KARVONBOShI

1,058

Hozirgi O'zbekiston tarixini chuqur o'rgangan va jild-jild ilmiy asarlar yozgan olimlar oz emas. Ammo O'zbekiston tarixini arxeologik qazilmalar chog'ida topilgan osori atiqalar asosida tadqiq etgan olimlar barmoq bilan sanarli. Shu kunlarda tavalludiga 110 yil to'lgan zabardast tarixchi-arxeolog olim Yahyo G'ulomov ana shunday olimlarning biridir.

1908 yilning bahorida tug'ilgan olim XX asrning barcha muhim voqealarini boshidan kechirdi. 11 yoshida otasidan yetim qolgan yigitcha bolalar uyi­­da tarbiyalanib, shu yerdagi maktabning 6-sinfini tugatdi. Bo'lajak olim Mirtemir, Mirzakalon Ismoiliy, Ilyos Fozilov, Olim Aminov singari mashhur shaxslar bilan birga O'lka o'zbek erlar bilim yurtida tahsil oldi. Bilim yurtining «Yosh kuch» va «Shapaloq» gazetalarida maqola va hajviyalari bilan qatnashdi. U mehnat faoliyatini talabalik yillaridayoq boshlab, pedagogika bilim yurtida o'qituvchi (1931-1932), O'zbekiston osori atiqalarini saqlash qo'mitasida ilmiy xodim, ilmiy kotib (1933-1940), Tarix, til va adabiyot institutining arxeologiya bo'limida mudir (1940-1943), 1943 yildan boshlab O'zbekiston FA Tarix va arxeologiya institutida bo'lim mudiri, 1956 yildan boshlab esa direktor lavozimlarida fidoyilarcha xizmat qildi.

Shu davrdagi o'quv muassasalarini zamonaviy darslik va qo'llanmalar, tegishli o'quv qurollari hamda laboratoriyalari bilan ta`minlangan hozirgi o'quv yurtlari bilan aslo qiyoslab bo'lmaydi. Ammo o'sha mashaqqatli yillarda ta`lim olgan yoshlar orasidan shunday zabardast olimlar, yozuvchilar, shifokorlar va boshqa soha vakillari bodroqdek otilib chiqqanki, bunga qoyil qolmay iloj yo'q. Shu kecha-kunduzgacha Habib Abdullaev, Ibrohim Mo'minov, Izzat Sulton, Yahyo G'ulomovga teng keladigan olimlarning yo'qligi kishini o'ylantirib qo'yadi. Buning sabablaridan biri o'sha yillardagi yoshlarga xos mehnatkashlik, intiluvchanlik va fidoyilik bo'lsa, ikkinchisi… balki ularning madrasada Farobiy, Zamaxshariy, Beruniydek arab va fors tillarini mukammal o'zlashtirib, shu tillardagi ilmiy adabiyotni ham puxta bilganimikin?!

