Yurt obodligiga daxldorlik tuyg'usi kuchaymoqda

448

Bugun yurtimizning qay go'shasiga bormang, odamlarda o'zgacha kayfiyat hukmron ekanligini ko'rasiz. Obodlik uylardan o'ylarga ko'chgani ularning har bir gapida aks etadi. Ha, mahalla obod bo'lsa, o'sha yerda yashayotgan insonlar saodatga erishadi. Elda to'kinlik, farovonlik hukm suradi. «Obod qishloq», «Obod mahalla» dasturlari zamirida ayni shu haqiqat mujassam. Odamlarga munosib sharoit yaratish, ularni hayotdan rozi qilish yo'lidagi Manasdan boshlangan bu ezgu ishlar hozirda butun mamlakat bo'ylab qanot yozdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev yaqinda poytaxtimizning Olmazor tumanida bo'lib «Obod mahalla» dasturi doirasidagi ishlar bilan yaqindan tanishdi. Tuman faollari bilan uchrashuv chog'ida turmush to'kinligi, kishilar salomatligi, aholi bandligini ta`minlaydigan ushbu dasturning ahamiyati haqidagi fikrlari, to'y-hashamlarni dabdabadan xoli, ixcham o'tkazish borasida bergan tavsiyalari xalqimizning dilidagi gap bo'ldi. Tumanda shu yo'lda muhim qadamlar tashlanayotgani ba`zi mahallalar raislari fikrlarida o'z ifodasini topdi:

 

Haydarali HAKIMJONOV,
Olmazor tumanidagi
«Yuqori Beshqo'rg'on» MFY raisi

Elda bir gap bor: qo'shning tinch — sen tinch. Qo'ni-qo'shni tinch, ahil-inoq joyda baraka bo'ladi, oqibat bo'ladi. Xalqimiz azaldan bir-birining issiq-sovug'idan xabar olib yashagan. Tandirdan chiqqan issiq nonini, avvalo, qo'shnisiga ilingan. Bir mayizni bo'lib yeb, bamaslahat ish qilishgan. Shu sababli har qanday muammo joyi­­da hal bo'lib ketavergan. Chegaradan chiqqaniga esa ikkinchisi qilgan ishi-yu, bajargan a`moli, shirin so'zi bilan o'rnak bo'lib kelgan.
614 ta xonadonda 3867 nafar aholi istiqomat qiladigan mahallamizda, avvalo, shu tamoyilga alohida e`tibor qaratiladi. Har bir uyning pasporti yuritilib, nechta kishi yashashi-yu qiynayotgan muammosi yozilib, hal etib boriladi. Ijtimoiy himoyaga muhtojlar, qariyalar holidan doimiy xabar olib turamiz. Oqsoqollar, ko'chaboshilar bilan hamfikrmiz.
Kimdir yaxshi niyat bilan xalqqa das­turxon yozmoqchi bo'lsa, avvalo, «kengashli to'y tarqamas», deya bizga maslahat soladi. Ularga to'yni o'tkazish borasida o'z fikrlarimizni aytamiz. Dabdabaning kishiga hech narsa bermasligi, ovozasi qachondir unut bo'lishi, unga ketgan xarajatga yoshlarga nimadir olib berilsa, ham u naf berishi-yu, ham mulk bo'lib qolishi haqidagi gaplarimiz besamar ketmayapti. Buni amalda ko'rib turibmiz. Yaqinda mahallamizdan qiz chiqardik. Oshda 120 nafar kishi bo'ldi.
Mebel masalasida ham to'g'ri tushuncha ­beryapmiz. Uni kuyov tomon qilishni o'z bo'yniga olyapti. Ayniqsa, to'yni bitta san`atkor bilan mazmunli o'tkazishni ma`qul topishyapti. Tez orada «birrov» degani o'tmishda qolsa, ajab emas. Aslini olganda elimiz haq gapni, albatta, tushunadi. Biz faqat gapni qanday yetkazish yo'lini bilsak bas.
Prezidentimiz tashrifidan behad suyundik. Aholi mamnun. Har bir ishga mehr bilan bosh qo'shishyapti. Tez orada zamonaviy mahalla binosi qad rostlaydi. Tadbirkorlar tomonidan go'zallik saloni, nov­voyxona, poyabzal va maishiy texnikalar ta`mirlash ustaxonalari, sport markazi kabi savdo va maishiy xizmat ko'rsatish shoxobchalari qurish bo'yicha aholiga qulaylik tug'diradigan turli takliflar tushmoqda. Ayni paytda bu borada muhim qadamlar tashlanyapti. Bu yo'lda mahalla ahli bilan bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilyapmiz.

Abduvali UMARJONOV,
Olmazor tumanidagi «Tepaguzar»
MFY raisi

Mahallamizda 5000 nafardan ortiq aholi 27 ta ko'p qavatli uyda istiqomat qiladi. Ko'p yillar davomida hududda obodonlashtirish, sug'orish tarmoqlaridagi nosozliklarni bartaraf etish, chiqindi uyumlaridan tozalash kabi qator muammolar yig'ilib qolgan edi. Ayni kunlarda «Obod mahalla» dasturi asosida mazkur muammolar bartaraf etilmoqda. Ko'p qavatli uylar atrofi, irrigasiya tarmoqlari tozalanib, suv yo'llari ochildi, chiqindilardan tozalandi, daraxtlarga shakl berildi.
Qurilayotgan dam olish ayvonchalari, bolalar o'yingohlari fuqarolar uchun uzoq kutilgan orzularning ro'yobi bo'ldi. Chunki mahalla aholisining ehtiyojlarini o'rganish davomida ko'p qavatli uylar atrofida bittagina bolalar maydonchasi borligi, u ham talabga javob bermasligi aniqlangan edi. Shundan so'ng «Obod mahalla» das­turi doirasida ta`mirga muhtoj bolalar maydonchasini rekonstruksiya qilish va 8 ta yangi bolalar maydonchasi, bitta badminton maydonchasini qurish ishlari boshlab yuborildi.
Darvoqe, hozirgi paytda bitta bolalar maydonchasi hamda keksalarning maroqli hordiq chiqarishi uchun «Otalar choyxonasi» foydalanishga topshirildi. Yangi bolalar maydonchalari qurilishi jajjilarning ko'proq vaqtini toza havoda o'tkazish, jismoniy tarafdan rivojlantiruvchi o'yinlar o'ynash, tengdoshlari bilan ko'proq muloqotda bo'lishi uchun ayni muddao bo'ladi. Lekin ba`zi kichik muammolar ham yo'q emas. Ayrim fuqarolarning qilinayotgan ishlar ko'lami va sifatiga e`tiborsizligi bois hali qurilishi yakunlanmagan bolalar maydonchasi hududiga ziyon yetkazilish holatlari uchrab turibdi. Davlat mulkiga, aholi foydalanishi uchun beminnat qurib berilayotgan bu kabi mas­kanlarga beparvo munosabatda bo'lish yaramaydi. Zero, o'ylar o'zgarmasdan turib, uylarimiz o'zgarishi dargumon. Bunday payt­­da kuzatuv kameralari yordamga keladi. Ayni paytda ulardan 40 ta bor. Yana 60 taga ehtiyojimiz bor. Bu kabi muammolar tezda barham topishi shubhasiz.
Umuman, hududimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ta`mirlash ishlari, aholi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar hamda yangilanishlardan mahalla ahli xursand. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ulkan bunyodkorlik ishlari, shubhasiz, fuqarolar va davlat o'rtasidagi o'zaro munosabatlarni yanada mustahkamlamoqda.

Boshqa xabarlar