Tashi guliston, ichi vayron

80

Samarqand viloyatida «Obod qish­loq» dasturiga asosan joriy yilda 94 ming aholi istiqomat qilayotgan 29 ta qishloq obod manzillarga aylantirilishi rejalashtirilgan.

Bulung'urning Qizilqo'rg'on qish­log'i ham ana shunday yuksak maqomni qo'lga kiritishga chog'langan go'shalardan biri. Qishloq ahlini yillar davomida qiynab kelgan muammolar bir talay. Ayniqsa, toza ichimlik suviga tanqislik seziladi. To'g'ri, qo'lbola quduqlar kishilar joniga ora kiryapti. Ammo u ekin-tikin qilish, tomorqadan samarali foydalanishga ko'pam imkon bermaydi. Shu bois, dov-daraxt ko'kartirish, ko'kalamzor maydonlarni kengaytirish mushkul bo'lib qolmoqda.
Bir yuz yetmish xonadondan iborat qish­loqda 850 nafar aholi istiqomat qiladi. Aholining taxminan 20 foizi ish bilan ta`minlangan. 442 nafar ­xotin-qiz uchun asosiy yumush qishloqqa yaqin bo'lgan intensiv bog'dorchilik xo'jaliklarida kunlik haq to'lanadigan ishlarda ishtirok etishdan iborat.
«G'o'bdin» mahalla fuqarolar yig'inida bo'lganimizda, «Obod qishloq» ­dasturiga tushgan Qizilqo'rg'on obodonchiligiga oid Bosh loyiha bilan tanishdik. Loyiha bo'yi­­cha joriy yilda bu yerda bun­yod etilishi lozim bo'lgan inshootlar bir talay. Jumladan, zamonaviy tipdagi avtoshohbekat, 50 o'rinli bolalar bog'chasi, maishiy xizmat kompleksi (barcha xizmat turlari ichida), sport kompleksi, ijtimoiy dorixona, mahalla markazi, milisiya tayanch punkti, pavilon, xullas, ko'z o'ngingizda mo'`jaz bir qishloq namoyon bo'ladi-­qoladi. Beixtiyor, bir yilda-ya, deb yuborganingizni o'zingiz ham bilmay qolasiz. Har tugul ishlar rejaga muvofiq amalga oshirilayotgandir, deya o'zimizga tasalli berdik. Rost-da, bu xayrli tashab­bus bosh­langaniga ham qariyb besh oyga yaqin vaqt o'tdi. Bunyodkorlik avj pallasida bo'lishi kerak edi, aslida.
Qizilqo'rg'onda bir narsa e`tiborimizni tortdi. Ko'cha bo'yidagi uylarning aksariyati sim tortib to'g'rilangandek bir tekis tushgan. Did bilan qurilgan. Tashab­busdan so'ng, barcha xonadonlar oqlangan. Qishloqning qoq o'rtasidan o'tgan temir yo'l bo'yidagi uylar ­loyihali tarzda ­bunyod etilgan. Das­turga muvofiq ko'chalar asfa­lt­lanishi lozim. Hozircha tosh yotqizilibdi. Har tugul ko'chaning bir yuzidagi ortiqcha qurilishlar olib tashlanib, beton devor tortilibdi. Endi ularga darvoza qo'­yilishi rejalashtirilayotgan ekan. Ikkinchi tomondagi ko'chaning yarmiga tosh yotqizilgan, qolgan qismiga ham qum-shag'al to'kib qo'yilgan.
– Ellik o'rinli bolalar bog'chasi poydevori uchun handaq qazildi, – deya izoh beradi «G'o'bdin» mahalla fuqarolar yig'ini raisi Rahmatulla Abdurahmonov. – Quruvchilar yeng shimarib turibdi. Tez kunda qurilish ishlari boshlab yuboriladi.
Qishloqni ko'zdan kechirib, ichki ko'chalarda hali ish boshlanmaganligini kuzatdik. Beixtiyor ko'zimiz tomining yarmi ochiq xonadonga tushdi. Qabriston qorovuli Akmal Mamatovga tegishli uy ekan.
– Tumandan kattalar kelib, hovlingning mana bu tomonidan ko'cha o'tishi mo'ljallangan, mana shu qismini buzish kerak deyishdi, – izoh beradi Akmal Mamatov. – Shiferlaringizni yechib oling, qaytadan qurib beramiz, deyishgandan so'ng tomni ochdim. Mana necha oy o'tayaptiki, hol so'raguvchi yo'q. O'zim yopib olay desam sarmoya deganlaridek… 400 ming so'm maoshga yashaymiz. Boz ustiga, rafiqam insult bo'lib yotib qoldi. Bor-budimizni shunga sarfladik. To'rt nafar farzandim bor. Bari yeyman-kiyaman, dey­di. Vayronaga aylanib qolgan hovlimga ichim achiydi. Boz ustiga, ko'chaga qaragan oynalarni ham suvatib tashlashdi. Uy ichi kunduz kuni ham qop-qorong'u bo'lib qoldi.
– Mol-hol bormi? – so'raymiz undan.
– O'tgan yili 20 ta tovuq keltirib berishdi. Savil, tovuqning ham narxi falon pul ekan. Qarzdan hali ham qutulib ulgurganimiz yo'q, – deydi A. Mamatov.
Qishloqdagi 6 ta kam ta`minlangan oila­ning xonadonlari ta`mirlab berilishi rejalashtirilganiga qaramasdan hali birortasida bu yumushga kirishilmagan. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash bosh loyihada ko'rsatilgan bo'lsa-da, endigina quvur tortish ishlari bajarilayotir. Artezian qudug'idan esa hali darak yo'q.
Xullas, Qizilqo'rg'onda bajarilishi lozim bo'lgan ishlar bir talay. Yozning g'animat damlari esa o'tib borayotir.

Nurilla Shamsiev,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar