«Singapur mo'`jizasi»ning sirlari

603

Kishi hayoti davomida el-yurt uchun qilgan yaxshi amallari nafaqat o'zining ertangi porloq hayotini, balki mamlakatning bir necha asrlik farovon kelajagini belgilashi hozirgi kunga qadar isbotini topib kelmoqda. Bugungi rivojlangan orol davlat — Singapurning sobiq rahbari Li Kuan Yuni shunday rahbarlar sirasiga kiritish mumkin.

Li Kuan Yu 1959 yili mustaqillikka erishgan davlatning bosh vaziri lavozimida 31 yil faoliyat yuritdi. U o'zining aniq hisoblari asosida ishlab chiqqan strategiyasi orqali tabiiy resurslardan foydalanmagan holda kichik bir orolni rivojlangan davlatga aylantira oldi. Odil boshqaruvi natijasida esa xususiy va davlat mablag'ining o'ziga xos muvozanat usulini shakllantirdi. Jamiyatni kemiruvchi illat — korrupsiyaga qarshi qat`iy turdi. U 92 yoshida olamdan ko'z yumdi. Buyuk islohotchining amalga oshirgan ishlari «Singapur mo'`jizasi» deya nom olgan. Quyida uning ibratli ­fikrlaridan ayrimlari havola etilmoqda.

* * *

Biz ishga yangi munosabatlar bilan yondashmog'imiz darkor. Masalan, maosh belgilangan ish vaqtiga emas, balki uning natijasi va sifatiga bog'liq bo'lishi kerak.

* * *

Insonning aqliy salohiyati hokimiyat vakolatlarini shaxsiy daromad olish vositalariga aylantirish borasida cheksiz imkoniyatlarga ega.

* * *

Agar biz boshqaradigan hokimiyat kuchidan ko'pchilikning hayotini yaxshilash yo'lida foydalanilmasa, boshqaruvdagi ozchilik — ierarxiya (yuqori mansabdorlar)ning cho'ntagini to'ldiradigan bo'lsa, bu yomonlik alomatidir.

* * *

Iste`dodli insonlar — mamlakatning eng bebaho sha`nidir.

* * *

Yutuqqa yetaklovchi boshqaruvchilar qumdagi marvaridlarga o'xshaydi.

* * *

Xalqimiz hech kimdan yordam so'rashga odat qilmasligiga ishonchim komil edi. Agar biz muvaffaqiyat qozonishni istasak, faqat o'zimizga ishonishimiz kerak.

* * *

Kuchsiz odamlar oson yo'l topib berishni va`da qilganlarni saylashadi. Aslini olganda esa bunday yo'l bor-yo'g'i sarob, xolos.

* * *

Barcha davlat rahbarlari emigrasiyaning salbiy ta`siri haqidagi fikr-mulohazalarimga qo'shilmagan. 1970 yillarning bosh­larida Malayziya Bosh vaziri Tan Razakga «hindistonlik va xitoylik o'qimishli ziyolilarning Avstraliya va Yangi Zellandiyaga ko'chib ketishi natijasida mamlakat «aql tanqisligi»ga duchor bo'lmaydimi?» deb aytganimda u «Bu «aql tanqisligi» emas, balki turgan-bitgani muammolar oqimi», deya javob bergan edi.

* * *

Agar mamlakat noto'g'ri boshqarilsa, barcha aqlli odamlar uni tark etadi.

* * *

Kurashchanlik ruhidan mahrum bo'lgan odam uyda paypoq to'qigani ma`qul. Siyosat zaif va ruhsiz odamlarning ishi emas. U insondan ­qat`iylikni va ishonchni talab qiladi.

* * *

Aslida biz Singapurda hech narsani bunyod etmadik. 150 nafar kambag'al baliqchilar qish­log'i o'rnida paydo bo'lgan dunyoning eng yirik shaharlaridan biri ekvator chizig'iga juda yaqinligi bilan ajralib turadi, xolos. Aytgancha, tarixda ekvatorga yaqin joyda yana bir sivilizasiya – Yukatan yarim orolidagi Mayya ham bo'lgan.

* * *

Agar oliy ma`lumotli erkak kishi oliy ma`lumotli ayolga uylanishni istamasa, men unga ahmoqlarning ahmog'i ekanini aytishim mumkin. Agar oliy ma`lumotli erkak oliy ma`lumotsiz ayolga uylansa, u holda uning hayotida muammolar bo'lishi tayin. Chunki bunday ota-onadan tug'ilgan farzandlardan bittasi aqlli, bittasi esa aqlsiz bo'ladi. Bunday sharoitda sochingni o'zing yulishga majbur bo'lasan.

Mahliyo UMIRZOQOVA
tayyorladi

Boshqa xabarlar