«Qora bozor»ning qora tomonlari

212

Tahririyatimiz Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi bilan o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'ydi. Unga muvofiq, endilikda gazeta sahifalarida dolzarb mavzudagi tahliliy materiallar, muhim qarorlar va hujjatlar mohiyati, ular ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi turfa materiallar, xabar va maqolalar chop etib boriladi. Quyida shu yo'nalishdagi dastlabki material o'quvchilar e`tiboriga havola qilinmoqda.

Davlat iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazuvchi, tadbirkorlik munosabatlarini chalg'ituvchi valyuta savdosining «qora bozori» yaqin-yaqingacha bank-moliya tizimiga tushov bo'lib keldi. Ma`lumotlarga qaraganda, Bosh Prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan 2017 yil va joriy yilning o'tgan besh oyi mobaynida 5 million 250 ming 463 AQSh dollari hamda 16 milliard 260 million so'm miqdoridagi valyuta qimmatliklarining noqonuniy muomalasiga chek qo'yilgan. Bu raqamlar ortida qanchadan-qancha jinoiy ishlar, noqonuniy xatti-harakatlar borligi, ularni aniqlagunga qadar kechgan jarayonlarni tasavvur etish qiyin emas.
Ilgari ko'cha-ko'yda «Dollar, rubl, tanga olamiz», deya ko'lida bir dasta pulni aylantirib turgan «shovvozlar»ga ko'p bora duch kelganmiz. Kimlardir ularning «beminnat» xizmatidan foydalangani ham ayni haqiqat. Bunday «tijorat»ning noqonuniyligi, qonunda belgilangan tartibda jazoga tortilishi aniqligi o'z yo'liga. Lekin uning davlatga, xalqqa qanchalik zarar yetkazayotgani alohida masala.
Ayrimlar bir qarashda «100-200 dollar bilan nima o'zgarar edi», degan fikrga kelishi mumkin. Biroq «Oz-oz yig'ilib, daryo bo'lur» naqli hali-hanuz eskirmagan. Eshmatjon yuz dollar, Toshmatjon yana shuncha, yana falonchi pistonchilar bilan qo'shilib, bu raqamlar ana-mana deguncha millionlarni qoralab qoladi. Departament xodimlari tomonidan keltirib o'tilgan million-million dollar hisobi o'ylab topilmagan va yoki osmondan olib yozilmagan. Bu hozirga qadar fosh etilganlari, xolos. Hali xufyona qolgani, faoliyatini yashirincha davom ettirayotganlari qancha?
«Valyuta siyosatini liberallashtirish bo'yi­­cha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to'g'risida»gi Prezident farmoni mamlakatimizda chet el valyutasining kirishi va chiqishi, ichki aylanmasi va ayirboshlanishida qator imkoniyatlar yaratgani sir emas. Valyuta bozorini erkinlashtirish siyosati tufayli dollar rasmiy kursining pasayishi kuzatilmoqda. Bu tadbirkorlar va investorlar uchun qulay sharoit vujudga kelayotganidan dalolat.
Barcha tijorat banklarida valyuta ayirbosh­lash shoxobchalari faoliyat yuritmoqda. Endilikda fuqarolar valyuta olish va uni so'mga almashtirish operasiyalarini erkin amalga oshir­yapti. Valyutani naqdlashtirib olish uchun maxsus bankomatlar ham o'rnatilgan. Biroq ayrim kimsalar yaratilgan imkoniyatdan foydalanish o'rniga hamon «qora bozor»dan ko'ngil uzmayotir. Bozorga yo'lingiz tushsa, «valyuta sotib olaman», deb o'tirgan eski «valyutafurush»larga hamon ko'zimiz tushadi. Ularning xizmatidan voz kecha olmayotganlar ham kam emas.
Bosh prokuraturadan ma`lum qilishlaricha, departamentning Chilonzor tumani bo'limi xodimlari tomonidan o'tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar Sh.G'. va J. o'zaro oldindan til biriktirib, har bir AQSh dollarini «qora bozor» narxida 8150 so'mdan hisoblab, 27 ming AQSh dollarini noqonuniy daromad orttirish maqsadida 220 million so'mga sotayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Ularga endi sud tomonidan zaruriy chora ko'riladi.
Shu o'rinda davlat foydasiga musodara qilingan 5 milliondan ziyod AQSh dollari iqtisodiyotimizga halol yo'l bilan kiritilganda qanday samara berishini bir misol yordamida ko'rib chiqamiz. Shartli tarzda bankka to'qimachilik va tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxona tashkil etish uchun umumiy qiymati 4 million 723 ming 888 AQSh dollariga teng bo'lgan biznes-reja taqdim etilib, unga muvofiq 7 yilga xuddi shu miqdordagi valyuta mablag'lari kredit tarzida berilishi so'ralgan, deb tasavvur qilaylik.
Xo'sh, bu kredit taqdim etilsa, nima bo'ladi?
Birinchidan, olis bir viloyatda 150 ta qo'shimcha ish o'rni yaratiladi. Bu har bir oilada kam deganda 5 nafar kishi istiqomat qilishini inobatga olsak, 750 nafar kishining hayot farovonligi oshishiga imkon yaratadi. Qolaversa, bu kamida 300 kishi xorijga ishlash uchun emas, aksincha, malakali mutaxassis sifatida o'qish va ish o'rganish uchun boradi, deganidir.
Ikkinchidan, olis qishloqlarga sanoat indus­t­riyasi kirib keladi. Buning natijasida u yerdagi yo'l, elektr energiyasi va tabiiy gaz ta`minoti yaxshilanib, qo'shimcha infratuzilmalar yaratiladi.
Uchinchidan, O'zbekiston bozori sifatli to'qimachilik mahsulotlari bilan boyiydi, bir yilda 3 million 482 ming 672 AQSh dollariga teng bo'lgan to'qimachilik mahsulotlari va yotoq jild­larini xorijdan valyutaga sotib olmaymiz.
To'rtinchidan, mamlakatimiz eksport salohiyatining oshishiga hissa qo'shiladi. Oqibatda milliy iqtisodiyotga qo'shimcha valyuta tushumi ko'payadi, keyinroq yana shunaqa korxonalar ochilishiga zamin yaratiladi.
Beshinchidan, mahalliy byudjetga aynan shu loyiha bo'yicha jami 2 371 349 AQSh dollari miqdorida soliq va boshqa tushumlar amalga oshiriladi. Demakki, olis tumanlar va qishloqlarning byudjet imkoniyati oshadi, pensiya va boshqa to'lovlar kechiktirilishining oldi olinadi.
Ko'rinib turganidek, birgina valyuta sohasidagi qonunbuzarlik mamlakatimiz iqtisodiga qanchalik zarar keltirsa, puxta o'ylangan qonuniy sa`y-harakat shunchalik ko'p foyda keltirishi ma`lum bo'ladi. Binobarin, qonunga rioya qilish har birimizning fuqarolik burchimiz hisoblanadi.

A`zam ABULFAYZOV,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar