Ilm-fan rivoji taraqqiyotga, bunyodkorlik farovonlikka xizmat qiladi

32

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 20 iyul kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, avval belgilangan vazifalar ijrosi bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari dastlab Mirzo Ulug'bek shaharchasida joylashgan O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi institutida bo'ldi.
Shiddat bilan o'zgarayotgan bugungi zamon har qanday mamlakat oldiga neft, gaz, ko'mir kabi qayta tiklanmaydigan energiya manbalarini tejash, resurslarning muqobilidan foydalangan holda iqtisodiyot tarmoqlari va aholi ehtiyojlarini ta`minlash talabini qo'ymoqda. Yurtimizda energetika sohasini izchil texnologik modernizasiya qilish va samaradorligini oshirish maqsadida Rossiyaning «Rosatom» davlat korporasiyasi bilan hamkorlikda atom energetikasini barpo etishga kirishildi.
Davlatimiz rahbarining kuni kecha e`lon qilingan «O'zbekiston Respub­likasida atom energetikasini rivoj­lantirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi farmoni energiya hosil qiluvchi quvvatlarni ko'paytirish hisobiga aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya bilan barqaror ta`minlash, energetika sektorini diversifikasiya qilish, atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish va ushbu yo'nalishlarga ilg'or innovasion texnologiyalarni joriy etish maqsadlarini ko'zda tutadi. Ushbu yo'nalishdagi davlat siyosati va atom energetikasi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Atom energetikasini rivojlantirish agentligi tashkil etildi.
O'zbekiston AES uchun asosiy xom­ashyo bo'lgan uran zaxirasi bo'yicha dunyoda yettinchi o'rinda turadi. Bu zaxiradan unumli foydalanish uchun mavjud ilmiy-tadqiqot bazasini takomillashtirish, zamonaviy bilimlarni puxta o'zlashtirgan mutaxassislar tayyorlash talab etiladi. Shu bois O'zFA Yadro fizikasi instituti bazasida Moskva muhandislik-fizika instituti filialini ochish rejalashtirilmoqda.
Prezidentimizning 2017 yil 17 fevraldagi qarori bilan yangidan tashkil etilgan Yadro fizikasi institutida 10 megavattlik ilmiy-tadqiqot yadro reaktori ishlab turibdi. O'nlab radioizotoplar ishlab chiqarilib, tibbiyot muassasalarida qo'llanilmoqda, 12 mamlakatga eksport qilinmoqda.
Davlatimiz rahbari institut hududida tashkil etiladigan Moskva muhandislik-fizika instituti filiali loyihasi bilan tanishdi. Filial joylashadigan kampus o'quv binosi, talabalar uchun turar joy, o'qituvchilar uchun mehmonxona, oshxona, sport maydoni, dam olish maskanlarini o'z ichiga oladi. Yashash manzilidan o'quv korpusiga keladigan 600 metrlik yo'l bo'ylab yashil xiyobon yaratiladi. Filial eng zamonaviy jihozlar, yuqori texnologik uskunalar bilan ta`minlanadi.
– Bu institut mamlakatimizda barpo etiladigan atom elektrostansiya­siga hamohang bo'lishi kerak, – dedi Prezidentimiz. – Kelgusida Mirzo Ulug'bek shaharchasidagi eski madaniyat saroyi va uning atrofi zamonaviy qiyofaga kiradi. Olimlarning mehnat qilishi, ilm-fanni rivojlantirish uchun xalqaro standartlarga mos ­sharoitlar yaratiladi.
Prezidentimiz ushbu shaharcha olimlar maskani bo'lishi kerakligini, yaqin vaqtlarda bu yerga boshqa ilmiy-tadqiqot institutlari ko'chirilishini ta`kidladi. Shu maqsadda shaharchaning Bosh rejasini ishlab chiqish bo'yicha topshiriq berdi. Shaharcha hududini kengaytirib, institutlar uchun binolar, ko'p qavatli uylar, matematika va fizika fanlariga ixtisoslashgan maktab, bolalar bog'chasi qurish, shahar markazi bilan transport qatnovini yaxshilash, yer usti metrosi harakatini yo'lga qo'yish zarurligini ta`kidladi.
Shavkat Mirziyoev Yadro fizikasi instituti zalida Fanlar akademiya­­si va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari, akademiklar, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan uchrashuv o'tkazdi.
Mamlakatimizda ilm-fanni rivoj­lantirish maqsadida olimlar bilan uchrashuvlar o'tkazish an`anaga aylandi. Davlatimiz rahbari joriy yil 6 aprel kuni Fanlar akademiyasi O'simlik moddalari kimyosi institutida oliy ta`lim va O'zFA ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari bilan uchrashuvda fan bilan ishlab chiqarish o'rtasidagi integrasiyani mustahkamlash bo'yicha zarur topshiriqlar bergan edi. Muloqot chog'ida bu boradagi vazifalar ijrosi haqida so'z bordi.
Ilm-fanga yurtimizda katta e`tibor qaratilayotgani, keyingi bir yilda sohaga doir 11 farmon va qaror qabul qilingani qayd etildi. Lekin shuncha sa`y-harakatlarga qaramay, ilmiy izlanishlar yetarlicha qo'llab-quvvatlanmayotgani tanqid qilindi.

– Ilm-fanda xalqimiz manfaatiga xizmat qiladigan o'z yo'limizni topmasak, ertaga yoshlarimiz bizni kechirmaydi. Iqtisodiyotimiz qachon barqaror bo'ladi? Fanni rivojlantirsak. Ilm o'z-o'zidan bo'lmaydi, unga mashaqqatli mehnat, davlat miqyosida e`tibor kerak, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Prezidentimiz har bir ilmiy ishga mahsulot sifatida qaraladigan, uning xaridori oldindan aniq bo'ladigan tizim yaratilsagina maqsadga erishish mumkinligini ta`kidladi. Ilmiy ishlanmalarning amaliyotga tatbiq etilishini qo'llab-quvvatlash uchun 100 million dollar grant ajratilishi, ilmiy-tadqiqot ins­titutlari xodimlarining maoshlari bir necha barobar oshirilishini ma`lum qildi.
Yosh avlodning milliy va jahon ilm-fan yutuqlarini o'rganish va o'zlashtirishga intilishini rag'batlantirish, o'quvchilarning fundamental fan asoslarini puxta egallashi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida ixtisoslashgan maktablar tashkil etilayotgani, maktab yoshidan bo'lg'usi olimlarni tayyorlash, ularning innovasion va novatorlik qobiliyatini oshirish, iqtidorini ro'yobga chiqarish bo'yicha tizimli ishlarni davom ettirish zarurligi ta`kidlandi. Sohada to'planib qolgan muammolarni bartaraf etish, iqtidorli yoshlarni izlab topish va ularni ilmiy faoliyatga jalb qilish hamda har tomonlama qo'llab-quvvatlashda akademik fan salohiyatidan samarali foydalanish bo'yicha topshiriqlar berildi.
Tadbirda Fanlar akademiyasi prezidenti B.Yo'ldoshev, innovasion rivojlanish vaziri I.Abdurahmonov, O'zFA Ion plazma va lazer texnologiyalari instituti direktori H.Ashurov, akademiklar A.Asqarov, S.Bahromov va bosh­qalar mamlakatimizda ilm-fanning har bir yo'nalishini rivojlantirish bo'yicha salmoqli ishlar boshlangani, fizika-matematika sohasi olimlari bilan mazkur uchrashuv atomni o'rganish fani va yadro texnologiyalarini rivojlantirishga oid kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish borasidagi dolzarb vazifalarni belgilab olishda muhim qadam ekanini alohida qayd etdilar.
Toshkent yirik megapolisga aylanmoqda. Shunga monand ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari aholining talab va ehtiyoji, poytaxtimizning kelgusi rivojlanishini inobatga olgan holda, Toshkent shahri bo'ylab yer usti halqa metro liniyasini qurish bo'yicha topshiriq bergan edi. Qisqa fursat ichida keng ko'lamli qurilish ishlari boshlab yuborildi.
Prezidentimiz Toshkent shahri bo'ylab barpo etilayotgan yer usti halqa metro liniyasi qurilishi bilan tanishdi.
Umumiy uzunligi 52,1 kilometrdan iborat mazkur metro yo'nalishining 50,5 kilometri balandligi 6 metrlik estakadalar orqali o'tkaziladi. Loyihaning umumiy qiymati 422,3 million dollarga teng. Loyiha doirasida 2 mingga yaqin tayanch ustunlar va oraliq to'sinlar, 13 mingga yaqin temir-beton balkalar o'rnatish va 35 bekat qurish nazarda tutilgan.
Qurilish ishlari besh bosqichda amalga oshiriladi. Dastlab Toshkent metropolitenining «Do'stlik» bekatidan Qo'yliq bozorigacha bo'lgan qismi quriladi. 11 kilometrlik masofada 8 bekat bunyod etish mo'ljallangan.
Ikkinchi bosqichda Qo'yliq bozori bilan «Olmazor» bekati bog'lanadi. So'ngra bu yerdan «Beruniy» bekatigacha bo'lgan masofada qatnovlar yo'lga qo'yiladi. Keyingi bosqichda «Beruniy»­dan «Bodomzor» bekatigacha qurilish ishlari olib borilib, so'nggi bosqichda «Do'stlik» bekatiga ulanadi.
Prezidentimiz shu yilning iyun oyida ushbu qurilish jarayoni bilan tanishib, bunyodkorlik ishlarini yanada jadallashtirish va sifatli yakunlash bo'yicha topshiriqlar bergan edi.
Bugungi kunga qadar halqa metro yo'lining 4 kilometr qismida qurilish ishlari amalga oshirilib, 206 ta tayanch ustuni uchun kotlovan qazish ishlari bajarilgan. Ustunlar ustiga ko'ndalang temir-beton tayanch o'rnatish ishlari boshlangan. Ustunlar oralig'ini birlashtiruvchi 16 ta temir-beton balka o'rnatilgan.
Qurilish ishlariga 60 dan ortiq texnika va mexanizm hamda 400 nafar muhandis va ishchi jalb qilingan. Metro qurilishi «O'zbekiston temir yo'llari» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli «Ko'prik qurilish tresti» unitar korxonasi bunyodkorlari tomonidan amalga oshirilmoqda.
– Bu transport tarmog'i ishga tushishini xalqimiz intiqlik bilan kutmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoev. – Arzon va xavfsiz bo'lgan mazkur transport tarmog'i aholiga har tomonlama qulaylik yaratadi. Eng muhimi, bu boshqa jamoat transportlaridagi yuklamani o'ziga oladi, shahar markazidagi tirbandlikni kamaytiradi. Shuning uchun qurilishni imkon qadar tezroq yakunlashimiz kerak.
Davlatimiz rahbari yer usti halqa metro liniyasi qurilishida e`tiborga olish lozim bo'lgan jihatlarga alohida to'xtaldi. Bunyodkorlik ishlari uzluksizligini ta`minlash, uning atrofini obodonlashtirish, «Do'stlik» bekatidan Qo'yliq bozorigacha va Qo'yliq bozoridan «Olmazor» bekatigacha bo'lgan qismini 2019 yil Navro'z bayramigacha foydalanishga topshirish yuzasidan zarur ko'rsatmalar berdi.
Ayni paytda halqa metro liniyasidagi poezd va boshqa texnika vositalarini boshqarish uchun 50 nafarga yaqin mutaxassis Janubiy Koreya va Xitoyda malaka oshirmoqda. Metroda harakatlanadigan yangi poezd vagonlari ham tayyorlanmoqda.
Shavkat Mirziyoev Sergeli tumani «Chosh­tepa» mahalla fuqarolar yig'ini hududidagi yangi uy-joylar qurilishini borib ko'rdi.
Bu yerda Toshkent shahar hokimligi tomonidan ajratilgan 30 gektar yerda chet ellik inves­torlar ishtirokida yangi qurilish texnologiya­lari asosida 4 ming 20 xonadonga mo'ljallangan 72 ta 7 qavatli uy qurilmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017 yildan mamlakatimizning barcha shaharlarida turar joyga muhtoj oilalar uchun arzon uy-joylar qurilishi boshlandi. Bunday uylar Toshkent shahrida uzoq yillardan buyon qurilmayotgan edi. Yangi uylar asosan qimmat tijorat uylari bo'lib, ijtimoiy himoyaga muhtoj va byudjet tashkilotlarida ishlaydiganlar ularni olish imkoniyatiga ega bo'lmagan.
Shularni inobatga olgan holda, Sergeli tumanida 2017 — 2022 yillarda 500 ko'p qavatli uy qurilishi bo'yicha maxsus dastur ishlab chiqildi. Bu yirik loyihaning amalga oshirilishi qariyb 30 ming oilaning uy-joyga ehtiyojini ta`minlash imkonini beradi.
Mazkur dastur ijrosi doirasida 2017 yilda tumanda 102 ko'p qavatli arzon uy qurilib, 4 ming 88 xonadon o'z egalariga topshirildi.
Toshkent shahrida barcha manbalar hisobidan qariyb 28 ming xonadonli 638 ko'p qavatli uy qurilmoqda. Jumladan, zamonaviy loyi­halar asosida jami 15 ming 740 xonadonli 334 arzon uy barpo etilmoqda. Bu o'tgan yilga nisbatan 3 barobar ko'pdir.
Choshtepa mahallasida qurilayotgan uylar mahalliy byudjetga qo'shimcha tushumlar va homiylar mablag'lari hisobidan barpo etilayotgani bilan ahamiyatlidir. Uylar Toshkent shahar hokimligi tasarrufida bo'lib, xonadonlardan bir qismini uy-joyga muhtoj nogironlarga bepul taqdim etish, qolganlarini ehtiyojmand oilalarga vaqtincha yashab turish uchun va keyinchalik imtiyozli kredit rasmiylashtirgan holda xususiy mulk sifatida berish belgilangan. Mutasaddilarning ta`kidlashicha, mazkur uylar joriy yilning 20 dekabriga qadar foydalanishga topshiriladi.
Prezidentimiz qurilish jarayoni bilan tanishar ekan, uylarning mustahkam va pishiqligiga, ularni qurishda zamonaviy, yangi va samarador texnologiyalardan foydalanilayotganiga e`tibor qaratdi.
– Uy qurilishida har jihatdan qulay va sifatni ta`minlovchi ilg'or texnologiyalardan foydalanish ko'lamini yanada kengaytirishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoev. – Mamlakatimizda bu kabi uylar qurilishi tizimli davom etadi. Shu bois quruvchi kadrlarni tayyorlashga alohida e`tibor qaratish lozim. Yoshlarimiz qurilish sanoatida eng so'nggi texnologiyalarni, innovasion g'oyalarni hayotga tat­biq etishga qodir bo'lishi zarur.
Davlatimiz rahbari uy qurishning zamonaviy yutuqlarini o'zlashtirish, bunday uylarni boshqa joylarda ham loyihalashtirish bo'yicha topshiriqlar berdi.
Uzunligi 7,1 kilometr bo'lgan Toshkent met­ropolitenining Sergeli liniyasi qurilishini 2020 yilga qadar yakunlash ko'zda tutilgan. Sergeli metro liniyasi hozirgacha Markaziy Osiyoda qo'llanilmagan butunlay yangicha – estakada usulida bunyod etilmoqda. Mazkur liniya ko'priksimon tarzda quriladi, poezdlar yer ustida harakatlanadi. Bekatlarda yo'lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida maxsus lift va eskalatorlar o'rnatiladi.
Loyiha qiymati 105 million dollarga teng. Uning doirasida 265 juft tayanch ustun va oraliq to'sinlar o'rnatish, 6 ta yo'lovchi bekati va 6 ta elektr ta`minoti stansiyasini qurish ko'zda tutilgan. Metroning Sergeli yo'nalishi Chilonzor yo'nalishining «Olmazor» bekatidan boshlanib, «Yo'ldosh» dahasigacha bo'lgan hududdan o'tadi.
Ayni paytda loyihaning 5 kilometr qismida qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. 130 juft tayanch ustunlar o'rnatilgan. Ular ustiga 60 ta oraliq to'sinlar qo'yilib, birlashtiruvchi balkalar o'rnatish ishlari bosh­langan.
Qurilish ishlariga 70 dan ortiq texnika va mexanizm, 350 nafar malakali muhandis va ishchilar jalb qilingan. Joriy yil yakuniga qadar 6 kilometr masofada temir-beton konstruksiyalarni montaj qilish hamda 3 metro bekatini qurish ishlari tugallanishi belgilangan.
Davlatimiz rahbari bu yerda qurilishning borishini ko'zdan kechirdi. Metroni sifatli, qulay va xavfsiz qilib qurish bo'yicha ko'rsatmalar berdi.
Shu yerda Toshkent shahrida qurilishi rejalashtirilgan 9 qavatli uylar loyihasi taqdimoti ham o'tkazildi.

Matnazar ELMURODOV,
Ziyodulla JONIBEKOV,
Alouddin G'AFFOROV,
O'zA maxsus muxbirlari

 

Boshqa xabarlar