O'tgan asrning 30-yillarida O'zbekistonda keng ko'lamda amalga oshirilgan qurilishlar, turli tarixiy voqealar bilan bog'liq tepaliklarning buzilib, ekin maydonlarining kengaytirilishi amaliy fan vakillaridan arxeologik ekspedisiyalarni tashkil etib, yer osti qatlamlarida yashiringan sirlarni maxsus o'rganishni taqozo etdi. Olim 1933 yilda professor M.E.Masson rahbarligidagi Termiz, 1934 yilda professor A.Yu.Yakubovskiy rahbarligidagi Zarafshon arxeologik ekspedisiyalarida ishtirok etdi. 1936 yildan boshlab Toshkent, Samarqand, Buxoro va Farg'ona vodiysidagi arxeologik ekspedisiyalarga rahbarlik qildi. 1938-1950 yillarda esa Mos­kva davlat universiteti professori S.P.Tolstov rahbarligidagi Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspedisiyasida boshliq o'rinbosari sifatida qatnashib, Xorazmning sug'orilishi, dehqonchilik va shahar madaniyatining shakllanishi va boshqa muhim ilmiy masalalarga doir noyob materiallarni to'pladi.
Taqdir o'zbeklar orasidan birinchi bo'lib tarixchi-arxeolog ixtisosligini egallagan Yahyo G'ulomov zimmasiga o'zbek arxeologiya maktabining asoschisi bo'lish sharafi va mashaqqatlarini yukladi. U 1943 yilda «Xiva va uning yodgorliklari» mavzuidagi nomzodlik, 1950 yili esa «Xorazmning qadimgi davrlardan hozirgacha sug'orilishi tarixi» mavzuidagi doktorlik dissertasiyalarini yoqladi. Yahyo G'ulomovning doktorlik dissertasiyasi asosida o'zbek va rus tillarida nashr qilingan «Xorazmning sug'orish tarixi: qadimgi zamonlardan hozirgacha» deb nomlangan monografiya­­si o'zbek tarixshunoslik fani taraqqiyotiga qo'shgan salmoqli hissa sifatida yuqori baholanadi. Katta shov-shuvlarga sabab bo'lgan Zamonbobo qabrining topilishi uning nomi bilan bog'liq. Toshkent shahridan 70 km. narida joylashgan Obi Rahmat qishlog'idagi ko'p qatlamli g'or, Farg'ona vodiysida esa fanga noma`lum paleolit va neolit davrlariga oid qarorgohlarning kashf etilishida ham uning xizmatlari oz emas.
1966 yildagi Toshkent zilzilasidan so'ng O'zbekiston poytaxti ulkan qurilishlar maydoniga aylangan vaqtda u Sharqning ko'hna shaharlaridan biridagi arxeologik obidalarni qayd etish va o'rganish maqsadida tuzilgan arxeologik ekspedisiyaga rahbarlik qildi.
Yirik olimlarimiz bisotida salmoqli risolalarning ozligini ko'rgan yoshlar hayron bo'lishi mumkin. Holbuki, yangi o'zbek fani tetapoya qila boshlagan davrda fan olamiga kirib kelgan olimlarning qariyb har biri o'z sohasining karvonboshisi bo'lgan. Ularning har biri o'nlab yuqori malakali shogirdlarni tarbiyalabgina qolmay, balki dissertasiyalardan tashqari, shunday ilmiy maqolalarni yozganki, ularning har biri katta ilmiy-amaliy ahamiyatga molik kashfiyot bo'lgan. Agar Yahyo G'ulomovning ilmiy asarlariga nazar tashlasak, quyidagi g'aroyib manzarani ko'ramiz: «Qadimiyat izidan (Qadimgi xorazmlik zoroasriylarning Ko'ba-taudagi qabrlarining ochilishi)» (1937), «Mirzo Ulug'bek mad­rasasi shimoli-sharqiy minorasining to'g'rilanishi» (1938), «Qadimgi Poyqand», «Qizilqumdagi qadimgi madaniyat izlari» (1939), «Turkistonning rus chorizmi tomonidan bosib olinishi tarixi bo'yicha yangi manba» (1941), «Qoraqalpog'istondagi irrigasiya tarixiga doir» (1945), «Bag'dod shaharchasi» (1946), «Qadimgi Jizzax», «Navoiy davrini o'rganishga doir» (1948), «Shahrisabzdagi Jahongir sag'anasi» (1949), «Beruniy Amudaryoning quyi oqimi tarixiy gidrogeografiyasi to'g'risida» (1950), «Qadimgi saks urug'lari» (1957). Bu maqolalarning har biri – yirik tadqiqot, ilmiy yangilik, kashfiyotdir.

