HALOL TURIZM: istiqbol va imkoniyat

69

Mamlakatimizda turizm sohasi jadal sur`atlarda rivojlanib bormoqda. Bu boradagi dastlabki vazifa, avvalo, chet ellik sayohatchilarni yurtimizga jalb qilish bo'lsa, navbatdagisi ichki turizmni rivojlantirishdan iborat. Ta`kidlash o'rinliki, biror joyga sayyoh o'z-o'zidan kelmasligi tayin. «Holva degani bilan og'iz chuchimaydi», deganlaridek, turizm sohasi hali ko'plab masalalarni kompleks ravishda hal etishni taqozo qiladi. Shu o'rinda uning birgina yo'nalishi bo'lgan halol turizm haqida so'z yuritishni lozim topdik. Zero, u kamchiqimligi va ozodaligi bilan ko'pchilikning e`tiborini qozongan.

Mazkur yo'nalish dunyo miqyosida tobora ommaviylik kasb etmoqda. O'zbekistonda «halol» standarti joriy etilishi, o'z navbatida, turizm sohasida ham yangi yo'nalish bo'lgan halol turizm tushunchasining shakl­lanishini talab qiladi. Xo'sh, ushbu tushunchaning mohiyati nimadan iborat? Turizmning bu yo'nalishi iqtisodiyotimizga qanchalik foyda keltiradi?

Halol turizm nima va u qanday yo'nalish?

Statistika ma`lumotlarining tasdiqlashicha, ayni paytda yer yuzida 1,6 milliard nafar inson islom diniga e`tiqod qiladi. Shundan qariyb 150 million nafar kishi har yili sayohatga chiqadi. O'zbekiston ana shu sayyohlarning e`tiborini tortishi shubhasiz. Chunki yurtimizda ulkan tarixiy-madaniy meros — 7300 tadan ortiq qadimiy-me`moriy va arxeologik obidalar mavjud. 200 tadan ziyod tarixiy yodgorlik va obidalar esa YuNESKOning madaniy merosi ro'yxatiga kiritilgan.
Bundan tashqari, yurtimiz islom dinining taraqqiy topishida ikkinchi markaz sanaladi. Al-Buxoriy, at-Termiziy, Bahovuddin Naqshband, Xoja Ahmad Yassaviy singari buyuk avliyo va mutafakkir allomalarga beshik bo'lgan diyor musulmon olamida alohida nufuzga ega. Bu yurtimizga musulmon sayyohlarning kelishiga katta ta`sir ko'rsatadi. Binobarin, mamlakatimizda halol turizm, ya`ni ziyorat turizmi istiqboli juda keng. Shunday ekan, mazkur yo'nalishga e`tibor qaratish zamon talabi.
«Halol turizm» tushunchasi oilaviy hordiq chiqarish, hamyonbop turar joylarda tunab, sifatli va pokiza ovqatlanish shoxobchalarida tanovvul qiluvchi kishilar uchun yaratilgan xizmat turiga nisbatan qo'llaniladi. Umuman olganda, halol turizm islom dini qoidalari asosida musulmonlarning madaniy va ma`naviy dam olishiga mo'ljallangan turizm­ning o'ziga xos ko'rinishi hisob­lanadi.
Ma`lumotlarga ko'ra, bu tushuncha paydo bo'lgan kezlarda faqat spirtsiz ichimliklarga nisbatan qo'llanilgan. Keyinchalik sayyoh ehtiyojini «halol» belgisi ostidagi standartlarga mos oziq-ovqatlar bilan ta`minlash, erkak va ayollarga alohida tartibda xizmat turlarini ko'rsatish ham kiritilgan. Shuningdek, turizmga ushbu yo'nalishni kiritgan davlat keluvchilarga namoz vaqtini aytadi va uni o'qishga mo'ljallangan maxsus xonalar tayyorlashi va masjidlar qurishi lozim. Halol turizmda islom tarixi bilan bog'liq muqaddas qadamjolarga maxsus ekskursiya dasturlari uyushtiriladi. Oqshom chog'ida din qoidalaridan chetga chiqmagan holda turli tadbirlar o'tkaziladi.

Qalovini topgan Gruziya

Yaqinda e`lon qilingan «Global Muslim Travel Index-2018» reytingida turizm salohiyati bo'yicha so'rovnomada ishtirok etgan 130 mamlakat ro'yxati keltirilgan. Unda Gruziya 61-o'rinni egallagan. Qizig'i, Gruziya bu mavqega aynan halol turizm yo'nalishini rivojlantirish orqali erishdi. Tahlillar shuni ko'rsatadiki, agar mamlakat shu yo'nalishda o'sishni davom ettirsa, 2020 yilga borib Gruziya sayyohlarni o'ziga jalb etuvchi eng yuqori 10 ta davlat qatoridan joy olishi mumkin. Buni mamlakatga birgina Erondan kelayotgan sayyohlar soni ham yaqqol tasdiqlaydi. Chunki bu yurtga o'tgan yili 55,6 ming eronlik kelgan bo'lsa, bu yilning besh oyida ularning soni 91 ming nafarga teng bo'ldi. Demak, sayyohlarni bu yerdagi shart-sharoit o'ziga maftun etmoqda. Xullas, o'rganishga loyiq ­tajriba.

