Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta`minlash bo'yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash

214
Birlashgan Millatlar Tashkiloti                                                                          18 iyun 2018 yil
Bosh Assambleyasi
 
Etmish ikkinchi sessiya 

Kun tartibining 65-bandi
Tinchlikni barpo etish va tinchlikni asrash

                 Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O'zbekiston: rezolyusiya loyihasi
Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta`minlash bo'yicha 
 mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash 

Bosh Assambleya,

Birlashgan Millatlar Tashkilotining maqsad va prinsiplarini ilgari surish bo'yicha mintaqaviy hamkorlikni yo'lga qo'yishga doir choralar qabul qilinishi rag'batlantiriladigan Nizomi qoidalariga amal qilib,

Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqada tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta`minlash, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rag'batlantirish borasidagi muhim rolini tan olgan holda,

Markaziy Osiy mamlakatlari duch kelayotgan zamonaviy tahdid va xavflarni e`tiborga olib,

Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlik va rivojlanish sohalaridagi yirik mintaqaviy va xalqaro tashabbuslarini, shu jumladan:

a) Yadro qurolidan va boshqa ommaviy qirg'in qurollaridan holi bo'lgan tinchlikka erishishga yo'naltirilgan samarali chora sifatida Markaziy Osiyoda yadro qurolidan holi zonaning tashkil qilinishi,

b) Bosh Assambleya tomonidan yadro qurolidan holi dunyoni barpo etish maqsadiga erishishning asosiy vositalaridan biri sifatida 29 avgust – Xalqaro yadroviy sinovlarga qarshi harakatlar kuni, deb e`lon qilinishi,

v) Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyoda Global aksilterror strategiyasini va Ashxabod deklarasiyasini amalga oshirish bo'yicha birinchi mintaqaviy qo'shma harakatlar rejasining qabul qilinishi,

g) yadroviy sinovlar va radioaktiv chiqindilar qoldiqlaridan kelib chiqadigan tavakkalchiliklarni – «uran qoldiqlari omborxonalari»ni bartaraf etish,

d) 2018-2028 yillar davrini «Suv barqaror taraqqiyot uchun» xalqaro o'n yilligi deb e`lon qilish,

e) energiya tashuvchilar va energetik resurslarning ishonchli va barqaror tranzitini, jumladan, mavjud mintaqaviy energetika loyihalarini samarali amalga oshirgan holda ta`minlash,

j) transport va tranzit koridorlarini qo'llab-quvvatlashning barqaror, rentabelli infratuzilmasini rivojlantirish, jumladan, yangi avtomobil va temir yo'llar, shuningdek, avia yo'nalishlar ochish orqali transport va tranzit masalalari bo'yicha Markaziy Osiyoni qamrab oluvchi bitimlarni amalga oshirish barobarida transportning barcha turlari bo'yicha aloqalarni mustahkamlash,

z) ekotizimlar, bioxilma-xillik hamda flora va faunaning eng muhim turlari himoyasi ta`minlanishini qayd etgan,

Markaziy Osiyo mamlakatlarining 2030 yilgacha bo'lgan davrga mo'ljallangan barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibini amalga oshirishga yo'naltirilgan xatti-harakatlarini va unda ko'zda tutilgan milliy darajada barqaror rivojlanish sohasidagi maqsadlarni ma`qullagan;

2017 yil 10-11 noyabr kunlari O'zbekistonning Samarqand shahrida bo'lib o'tgan hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash tarafdori ekanini tasdiqlagan «Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo'lidagi hamkorlik» mavzuidagi xalqaro konferensiya natijalariga tayangan holda,

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahatlashuv uchrashuvlarini muntazam o'tkazish bo'yicha tashabbusi mintaqada qo'llab-quvvatlanganini mamnuniyat bilan ta`kidlagan,

Preventiv diplomatiyaning muhim rolini tan olib, va shu nuqtai nazardan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markazi rolini ta`kidlagan holda,

Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining, unga Afg'oniston ham qo'shilgan, Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun Maxsus dasturi doirasida amalga oshirilayotgan xatti-harakatlarni tan olgan,

Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga yo'naltirilgan Afg'oniston boshchiligidagi Afg'oniston bo'yicha Mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasining va boshqa shu kabi muhim mintaqaviy tashabbuslarning ahamiyatini ta`kidlagan, 2017 yil 14-15 noyabr kunlari Ashxabodda bo'lib o'tgan iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga yo'naltirilgan Afg'oniston bo'yicha yettinchi Mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasining yakuniy hujjatlarini ma`qullagan hamda Markaziy Osiyo davlatlarining xatti-harakati va ularning Afg'onistonni rivojlantirishga qo'shgan hissasini rag'batlantirgan,

Kengash tarkibidagi birinchi Markaziy Osiyo davlati sifatida Qozog'iston raisligi davrida 2018 yilning 19 yanvarida bo'lib o'tgan vazirlar darajasidagi Xavfsizlik Kengashining «Xavfsizlik va rivojlanish masalalarini birlashtiruvchi yo'nalishdagi ishlarning modeli sifatida Afg'oniston va Markaziy Osiyoda mintaqaviy sheriklikni shakllantirish» mavzuidagi muzokaralari yakunlarini ta`kidlagan,

Markaziy Osiyo davlatlarining terrorchilik uchun ozuqa muhitini yaratadigan barcha holatlarda tajovuzkor ekstremizmga qarshi samarali kurashishning muhim sharti sifatida ma`rifatga faol ko'maklashish borasidagi xatti-harakatlarini tan olgan,

