XAVFSIZLIK KAMARINI TAQING u sizni davolaydi

104

O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan o'tkazib kelinayotgan «Yilning eng faol yosh mutaxassisi» tanlovi turli sohalarda mehnat qilayotgan iqtidor sohiblarini aniqlashga ko'maklashmoqda.

Farg'ona viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasida o'tkazilgan «Yilning eng faol yosh shifokori» nominasiyasi bo'yicha viloyat bosqichida tanlovning shahar va tuman bosqichida g'oliblikni qo'lga kiritgan 35 yoshgacha bo'lgan shifokorlar ishtirok etdi.
— Ushbu tanlov yoshlarning har tomonlama yetuk mutaxassis bo'lib kamol topishiga bo'lgan intilishini qo'llab-quvvatlash, tanlagan kasbiga nisbatan hurmat va faxr tuyg'usini shakllantirishga xizmat qiladi, — deydi Sog'liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining viloyat bo'yicha mas`ul tashkilotchisi Shohidaxon Karimova. — Guvohi bo'lganingizdek, qatnashchilar tibbiyot sohasidagi innovasion g'oya va ishlanmalarini namoyish etishdi. Shifokorlar orasida hatto ixtiroga patent olganlari ham borligi e`tiborga molik.
Natijalarga ko'ra, «Avtomobillardagi xavfsizlik kamari uchun maxsus fiziodavolovchi qurilma»ni hayotga tatbiq etayotgan Quva tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli ko'p tarmoqli markaziy poliklinika umumiy amaliyot shifokori Javohir Soliev hakamlar tomonidan bir ovozdan birinchi o'ringa munosib topilib, «Yosh mutaxassislar» V respublika forumida qatnashish imkoniga ega bo'ldi. Quvasoy shahar tibbiyot birlashmasi umumiy amaliyot shifokori Shohrux Ahmadaliev ikkinchi, viloyat bolalar ko'p tarmoqli tibbiyot markazi kardioxirurgi Javlonbek Mo'ydinov uchinchi o'rinni qo'lga kiritdi.
— G'oliblik meni yanada ulkan marralarni zabt etishga undaydi, — deydi Javohir Soliev. — Ma`lumki, avtomobil xavfsizlik kamari — harakatlanish chog'ida haydovchi va yo'lovchilar xavfsizligini ta`minlovchi muhim vosita. Men taklif qilayotgan maxsus fiziodavolovchi g'ilofning maqsadi fuqarolarimizni xavfsizlik kamariga oddiy bir buyum sifatida emas, balki turli xil kasalliklarning oldini oluvchi va davolovchi qurilma sifatida qarashga o'rgatish, shuningdek, haydovchilarning xavfsizlik kamaridan foydalanish foizini oshirish hamda avtohalokatlardan jabrlanish darajasini pasaytirishdir. Mazkur fiziodavolovchi qurilma oshqozon-ichak, o't-tosh kasalliklari va ortiqcha vazndan xoli bo'lishga yordam beradi. U res­publikamizda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning xavfsizlik kamari uchun moslashtirilgan.
G'olib va ishtirokchilarga tashkilotchilarning esdalik sovg'alari topshirildi.

Jamshid ERGAShEV,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar