Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga

47

Qadrli do'stlar!

Avvalambor, siz, azizlarni, soha rivojiga munosib hissa qo'shgan muhtaram faxriylarimizni 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etish, barchangizga chuqur hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni bildirish menga katta mamnuniyat bag'ishlaydi.

Jamiyatimizda demokratik qadriyatlarni qaror toptirish, fuqarolarimizning axborot sohasidagi konstitusiyaviy huquqlarini ta`minlash, dunyoda va mamlakatimizda sodir bo'layotgan ijtimoiy-siyo­siy jarayonlar, voqea-hodisalar haqida tezkor va haqqoniy ma`lumotlar yetkazish borasida siz, matbuot ahlining fidokorona mehnat qilayotganingizni xalqimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.

Sizlar kabi ming-minglab olijanob kasb egalarining sa`y-harakatlari, iste`dod va mahorati bilan mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xalqimiz hayotiga, uning quvonch va tashvishlariga tobora yaqin bo'lib, O'zbekistonning yangi, demokratik qiyofasini shakllantirishda g'oyat muhim rol o'ynamoqda.

Mustaqillik yillarida mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarining soni qariyb 4 barobar ko'payib, 1500 taga yetgani ushbu tarmoqda o'sish, o'zgarish jarayonlari izchil davom etayotganidan dalolat beradi.

Eng muhimi, soha rivojida ana shunday miqdor o'zgarishlari bilan birga sifat o'zgarishlari ham yuz bermoqda. Buning tasdig'ini milliy media maydonimizda fuqarolik jamiyatining muhim sharti bo'lgan nodavlat ommaviy axborot vositalari tarmog'i kengayib, samarali faoliyat ko'rsatayotgani, internet jurnalistikasi jadal rivojlanib borayotgani misolida yaqqol ko'rish mumkin.

Keyingi paytda ommaviy axborot vositalari xodimlarining demokratik jarayonlar, fuqarolik jamiyatini barpo etishdagi o'rni va nufuzini, mahalliy gazetalar, tele-radiokanallarning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mus­tahkamlash, eng asosiysi, matbuotda fikrlar, qarashlar xilma-xilligini ta`minlash bo'yicha jiddiy ishlar amalga oshirilgani sizlarga yaxshi ma`lum, albatta.

Gazetalarimiz, tele-radiokanallarimizda oshkoralik, tahlil va xolis tanqid ruhi kuchaygani, bevosita xorijiy mamlakatlardan tayyorlanayotgan materiallar soni ortib borayotganini biz har tomonlama qo'llab-quvvatlaymiz.

Bugun biz dunyodagi uzoq-yaqin davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlab, yurtimizdagi demok­ratik o'zgarishlarni yanada chuqurlashtirishga intilar ekanmiz, boshqa sohalar qatori ommaviy axborot vositalari faoliyati bo'yicha ham hali ko'p ish qilishimiz kerakligini yaxshi tushunamiz. ­Ommaviy axborot vositalari so'zda emas, amalda «to'rtinchi hokimiyat» darajasiga ko'tarilishi zarur. Bu – zamon talabi, islohotlarimiz talabi.

Birinchi navbatda media tarmoqlari faoliyati samarasini oshirish, ularni xalq bilan muloqotning ishonchli vositasiga aylantirish, zamonaviy axborot xizmatlari bozorini, sog'lom raqobat muhitini shakllantirish singari dolzarb masalalar doimiy e`tiborimiz markazida bo'lishi kerak.

Shu maqsadda parlamentimiz tomonidan amaldagi qonun hujjatlariga axborot sohasini yanada demokratlashtirish va rivojlantirishga qaratilgan o'zgartish va qo'shimchalar kiritish bo'yicha faol ish olib borilayotgani, ayniqsa, e`tiborlidir.

Bu borada O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish, uning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, qalam haqi miqdorini oshirish, ijodiy jamoalar bilan yirik kompaniyalar va xo'jalik birlashmalari, banklar o'rtasida «do'stlar klublari»ni tashkil etishga qaratilgan amaliy ishlarimizni ta`kidlash lozim.

Ommaviy axborot vositalari uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida yaqinda katta umidlar bilan O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universitetini tashkil etganimizdan xabaringiz bor.

Ushbu oliy ta`lim maskani sohada erishilgan yutuqlarni har tomonlama o'rganish, jurnalistika fani, uning ilmiy-nazariy asoslarini, zamonaviy mediatexnologiyalarni chuqur o'zlashtirish, xalqaro standartlar darajasidagi yuqori malakali kadrlar tayyorlash imkonini beradi.

Hech shubhasiz, ommaviy axborot vositalari sohasida amalga oshirilayotgan ana shunday ishlarning barchasi O'zbekiston jurnalistikasining jahon axborot maydonida munosib o'rin egallashi uchun mustahkam poydevor yaratadi.

Hurmatli ommaviy axborot vositalari xodimlari!

Hozirgi vaqtda hayotimizda amalga oshirilayotgan modernizasiya va yangilanish jarayonlarining tub mohiyatini xalqimizga yetkazish, odamlarni yangi marralar sari safarbar etish, oldimizga qo'ygan vazifalarni sifatli amalga oshirishda sizlarning ta`sirchan so'zingiz, faol grajdanlik pozisiyangiz suv bilan havodek zarur.

Haqiqatan ham, har qanday murakkab sharoitda ham adolat tamoyiliga, o'zining hayotiy va ijodiy prinsiplariga sodiq qolish, odamlarni qiynayotgan kamchilik va muammolarni dadillik bilan ko'tarib chiqish, ularni bartaraf etish uchun jamoatchilik fikrini shakllantirishga, avvalo, sizlar kabi ma`naviy jasorat egalarigina qodir bo'ladi.

Biz jamiyatimizda oshkoralik, adolat va qonun ustuvorligini ta`minlashda, huquqiy demokratik davlat asoslarini mustahkamlashda sizlarga, sizlarning bilim va iste`dodingizga tayanamiz.

Ayniqsa, hayot va kasb tajribangizni yoshlarga o'rgatish, ularni zamonaviy fikrlaydigan, Vatan va xalq manfaatini muqaddas deb biladigan, sog'lom va barkamol insonlar etib tarbiyalashda ko'pchilikka o'rnak va namuna bo'lasizlar, deb ishonaman.

O'z-o'zidan ravshanki, mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xodimlarining ish va turmush sharoitlarini yaxshilash, ularning mashaqqatli va mas`uliyatli mehnatini munosib baholash va rag'batlantirish, soha rivojiga e`tibor va g'amxo'rlik ko'rsatish bundan buyon ham biz uchun ustuvor vazifa bo'lib qoladi.

Aziz va muhtaram do'stlar!

Sizlarni Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.

Barchangizga sihat-salomatlik, ezgu faoliyatingizda yutuq va omadlar, oilaviy baxt, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

Shavkat MIRZIYoEV,

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti

Boshqa xabarlar