Yahyo G'ulomov singari ustozlarning aksar vaqti ilmiy jamoalar tomonidan yozilgan fundamental asarlarga muharrirlik qilish yoki ularning maydonga kelishida tahrir hay`ati a`zosi sifatida yordam berish bilan kechgan. Olim ayrim mualliflar va ilmiy jamoalar tomonidan yozilgan 20 tadan ziyod fundamental tadqiqotlarga muharrirlik qilgan. O'sha yillarda hukm surgan tartibga ko'ra, shunday asarlarning bir qismini moskvalik olimlar nazaridan o'tkazish lozim edi. O'zlarini barcha ilmiy muammolar bo'yicha yagona hakam deb hisob­lagan mos­kvalik olimlar esa o'zbek xalqining o'z tarixi, madaniyati masalalariga mustaqil yondashish huquqi borligini xayollariga ham keltirmagan. Ayniqsa, O'zbekiston tarixining ko'p jildlik nashrlarini amalga oshirishda O'rta Osiyoning chor qo'shinlari tomonidan bosib olinishi bilan bog'liq masalalar talqinida birdamlikka erishish oson bo'lmagan.

1955 yili Toshkentda «O'zbekiston SSR tarixi»ning I jildi rus tilida nashr etilgan. Shu asar nashr etilishidan avval Yahyo G'ulomov bilan Rashid Nabiev jild muharrirlari etib tayinlangani uchun qo'lyozmani ko'tarib Moskvaga borgan. Moskvalik olimlar qo'lyozma bilan tanishganlaridan so'ng ulardan rus istilosi va boshqa masalalar talqinini butunlay qayta ko'rib chiqishni talab qilishgan. Ma`lum bo'lishicha, o'sha kunlarda Moskvadagi Ijtimoiy fanlar akademiyasi aspiranturasida o'qigan Matyoqub Qo'shjonov yurtdoshlaridan o'qtin-o'qtin xabar olib turgan. Shunday ziyoratlarning birida mashhur o'zbek tarixchilarini xunob bir holda ko'rgan bo'lajak taniqli adabiyotshunos «Ilmiy vijdon» degan xotirasida bunday yozgan:
«…Yahyo aka yana bir oz davom etgan sukunatni buzib, gap boshladi:
– Bu deyman, o'rtoqlaringiz (bu yerda qo'lyozmani o'qigan moskvalik olimlar nazarda tutilardi) qayoqdagi talab­larni oldimizga qo'yishadi-ya. «Xalq q­o'zg'olonlarini ko'proq toping­lar, qo'l­yozmalarda xalq qo'zg'olonlari juda kam yoritilgan emish…
…Yahyo aka gapini davom ettirdi:
– Bu axir ilm bo'lsa, shuncha izlansak, tinimsiz mehnat qilsak, xalq qo'zg'olonlarining barini ko'rsatgan bo'lsak, yana ularga nima kerak ekan?! O'zimizdan qo'shib qo'yishimiz kerak ekanmi? «Ilmiy vijdon» degan gap ham bor-u olamda…»
Moskvalik olimlarning «Xalq qo'zg'olonlarini ko'proq topinglar», deyishi, xalq qo'zg'olonlariga ko'proq o'rin berilishini talab qilishidan maqsad yaratilayotgan «Tarix» «xalq O'rta Osiyodagi mavjud siyosiy-ijtimoiy tuzumdan, hukmron feodal davlatdan norozi edi, Rossiya shunday bir paytda mahalliy xalq irodasini e`tiborga olib, O'rta Osiyoni o'z hududlariga qo'shib oldi va bu yerdagi xalqlar taqdirida progressiv rol o'ynadi», degan fikrni o'tkazish edi. Yahyo G'ulomov ham Rashid Nabiev ham imonli va e`tiqodli olim bo'lgani uchun bunday fikrni mutlaqo qabul qilmagan.
Matyoqub Qo'shjonov xotiralarida yozadi:
