QARS IKKI QO'LDAN yoxud o'quvchi tarbiyasiga faqat o'qituvchi mas`ulmi?

91

«Ishonch» gazetasida ko'p bora tahlil etilgan mavzu – o'qituvchilarni majburiy mehnatdan ozod qilish, hujjatbozlikka, ortiqcha «komissiya» tekshiruvlariga chek qo'yish, maosh­larni ko'tarish masalasi meni ham mushohadaga chorladi.

To'g'ri, maktab va kollej o'quvchilari 2012 yilda majburiy mehnatdan ozod etildi. Ammo diplomdagi «O'qituvchi» so'ziga mazmun-mohiyatan bir muncha tuzatishlar kiritildi. Mahalliy hokimiyat, qishloq xo'jaligi, obodonlashtirish markazi — barcha tashkilotlar ishi o'qituvchi zimmasiga yuklandi. Pedagoglar shunga ham rozi bo'ldi. Qolib ketgan darslarni fakultativ va to'garak mashg'ulotlarida to'ldirdi. O'qituvchi ko'cha tozalasa ham, paxta tersa ham, qarzdorlik va mahalladan xatlovda yursa ham o'quvchilarga dars berdi. Ularni bilimlar bellashuvi, fan olimpiadalari va turli tanlovlardan yorug' yuz bilan qaytadigan darajada tarbiyaladi, tarbiyalashda davom etyapti.
Avvallari, o'qituvchi hamma ishlarini rejalashtirib olardi. Yuqori tashkilot yoki kelayotgan komissiya uchun emas, o'z oldiga qo'ygan rejasining qancha qismini bajardi, yana nimalarni bajarishi kerakligini aniq bilish uchun… So'nggi yillarda esa bu belgi «rasm va axborot, hisobot» tarzidagi majburiy an`anaga aylandi. Endi «belgi»lar o'qituvchi uchun bo'lmay qoldi. Ilmiy mudirga bir nusxa, direktor o'rinbosariga bir nusxa, shahar (yoki tuman) XTBga bir nusxa, viloyat XTBga bir nusxa, shahar hokimiga, tuman hokimiga … va h.k. Biroq ular bir yil o'tmasdan, ta`bir joiz bo'lsa, pista o'rab sotishga ishlatilayotir. Bu boshog'riq, ko'zbo'yamachilik kimga kerak? O'qituvchi shunga ham ko'ngan edi, o'quvchisini tashlab qo'ymagandi.
Keyinchalik, «obro'li, katta» komissiya­larni kuzatish ham o'qituvchi zimmasiga tushdi. Ularning «tushlik» va «yo'lkirasi»ni yonidan to'laydigan bo'lib qoldi. Bundan norozi emasdi. Axir iloj qancha, byudjetdan oylik oladi…
Yana bir jihat, ish haqi qilingan ishga yarasha emas… Yilda bir beriladigan mukofot puli-yu, 15 foizlik, 20 foizlik, 25 foizlik ustamaga ham ko'ngandi. Aslida, o'qituvchi bir dars uchun qancha tayyorgarlik ko'radi! Tuni bilan mavzuga mos ko'rgazma, tarqatma materiallar, test, baho kartochkalari, rasmlar va h.k.lar uchun cho'ntagidan to'laydi.
Yangi o'quv yiliga forma tiktirish, yangi tartibda xonani jihozlash kerak. (Xona ta`miri, yangi tartibdagi plakat va ko'rgazmalar uchun o'qituvchi o'rtacha bir yarim million co'm sarflaydi, demakki, har yili uning ta`til puli maktabda qoladi).
Kompyuter olib, ko'rgazmali dars o'tishga tayyorlanish-chi? (Kim ham yulina-yulina milliondan oshmaydigan maoshga noutbuk sotib oladi? Noutbuk kreditga 5 million, naqdga esa 4 millionga borib qolsa).
Xonani gullar bilan bezash kerak. («…..kerak»lar ro'yxati bu bilan tugamaydi).
Endi nima uchun maktabdagi o'quvchilarning 60-70 foizi fanlarni haminqadar o'zlashtirishi, ota-onalar farzandlarini repetitorga berib o'qitishayotgani sababi biroz bo'lsa-da oydinlashdimi?
Shaxsan men repetitorlik qilaman. Va o'qitganlarim oliy ta`lim dargohida o'qishyapti. Ammo bu mening o'qituvchilik faoliyatimdan butkul farq qiladi.
Ota-ona bolasi maktabdan ustozidan dakki eshitib kelsa, borib o'sha o'qituvchining «sharmandasini chiqarib» keladi. Ammo repetitor bolani dars qilmagani uchun xonadan «sharmandalarcha» haydasa, «Pulini to'laganman, yaxshi o'qigin-da» deb bolasini koyiy­di.
Bola maktabda sho'xlik qilsa, o'qituvchi aybdor – yaxshi qaramagan. Ko'chada sho'xlik qilsa: «Seni repetitorga jo'natgandim, borsang o'lasanmi, pulim ketyapti».
Bola maktabdan «ikki» olib kelsa, o'quvchiga maktabga kelgani uchungina, o'qimasa ham «uch» qo'yib berishga majbur hisoblangan o'qituvchining obro'si qaerda-yu, «bunaqa abiturient kerak emas» deya o'quvchiga «bir» qo'yib o'quv kursidan chetlashtirgan repetitorning obro'si qaerda?!
Aytmoqchi bo'lgan fikrimiz shuki, qars ikki qo'ldan. Bu jarayonga ota-onalar ham jalb etilishi shart. Ota-ona bolani maktabga ilm olish uchun yuborsagina natija bo'ladi. Aks holda, bolalarning ma`naviy kamolotga erishishini hali ancha kutishga to'g'ri kelishi aniq.

Xurshida NIShONOVA,
pedagog
Namangan viloyati.

Boshqa xabarlar