Bardavom hamkorlik istiqbollari

93

2018 yilning 6 iyunida O'zbekiston transport, yo'l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi hamda Belorussiya transport va kommunikasiya xodimlari kasaba uyushmasi o'rtasida hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yish maqsadida memorandum imzolandi. Xalqaro uchrashuv doirasidagi ochiq muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivoj­lantirishning dolzarb masalalari bo'yicha fikr va mulohazalar almashildi.

Tomonlar hamkorlik aloqalari zamirida tarmoq tizimida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy va intellektual salohiyatlarini himoya qilish hamda tarmoq xodimlari safini kengaytirish, kichik va o'rta biznes vakillarini kasaba uyushmalariga jalb etish yuzasidan O'zbekis­ton va Belorussiya o'rtasida o'zaro tajriba almashish borasida muzokaralar o'tkazishdi.
— Biz Belorussiya transport va kommunikasiya xodimlari kasaba uyushmasi rahbari Vladimir Ring bilan 2017 yildan buyon tanishmiz, — deydi tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Bahodir Yo'ldoshev. — Do'stona munosabatlarimiz o'sha paytdan beri davom etib kelmoqda. O'zbekiston va Belorussiya kasaba uyushmalarini faqat bitta narsa bog'lab turadi, u ham bo'lsa — xalqqa xizmat qilish. Memorandumning imzolanishi esa ikki turdosh kasaba uyushmalarining kelgusida hamjihatlikda davom ettiradigan ishlarini yuqori darajaga ko'taradi.

Ravshan Ya`QUBBOEV,
Respublika kengashi bosh mutaxassisi

Boshqa xabarlar