Bag'rikenglikning yorqin namunasi

155

Kuni kecha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev «Ozodlikdan mahrum etish jazosini o'tayotgan, qilmishiga chin ko'ngildan pushaymon bo'lgan va tuzalish yo'liga qat`iy o'tgan bir guruh shaxslarni afv etish to'g'risida»gi Farmonni imzoladi.

Ushbu hujjatga binoan, ilk marotaba muborak Ramazon hayiti munosabati bilan hamda mamlakatimiz Konstitusiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin ko'ngildan pushaymon bo'lgan va tuzalish yo'liga qat`iy o'tgan ozodlikdan mahrum etish jazosini o'tayotgan 226 nafar fuqaro afv etildi.
Prezident Farmoni bilan afv etilgan shaxslarning 102 nafari jazodan to'liq ozod qilindi, 71 nafari jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 39 nafariga tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtirildi, boshqacha qilib aytganda, 212 nafar shaxs jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etildi. Shuningdek, 14 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Bu nimani anglatadi?
Bu shuncha g'amdan boshi egik xonadonning chirog'i qayta yonishi, bilib-bilmay sodir etgan qilmishi ortidan jazoni o'tayotgan, bugungi kunda chin dildan pushaymon bo'lib, qat`iy tuzalish yo'liga o'tgan, davlat rahbari afv qilgan fuqaro oilasi bag'riga qaytib, shu yurt taraqqiyoti yo'lida kamarbasta bo'lishini anglatadi.
Prezidentimiz Shavkat ­Mirziyoevning mamlakatimiz Kons­titusiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi ma`ruzasida ayt­gan bir ta`sirli gapi hech esimdan chiqmaydi. Davlatimiz rahbari adashib jinoyat yo'liga kirgan yoki sodir etgan qilmishidan chin dildan pushaymon bo'lgan insonlarga yana bir bor imkon berish, ularni jamiyatga, oilasi bag'riga qaytarish muhim ijtimoiy masalalardan biri hisoblanishini, nega deganda, ular ham O'zbekiston fuqarolari, shu yurt farzandlari ekanini aytgan edi.

Ta`kidlash joizki, mamlakatimizda har yili amnistiya aktlari qabul qilinar edi. Amnistiyaning asosiy mazmuni shundan iboratki, u avval jinoyatlar toifasini belgilab beradi, keyin esa ana shu jinoyatlar toifasiga tushadigan shaxs­lar aniqlanadi. Albatta, amnistiya jinoyat sodir etgan odamlarni kechirish bo'yicha muhim mexanizmlardan biri. Biroq tahlillar oldindan chuqur o'rganmasdan turib javobgarlikdan ozod qilishni belgilash qilmishiga pushaymon bo'lmagan, yetkazilgan zararni to'liq qoplamagan shaxslarning ham amnistiya doirasiga kirib qolishiga sabab bo'layotgan edi. Bu masalada korrupsiya holatlari ham uchrab turgani bugun sir emas. Eng yomoni, ­amnistiyaga tushgan kimsalarda jazoni his etmaslik kayfiyati uyg'onishi sezilardi.
Ana shu holatlar inobatga olinib, maxsus komissiya tomonidan jazo o'tayotgan har bir shaxs bilan alohida suhbat o'tkazilib, u yashagan mahalla ahli, jabrlangan odamlarning fikrini o'rganish, sodir etilgan jinoyatning og'irlik darajasi, sud tayinlagan jazoning qanchalik adolatli ekani ham e`tiborga olinadigan bo'ldi. Chuqur tahlil va o'rganishlar natijasida chin ko'ngildan pushaymon bo'lgan, jinoyatni bilib-bilmay sodir etgan, tuzalish yo'liga qat`iy o'tgan mahkumlarning aniq doirasi belgilanib, aynan shunday shaxslar afv etilishi lozim, degan xulosaga kelindi.
Kechirimlilik, bag'rikenglik xalqimizning azaliy fazilatlaridan hisoblanadi. Xato qilganni kechirish, uni to'g'ri yo'lga boshlab, xayrli ishlar qilishiga rag'batlantirish tiynatimizda bor xislat. Bugun yurtimizda keng ko'lamda amalga oshirilayotgan insonparvarlik siyosatining mazmun-mohiyati ham aslida ana shu xususiyatimizga hamohang: odamlarning og'irini yengillatish, xalqni rozi qilish, el-yurtni shu aziz Vatan taraqqiyoti yo'lida jipslashtirishdan iboratdir.
Prezidentimizning mazkur Farmonida belgilangan xayrli ish yurtimizda amalga oshirilayotgan ana shunday insonparvarlik siyosati, xalqimizga xos bag'rikenglik, kechirimli bo'lish, olijanoblik va mehr-muruvvat ko'rsatish kabi ezgu fazilatlarning amaliy ifodasidir. Bu quvonchli voqeaning, ayniqsa, muborak Ramazon oyida yuz berganida ham katta ramziy ma`no bor, deb o'ylayman. Zero, odamlar orasidagi mehr-oqibat ham, xalqning buyukligi va bezavolligi ham, davlatning mustahkamligi-yu xalqparvarligi ham kechirimlilik, bag'rikenglik va oqillik kabi xislatlarda yaqqol namoyon bo'ladi.

Tolibjon MADUMAROV,
Oliy Majlis Senatining
Qonunchilik va sud-huquq masalalari
qo'mitasi raisi o'rinbosari

Boshqa xabarlar