossiya Federasiyasi, Tojikiston Respublikasi va O'zbekiston Respublikasi Xitoy Xalq Respublikasining «Bir makon, bir yo'l» tashabbusini qo'llab-quvvatlashi tasdiqlandi, uni birgalikda amalga oshirish, jumladan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va «Bir makon, bir yo'l»ni o'zaro muvofiqlashtirish borasidagi sa`y-harakatlar qayd etildi.
A`zo davlatlar rahbarlari ShHT makonida keng, ochiq, o'zaro manfaatli va teng huquqli sheriklikni shakllantirish maqsadida mintaqa mamlakatlari, xalqaro tashkilotlar va ko'p tomonlama birlashmalar salohiyatidan foydalanish tarafdoridirlar.
ShHTda Hududlar rahbarlari forumining tashkil etilishi hududlararo hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Forumning birinchi majlisini 2018 yilda Chelyabinsk shahrida (Rossiya Federasiyasi) o'tkazish mo'ljallanmoqda.
ShHT Ishbilarmonlar kengashi va ShHT Banklararo birlashmasi salohiyatini to'liq ro'yobga chiqarish borasidagi sa`y-harakatlar davom ettiriladi.
Bank-moliya sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash va ShHT Taraqqiyot banki va ShHT Taraqqiyot fondi (Maxsus hisob)ni tashkil etish masalasi bo'yicha umumiy yondashuvlar izlashni davom ettirishga doir ijobiy pozisiya tasdiqlandi.
Davlat rahbarlari gumanitar hamkorlikning xalqlar o'rtasida o'zaro anglashuv, ishonch va do'stlikni mustahkamlashdagi alohida o'rnini tasdiqlab, madaniyat, ta`lim, fan va texnika, sog'liqni saqlash, turizm va sport sohalaridagi ko'p qirrali hamkorlikni rivoj­lantirish tarafdori ekanini bildirdilar.
ShHT kuzatuvchi va muloqot bo'yicha sherik mamlakatlari, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan ko'p tarmoqli hamkorlikni rivojlantirishga intilishi qayd etildi.
Majlis yakunida Davlat rahbarlarining savdo tartib-taomillarini soddalashtirish to'g'risidagi bayonoti va Davlat rahbarlarining ShHT makonida epidemiya tahdidlariga qarshi birgalikda kurashish to'g'risidagi bayonoti ham qabul qilindi. 2019-2020 yillarda ShHTga a`zo davlatlarning turizm sohasidagi hamkorligi dasturini amalga oshirish bo'yicha Birgalikdagi harakatlar rejasi, ShHT doirasida mikro, kichik va o'rta tadbirkorlikni rivojlantirish sohasidagi hamkorlikni rag'batlantirish bo'yi­­cha o'zaro anglashuv memorandumi, Tunu kun ishlaydigan aloqa shoxobchalarining CENcomm RILO-­­MOS­K­­­VA tezkor platforma kanallaridan foydalangan holda amalga oshiriladigan o'zaro axborot hamkorligi reglamenti, Ozonni yemiruvchi moddalar va xavfli chiqindilarning transchegaraviy harakati kuchayishi haqida axborot almashuv to'g'risidagi memorandum imzolandi.
ShHT Bosh kotibining ShHTning o'tgan yilgi faoliyati hamda Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Kengashi direktorining 2017 yilgi faoliyati to'g'risidagi hisobotlari tinglandi va tasdiqlandi.
ShHTga a`zo Davlatlar rahbarlari kengashi ­V.I.Norovni (O'zbekiston Respublikasi) ShHT Bosh kotibi lavozimiga va J.F.G'iyosovni (Tojikiston Res­publikasi) MATT Ijroiya qo'mitasi direktori lavozimiga 2019 yil 1 yanvardan 2021 yil 31 dekabrga qadar bo'lgan davrga tayinladi.
Ostona sammitidan (2017 yil 8-9 iyun) keyingi davrda Hukumatlar rahbarlari (Bosh vazirlar) majlisi (Sochi shahri, 2017 yil 30 noyabr – 1 dekabr), xavfsizlik kengashlari kotiblari uchrashuvi (Pekin shahri, 2018 yil 21-22 may), tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdan tashqari va navbatdagi majlislari (Nyu-York shahri, 2017 yil 20 sentyabr, Pekin shahri, 2018 yil 24 aprel), Milliy koordinatorlar kengashi majlislari (Yanchjou shahri, Mos­kva, Pekin, 2017 yil avgust – 2018 yil iyun), Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Kengashi majlislari (Pekin, 2017 yil 17 sentyabr, Toshkent, 2018 yil 5 aprel), vakolatli organlar chegara xizmatlari rahbarlari majlisi (Dalyan shahri, 2017 yil 29 iyun), favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish masalalari bilan shug'ullanuvchi idoralar rahbarlari majlisi (Cho'lpon ota shahri, 2017 yil 24-25 avgust), adliya vazirlari majlisi (Toshkent, 2017 yil 20 oktyabr), Oliy sudlar raislari majlislari (Toshkent, 2017 yil 25-27 oktyabr, Pekin, 2018 yil 25 may), sanitariya-epidemiologik farovonlikni ta`minlash uchun mas`ul xizmatlar rahbarlari majlisi (Sochi, 2017 yil 31 oktyabr), tashqi iqtisodiy va tashqi savdo faoliyati uchun mas`ul vazirlar majlisi (Moskva, 2017 yil 15 noyabr), bosh prokurorlar majlisi (Sankt-Peterburg, 2017 yil 29 noyabr), fan va texnika vazirliklari va idoralari rahbarlari majlisi (Moskva, 2018 yil 18-21 aprel), ShHT Forumi (Ostona, 2018 yil 4-5 may), milliy turizm ma`muriyatlari rahbarlari (Uxan shahri, 2018 yil 7-11 may), mudofaa vazirlari (Pekin, 2018 yil 24 aprel), madaniyat vazirlari (Sanya shahri, 2018 yil 15 may), narkotiklarga qarshi kurashish vakolatiga ega vakolatli organlar rahbarlari (Tyanzin shahri, 2018 yil 17 may) uchrashuvlari, ShHT Xotin-qizlar forumi (Pekin, 2018 yil 15-17 may), ShHT OAV forumi (Pekin, 2018 yil 1 iyun), ShHT Ishbilarmonlar kengashi boshqaruvi (Pekin, 2018 yil 6 iyun) va ShHT Banklararo birlashmasi Kengashi (Pekin, 2018 yil 5-7 iyun) majlislari, shuningdek, turli darajadagi boshqa tadbirlar o'tkazildi.
Davlat rahbarlari Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan ShHTga raislik davrida amalga oshirilgan ishlarga yuqori baho berdilar va Xitoy tomoniga mehmondo'stlik va Sindao shahridagi sammitning yuksak darajada tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirdilar.
Tashkilotning navbatdagi davriga raislik Qirg'iziston Respublikasiga o'tdi. ShHT Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi 2019 yilda Qirg'iziston Respublikasida bo'lib o'tadi.

Boshqa xabarlar