« – Rashid Nabievich, – deb ko'zini qisdi Yahyo aka do'stiga qarab. – Bu yerda o'ylab ko'rish zarur bo'lgan boshqa bir murakkab masala ham bor… Dunyoning biror burchagida – Vetnamdami yoki Afrikadami – to'rtta odam mamlakatni boshqarishni eplay olmayotgan hukmdorlarga qarshi yoxud bostirib kirgan chet kuchlarga qarshi miltiq ko'tarib chiqsa, «ozodlik uchun kurash» deb ataladi. Bizning tariximizda esa ota-bobolarimizning qoni daryo bo'lib oqsa ham, tashqaridan bostirib kelgan istilochilarni «bosqinchi» deb atay olmasak…
Yahyo G'ulomov bir oz tin olib, nafasini rostlagach, dedi:
– Qizik, Chingiz bosqinchi bo'lsa, Qutayba bosqinchi bo'lsa, biri – mo'g'ul, biri – arab. Ular haqida tarixiy haqiqat aytilsa, hatto, badiiy asarlar yaratilsa-yu, bu haqiqat ba`zilarga nisbatan aytilmasa?!.»
Shu yerda suhbatga Rashid Nabiev ham aralashadi.
« – Toshkentning taslim bo'lishi ham o'rtoqlarni uncha qanoatlantirmadi, — dedi u.
– Qanaqa taslim?! Bu gap ham g'irt yolg'on-ku! Toshkent odamlar o'ylaganicha osongina taslim bo'lgan emas, – deya ta`kidladi Yahyo aka gapini davom ettirib. – Ota-bobolarimizdan ko'p gap­lar eshitganman. O'sha paytlari (Toshkentning bosib olinishi nazarda tutiladi) hozir suvga to'lib oqayotgan Anhor toshkentliklar o'ligi va qoni bilan to'lib oqqan, deyishadi. Endilikda qandoq qilib toshkentliklar istilochilar oyog'i ostida «poyandoz to'shagan», deb ayta olamiz?!.»
Matyoqub Qo'shjonovning bu xotiralari bilan tanishar ekanmiz, yaqin o'tmishda O'zbekiston tarixini, shuning­dek, o'zbek adabiyoti tarixini yaratish oson bo'lmagani, yaqin tarix haqidagi haqiqatni aytish Yahyo G'ulomov singari vijdonli olimlardan katta ilmiy jasoratni talab qilgani, uncha-muncha olimlarning bunday jasoratga nafaqat qodir bo'lmagani, bu ishga qodir kishilarga qarshi kurashib, ularni oyoqosti qilganlari yodimizga keladi.
Akademik Yahyo G'ulomov shunday boy bilim sohibi bo'libgina qolmay, boshiga qilich kelganda ham rost gapni ayta oladigan, ilm-fan muammolariga birdan-bir to'g'ri yechimni topa oladigan, o'z davridan ancha ilg'orlab ketgan zabardast olim, shogirdlarini olg'a yetak­lagan karvonboshilardan biri edi.
Shuning uchun ham olim mustaqillik yillarida «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlandi. Shuning uchun ham minnatdor shogirdlar uning sharafiga «Akademik Yahyo G'ulomov o'qishlari» degan ilmiy seminarni tashkil etib, har yili mamlakatimizning turli shaharlarida O'zbekiston tarixining muhim va dolzarb muammolari bo'yicha fikr almashib, chigal masalalarni hal qilib keladi. Shu tariqa Akademik Yahyo G'ulomov o'zbek tarixchi va arxeologlarining keyingi avlodlariga ham karvonboshilik qilmoqda.

So'ngso'z o'rnida birgina savolga javob izlashni lozim topdik: ulug' olim xotirasi qachon abadiylashtirilib, uning arab, lotin, kirill yozuvlaridagi gazeta va jurnallar sahifalarida unutilib kelayotgan boy ilmiy merosi qachon to'planib, tegishli so'zboshi va ilmiy sharhlar bilan nashr etilar ekan?!.

Naim KARIMOV,

akademik

Boshqa xabarlar