Ilk halol turizm mehmonxonasi

2013 yil dunyoga mashhur «The Economist» iqtisodiy jurnalida «Halol» belgili savdo haqidagi maqola chop etilgan. Unda yozilishicha, halol sanoatini rivojlantirish nafaqat ishlab chiqariladigan mahsulot tarkibi bilan, balki halol xizmatlarni mijozlarga ko'rsatish bilan chambarchas bog'liq. Turkiyadagi sayyohlik kompaniyalari «Wome Deluxe» deb nomlangan ilk oilaviy halol mehmonxonalarni taklif etgan. Ushbu mehmonxonalar sayyohlar uchun halol oziq-ovqat, tarkibida spirt bo'lmagan ichimlik mahsulotlari bilan birga ayol va erkaklarga mo'ljallangan alohida basseyn hamda plyajlari bilan boshqalaridan ajralib turadi. Bundan tashqari, quyosh nurida toblanmoqchi bo'lganlarga atrofi o'ralgan villa va dala hovlilarni ijaraga olish taklif etiladi. Bunday qulaylik esa bosh­­qa dinga e`tiqod qiluvchilarga birdek yoqishi tabiiy.

Halol turizm o'zbek turizm sektorida

Mamlakatimizda turizm sohasini jadal rivojlantirish bo'yicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani sayyohlar sonining ortishiga xizmat qilmoqda. Lekin bu yetarli emas. Kelgusida hali ko'p ishlar bajarilishi lozim. Shu yilning 3 fevralida imzolangan «O'zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo'yicha qo'shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to'g'risida»gi farmonda bunday vazifalar aniq belgilab berilgan. Unda ziyorat turizmi — halol turizm­ni bugungi zamon talablaridan kelib chiqqan holda keng yo'lga qo'yish haqida ham aytib o'tilgan.
O'tgan yil «halol turizm» nominasiya­­si bo'yicha «Crescent Rating» tashkiloti tomonidan tuzilgan reytingda O'zbekis­ton 28-pog'onani egallagan. Birinchi o'ntalikdan esa Malayziya, Indoneziya, Marokash va Turkiya mamlakatlari o'rin olgan.
Turkiya va Yaqin Sharq davlatlari tarixi, til va madaniyati jihatidan mamlakatimizga juda yaqin. Shu bois bugungi kunda diyorimizning Samarqand, Toshkent, Buxoro, Xiva shaharlariga Turkiya, Malayziya, Indoneziya singari davlatlardan ko'plab sayohatchilar kelmoqda.
— Halol turizm yo'nalishini hayotga tatbiq qilishda Malayziya va Turkiya taj­ribasini o'rganib, andoza sifatida iqtisodning turizm sohasiga joriy etmoqdamiz. Chunki aynan shu mamlakatlardan kelayotgan sayyohlar oqimi ko'payib borayotir. Bu esa, o'z navbatida, bugungi bozorda ular joriy qilgan standartlarni qo'llash lozimligini ko'rsatmoqda, — deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi huzuridagi «Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish markazi» DUK bo'lim boshlig'i Bobur Yo'ldoshev. — Birinchi o'rinda, e`tiborimizni oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, tashish, saqlash, qadoqlashga taalluqli standartga qaratdik. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita va «O'zstandart» agentligi bilan hamkorlikda qo'mitamiz ham halol xizmatlarni yo'lga qo'ymoqda. Axir, ziyorat turizmiga kelayotgan har bir sayohatchi «halol» belgisi ostida tayyorlangan standartlarga mos keladigan mahsulot va xizmatlardan foydalanishi zarur.
Shu o'rinda aytib o'tish joizki, mutasaddi tashkilotlar Malayziya va Turkiya davlatlari tajribasi asosida halol turizm qoidalarini ishlab chiqmoqda. Masalan, ayni chog'da «O'zstandart» agentligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi huzuridagi «Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish markazi» birgalikda «Islomiy iste`mol tovarlari: kosmetika va shaxsiy parvarishlash umumiy qoidalari», «Islomiy iste`mol tovarlari: hayvon suyagi, terisi va sochini ishlatishning umumiy qoidalari», «Halol logis­tika» masalalari bo'yi­­cha standartlar tahlil qilinmoqda. Tez orada ular amaliyotga joriy etiladi.
— Amalga oshirilayotgan jarayonning e`tiborli jihati shundaki, avval mahsulotga patent, ya`ni lisenziya olinmasdan turib halol xizmatlar bo'yicha tuzilgan yo'riqnoma tan olinmaydi. Bunga sabab shuki, bu tizim bir-birini taqozo etuvchi o'ziga xos zanjirsimon jarayondir. Misol uchun aytsak, biror-bir ovqatlanish shoxobchasiga bu tizimni joriy qilish uchun, avvalo, u yerga «halol» belgisi ostida tayyor­langan mahsulot yetkazib berishni yo'lga qo'yish lozim, — deydi B. Yo'ldoshev.
Sayyohlarni jalb etish vositalaridan biri, shubhasiz, mehmonxonalardir. Chunki keluvchilar nafaqat sayr va hordiq chiqarishni, balki barcha qulayliklarga ega shinam turar joylarda turishni ham istaydi. Turkiya, Indoneziya singari davlatlarda halol turizm infrastrukturasi yaxshi rivojlangan. Bu mamlakatlarda alohida mehmonxonalar faoliyat yuritadi. Yurtimizda ham musulmonlarga namoz o'qiladigan maxsus xonalar ajratilib, ular elektron qibla ko'rsatkichlari, Qur`on va turli diniy kitoblar bilan ta`minlanmoqda. Ayni paytda 40 tadan ziyod mehmonxonalar halol turizm talablari asosida ishlash bo'yicha kerakli chora-tadbirlarni ko'rmoqda.
Bu esa mamlakatimizda halol turizm sohasini rivojlantirish istiqboli keng ekanidan dalolat beradi. Bunday imkoniyatlarning yaratilishi yurtimizga kelayotgan sayyohlar soni ko'payishiga hissa qo'shishi shubhasiz.

Mahliyo UMIRZOQOVA

Boshqa xabarlar