Ezgulik yo'li «Vaqf» xayriya jamoat fondi ish boshladi

65

Prezidentimizning joriy yil 16 apreldagi «Diniy-ma`rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi farmoni bilan «Vaqf» xayriya jamoat fondi tashkil etildi.

Mazkur fondni tuzishdan ko'zlangan asosiy maqsad xayr-ehsonlarni to'g'ri yo'naltirish va nazorat o'rnatishdan iborat. Fondga kelib tushgan mablag'lar masjidlar va diniy ta`lim muassasalarining binolarini qurish, ta`mirlash, diniy ta`lim muassasalari tadqiqotchilari, mutaxassislari va o'quvchi talabalarini moddiy va ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, aholining ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, imkoniyati cheklangan fuqarolarga moddiy va ma`naviy ko'mak berish kabi bir qator xayrli ishlar uchun sarflanadi.
E`tiborli jihati shundaki, fondga xayriya mablag'larini elekt­ron to'lov tizimi orqali ham o'tkazish mumkin. Bundan tashqari, vaqf, zakot, ushr, fitr va boshqa xayriya mab­lag'larini plastik kartalar orqali o'tkazish imkoni ham bor. Toshkent shahridagi 12 ta masjid va «Zangiota» ziyorat majmuasiga infokioskalar o'rnatildi. Kelgusida ular boshqa masjidlarda ham o'rnatiladi.
Shu o'rinda vaqf, zakot, ushr, fit­r­­­­­ning ma`nosi va ularning bir-biridan farqi nima, degan savol tug'ilishi tabiiy. Ularning mazmun-mohiyatiga qisqacha to'xtaladigan bo'lsak, biror mulk­­ni Allohning mulki hisobida saqlash «vaqf» deb ataladi. Vaqf qilingan mulk uning egasi mulkidan ajratiladi va uni vaqf etishda tayinlangan jihatga sarf qilinadi va savobi abadiy bo'ladi. Bunday mulk sotilmaydi, hadya qilinmaydi, meros bo'lmaydi.
Endi zakotga to'xtaladigan bo'lsak, u davlati ziyoda kishilarga taalluqlidir. Aniqroq aytadigan bo'lsak, 16 000 000 so'm yoki undan ko'p mablag'i bor insonlar uning qirqdan birini zakot uchun berishi farz hisoblanadi.
Fitr sadaqasi zakotdan keng qamrovliligi bilan farq qiladi. Abdulloh ibn Umar (rozi­ya­l­­­lohu anhumo)ning rivoyat qilishicha, «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam fitr zakotini musulmonlardan har bittasiga — xoh ozod, xoh qul, xoh erkak, xoh ayol bo'lsin xurmodan bir so` — 2,917 kg. yoki arpadan bir so` tarzida (bermoqni) farz qildilar».
Ushr sadaqasi esa dehqonchilikdan keladigan daromadning o'ndan biri hisobidan xayr-ehson qilish demakdir. Mazkur sadaqalarning miqdori har yili diniy idora tomonidan belgilanadi.
«Vaqf» fondi faqat vaqf mulkidan iborat emas. Uning mab­lag'lari 3 qismga bo'linadi: 1. Xayriya bo'limi. 2. Vaqf bo'limi. 3. Zakot, ushr, fitr va fidya bo'limi. Hozirgi kunda uchta bo'limning ham alohida-alohida hisob raqami mavjud. Har kim o'zi xohlagan bo'limning hisob raqamiga mablag' o'tkazsa, o'tkazilgan mab­lag' shariatda aytilgan o'rinlarga sarf qilinishiga shak-shubha yo'q. Kimdadir fond faoliyatiga nisbatan shubha uyg'onadigan bo'lsa, ehson berishda ikkilanishga hojat yo'q. Chunki xolis niyat bilan ehson bergan kishi o'z niyatiga yarasha savobga ega bo'laveradi, o'ziga tegishli bo'lmagan mablag'ni birov o'zlashtirgan taqdirda ham sadaqa beruvchining savobi kamayib qolmaydi. Ehsonni suiiste`mol qilganlar esa qiyomat kuni o'z qilmishlariga yarasha jazolanadi. Qolaversa, «Vaqf» fondining har bir xayriya tadbiri jamoat­chilik nazorati ostida amalga oshiriladi. Vaqti-soati yetganda vaqf mulki va mablag'lari o'z egalarini topaveradi.

Shahzoda HAKIMOVA
tayyorladi.

 

«Vaqf» xayriya jamoat  fondiga pul o'tkazish usullari:

Manzili: 100002, Toshkent shahri, Olmazor tumani, Qorasaroy ko'chasi, 47-uy. STIR: 207276595. Bank rekvizitlari: H.r. 20212000800881753001.
Bank hisob raqamlari:
ATIB «Ipoteka-bank» Yunusobod filiali;
MFO: 00837; STIR: 207276595;
H.r. 20212000000881753002 — «Xayriya»
H.r. 20212000100881753003 — «Zakot, fitr, ushr, fidya»;
H.r. 20212000300881753004 — «Vaqf».
Clik:8801100#ussd yoki «Clik Uzbekistan» ilovasi va @clicuz telegram boti, «Payme» va «Mbank» ilovasi orqali.
Pul va tilla buyumlar zakoti:
1. 2018 yil uchun 16000000 so'mdan 400000 so'm.
2. 85 gramm yoki undan ko'p tillosi bor kishi qirqdan birini yoki uning qirqdan bir qiymatini bersa ham bo'ladi;
Chorva hayvonlarining zakoti:
1. 1 tadan 39 tagacha zakot yo'q;
2. 30 tadan 39 tagacha — bir yoshli erkak yoki urg'ochi buzoq;
3. 40 tadan 59 tagacha — ikki yoshli urg'ochi buzoq;
4. 60 tadan 69 tagacha — 2 ta erkak yoki urg'ochi 1 yoshli buzoq;
5. 70 tadan 79 tagacha — 1 ta 2 yoshli urg'ochi va 1 ta 1 yoshli erkak buzoq;
6. 80 tadan 89 tagacha — ikkita 2 yoshli urg'ochi buzoq;
7. 90 tadan 99 tagacha — uchta 1 yoshli buzoq;
8. 100 tadan — ikkita 1 yoshli, bitta 2 yoshli, bitta buzoq va hokazo.
Qo'yning zakoti:
1. 1 tadan 39 tagacha zakot yo'q;
2. 40 tadan 119 tagacha — bitta qo'y;
3. 120 tadan 200 gacha — ikkita qo'y;
4. 201 tadan 399 tagacha — uchta qo'y;
5. 400 tadan 499 tagacha — to'rtta qo'y;
6. 500 tadan 599 tagacha — beshta qo'y va hokazo.

Eslatma: Mazkur hayvonlardan zakot berishda
ularning olti oydan ko'proq vaqt mobaynida
yaylovda o'tlab yurgan bo'lishi shartligi
hisobga olinishi zarur.

Boshqa xabarlar