Iqtisodiy-ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash, odamlarning muammolarini hal etish — islohotlarning asosiy maqsadidir

151

Avval xabar qilinganidek, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish va xalq bilan
muloqot qilish maqsadida 12-13 iyun kunlari Farg'ona viloyatida bo'ldi.

Davlatimiz rahbari tashrifining birinchi kuni ko'plab yangi loyihalar bilan tanishdi, tadbirkor va investorlar, ishchi-xizmatchilar, fermerlar, nuroniylar bilan uchrashdi. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo'mondoni Shavkat Mirziyoev Farg'ona viloyatiga tashrifining ikkinchi kuni Sharqiy harbiy okrugga qarashli harbiy qismda bo'ldi.
Bu yerda Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig'ilishida berilgan vazifalar ijrosining borishi bilan tanishdi, harbiy-havo desantchilari brigadasi mashg'ulotlarini kuzatdi, askar va ofiserlar bilan muloqot qildi.
Mamlakatimiz sarhadlari himoyachilarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, ularning munosib hayot kechirishini ta`minlash masalasi doimiy e`tiborda. Xususan, ushbu harbiy qismda ham Vatan himoyachilarining o'z xizmat burchini namunali o'tashi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Davlatimiz rahbari harbiy qismda tashkil etilgan Madaniy hordiq markazi, Ma`naviyat markazi, autsorsing tizimi joriy etilgan oshxonani ko'zdan kechirdi.
— Vatanni sevish — ulug' fazilat. Yoshlarimizni ana shunday fazilatli qilib tarbiyalashimiz kerak. Buning uchun siz kabi mag'rur, baquvvat yigitlar namuna bo'lishi zarur. Yoshlar bilan tez-tez uchrashib turish, ularni milliy iftixor, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga hissa qo'shish kerak, — dedi Prezident.
Uchrashuvda harbiylarning yashash sharoitini yaxshilash, ularni uy-joy bilan ta`minlash ishlarini yanada jadallashtirish lozimligi qayd etildi. Buning uchun joylarda tashkil etilgan harbiy-ma`muriy sektorlar faoliyatini takomillashtirish lozimligi ta`kidlandi.
Harbiy-havo desantchilari tayyorgarligini oshirib borish uchun aerodinamik trenajyorlar o'rnatish, «Vatanparvar» tashkilotlari huzurida parashyutchilar to'garak­lari ochish bo'yicha topshiriqlar berildi.
Shavkat Mirziyoev Farg'ona shahridagi Mustaqillik mavzesida barpo etilayotgan ko'p qavatli yangi uy-joylar bilan tanishdi.
Dastlab Farg'ona shahrining Bosh rejasi asosida amalga oshirilayotgan qurilish-obodonlashtirish ishlari haqida ma`lumot berildi.
Prezidentimizning 2016 yil 22 noyabrdagi 2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko'p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to'g'risidagi qaroriga muvofiq, o'tgan yili Mustaqillik mavzesida 7 qavatli 5 ta uy qurilib, ehtiyoj­mand oilalarga topshirilgan edi.
Bu uylar 2 va 3 xonali bo'lib, yigirma yillik imtiyozli ipoteka krediti asosida berilgan. Xonadonlarda barcha sharoit yaratilgan. Kvartiralar isitish qozoni bilan ta`minlangan. Binolarga zamonaviy liftlar o'rnatilgan.
Ayni paytda hududda joriy yilga rejalashtirilgan 10 ta uy, mehmonxona, 150 o'rinli bog'cha qurib bitkazilmoqda. 2019 va 2020 yillarda bu yerda yana 19 ta ko'p qavatli uy barpo etish ko'zda tutilgan.
Davlatimiz rahbari ko'p qavatli uylar uchun Turkiya, Janubiy Koreya kabi rivojlangan davlatlarda qo'llanilayotgan turar joy binolarini bloklardan barpo etish tajribasini o'zlashtirish zarurligini ta`kidladi.
— Bloklardan quriladigan uy tez bitadi, zilzilaga bardoshli, tannarxi arzon bo'ladi, — dedi Shavkat Mirziyoev. — Rivoj­langan davlatlarning barchasida ana shunday uylar qurilmoqda. Mamlakatimizga bloklardan uy qurish bo'yicha zamonaviy texnologiya olib kelinmoqda. Bu kelgusida uy-joy qurilishini ko'paytirish imkonini beradi.
Ijtimoiy soha xodimlari, o'qituvchilar va shifokorlarga mo'ljallangan ko'p qavatli uylar bunyod etishga kirishish, ular uchun bosh­lang'ich badal to'lovida imtiyozlar berish istiqboldagi rejalardan ekani qayd etildi.
Shu yerda viloyatdagi mavjud infratuzilma inshootlarini saqlash va ulardan samarali foydalanish, Farg'ona, Marg'ilon, Quvasoy va Qo'qon shaharlaridagi ko'p qavatli uylarning isitish tizimini qayta tiklash, viloyatda ichimlik suvi va kanalizasiya tarmoqlarini rivojlantirish ­loyihalari taqdimotlari o'tkazildi.
Prezidentimiz Farg'ona viloyatidagi ushbu yirik shaharlarni rivojlantirish, aholining muammolarini hal etish, iqtisodiy-ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash, yangi ish o'rinlari tashkil etish yuzasidan mazkur shaharlar hokimlariga zarur topshiriqlar berdi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoevning Farg'ona viloyatiga tashrifi nihoyasiga yetdi.

Ziyodulla JONIBEKOV,
Matnazar ELMURODOV,
O'zA maxsus muxbirlari

Boshqa xabarlar