2018 yil 3-4 may kunlari Dushanbeda bo'lib o'tgan «Terrorchilik va ekstremizmga qarshi kurashish» mavzuidagi yuqori darajadagi xalqaro konferensiya yakunlarini e`tiborga olgan,

Madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishga ko'maklashuvchi Jahon ko'chmanchilar o'yinlarining muntazam o'tkazilishini qo'llab-quvvatlagan holda,

1. Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, izchil taraqqiyotni ta`minlashga qo'shgan hissasi va shu yo'ldagi xatti-harakatlarini mamnuniyat bilan ta`kidlaydi;

2. Bugungi kunda Markaziy Osiyoda barqarorlik va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga yo'naltirilgan mintaqaviy xatti-harakatlar va tashabbuslarni qo'llab-quvvatlashini ma`lum qiladi;

3. Mintaqada barqarorlik va izchil rivojlanish yo'lidagi tahdidlar Markaziy Osiyo davlatlari, shuningdek, ular bilan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar o'rtasidagi yanada yaqin va muvofiqlashtirilgan hamkorlikni taqozo etadi va ayni paytda ushbu xavflarni mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar ishtirokida bartaraf etishda mintaqaviy hamkorlikning muhimligini ta`kidlaydi;

4. Mintaqa davlatlarini mintaqada va uning hududidan tashqarida tinchlik-osoyishtalikni ta`minlash va barqaror taraqqiyot yo'lidagi hamkorlikni rag'batlantirish maqsadida davlat rahbarlarining muntazam maslahatlashuvlari platformasidan va boshqa anjumanlardan samarali foydalanishga da`vat qiladi;

5. Markaziy Osiyo mamlakatlarining «Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo'lidagi hamkorlik» mavzuidagi xalqaro konferensiyaning yakuniy kommyunikesida bayon qilingan tashabbuslarni amalga oshirish yo'lidagi faol hamkorligini qo'llab-quvvatlaydi;

6. 2018 yil 15 mart kuni Ostona shahrida bo'lib o'tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi sammitini qutlaydi;

7. Turkmaniston tomonidan 2018 yilda Xalqaro Orolni qutqarish jamg'armasi ishtirokchi davlatlari sammiti o'tkazilishini ma`qullaydi;

8. Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan Afg'onistondagi tinchlik jarayoni va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga ko'maklashish maqsadida amalga oshirilayotgan xatti-harakatlarni va ushbu davlatlarning mintaqaviy va iqtisodiy jarayonlardagi ishtirokini qo'llab-quvvatlaydi hamda Kobul jarayonining Afg'oniston bo'yicha tinchlik tashabbusini amalga oshirishning asosiy forumi va vositasi sifatidagi muhim ahamiyatini, shuningdek, xalqaro hamjamiyatning Afg'oniston rahbarligi ostida tinchlik va kelishuvga erishish jarayonini qo'llab-quvvatlash bo'yicha joriy xatti-harakatlari doirasida boshqa mintaqaviy va xalqaro konferensiyalar, jumladan, Afg'oniston bo'yicha «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuidagi Toshkent konferensiyasining ahamiyatini ta`kidlaydi;

9. Mintaqaning barcha davlatlari manfaatlarini hisobga olgan holda, Markaziy Osiyodagi suv-energetika resurslaridan oqilona va kompleks foydalanish sohasidagi ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishning ahamiyatini qayd etadi va ushbu maqsadda qisqa vaqtda o'zaro foydali va uzoq muddatli barqaror mexanizmlarni ishlab chiqish uchun muntazam maslahatlashuvlar o'tkazilishiga da`vat qiladi;

10. A`zo davlatlarni Markaziy Osiyo mamlakatlarining Orol dengizi qurishining ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini yumshatishga yo'naltirilgan xatti-harakatlarini qo'llab-quvvatlashga da`vat qiladi;

11. Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasida ma`rifat, fan, texnologiyalar, innovasiyalar, turizm, madaniyat, san`at va sport sohasidagi aloqalarni chuqurlashtirish asosida va favqulodda vaziyatlarda o'zaro yordam ko'rsatish maqsadida yaqin qo'shnichilik va do'stona munosabatlarning yanada mustahkamlanishini qo'llab-quvvatlaydi;

12. Markaziy Osiyoning bepoyon hududida zamonaviy transport tizimini yaratishning muhimligi va barqaror rivojlanish hamda odamlar, tovar va xizmatlar erkin harakatlanishining eng zarur shartlaridan biri sifatida mintaqaning tranzit salohiyatidan keng foydalanish ahamiyatini qayd etadi;

13. Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimidagi ixtisoslashgan muassasalar, fondlar va dasturlarni mintaqa davlatlari tomonidan belgilanadigan Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlik, integrasiya va barqaror rivojlanishning ustuvor yo'nalishlarini qo'llab-quvvatlash maqsadida o'z dastur va tadbirlarini muvofiqlashtirishga da`vat qiladi;

14. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markaziga tegishli mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda preventiv diplomatiyani rag'batlantirish bo'yicha o'z mandati doirasida mintaqada tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta`minlashga ko'maklashish borasidagi xatti-harakatlarini davom ettirishni tavsiya qiladi;

15. Markaziy Osiyo davlatlari hamkorlari va umuman xalqaro hamjamiyatning mintaqaviy xavfsizlik va barqaror rivojlanish sohalaridagi hamkorligini mustahkamlash va kengaytirish yo'lidagi xatti-harakatlarini ma`qullaydi.

Boshqa xabarlar