O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi to'g'risida AXBOROT

167

2018 yil 22 iyun kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo'lib o'tdi.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi N.Yo'ldoshev olib bordi.
Kengash O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o'n beshinchi yalpi majlisini joriy yilning 28 iyun kuni Toshkent shahrida chaqirish to'g'risida qaror qabul qildi.
Senatning yalpi majlisi kun tartibiga O'zbekiston Respublikasining bir qator qonunlari hamda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini tubdan oshirishga, 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovasion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturini izchil ijro etishga, xalqaro hamkorlikni mus­tahkamlashga qaratilgan masalalar kiritilmoqda. «O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to'g'risida»gi (yangi tahrir), «Mediasiya to'g'risida»gi, «Ekstremizmga qarshi kurashish to'g'risida»gi, «O'simliklar karantini to'g'risida»gi (yangi tahrir), «O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, yalpi majlisda senatorlar xalqaro shartnomalarni ratifikasiya qilish to'g'risidagi O'zbekiston Respublikasining bir qator qonunlarini ham ko'rib chiqadilar, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2017 yildagi faoliyati, O'zbekiston Respublikasi prokuratura organlarining 2017 yildagi faoliyati to'g'risidagi hisobotlarni, O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining faoliyati, ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish sohasidagi faoliyati haqidagi axborotni eshitadilar. Yalpi majlisda Andijon viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti ham eshitiladi.
Senat a`zolari safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi hamda yoshlarning chaqiruvga qadar boshlang'ich tayyorgarligi holati yuzasidan O'zbekiston Respub­likasi Bosh vaziriga parlament so'rovlari yuborish bilan bog'liq masalalarni muhokama qiladilar.
Yalpi majlisda O'zbekiston ­Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga taalluqli bosh­­qa masalalar ham ko'rib chiqiladi.
Oliy Majlis Senati qo'mitalari va devonining o'n beshinchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazishga doir ishlarini muvofiqlashtirish uchun Kengash tomonidan ishchi guruh tuzildi.
Senat Kengashi o'z vakolatiga doir boshqa masalalarni ham ko'rib chiqdi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati

Boshqa xabarlar