Jarima katta, ammo qoidabuzarliklar nega to'xtamayapti?

105

Prezidentimiz Shavkat ­Mirziyoev raisligida 27 iyul kuni o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida yo'l-transport hodisalari ko'paygani bilan bog'liq masalalar ham muhokama qilinib, bu borada eng asosiy muammo haydovchi va piyodalarning bilim-ko'nikmalari, qonunga itoatkorlik va boshqa yo'l harakati ishtirokchilariga o'zaro hurmat madaniyatining o'ta pastligida ekani ta`kidlandi.

Bunday holatlarning oldini olish maqsadida yo'l patrul xizmati xodimlari tomonidan tekshirish, tushuntirish ishlari keng yo'lga qo'yilgan. Shunga qaramay, bir qator qoidabuzarliklar, xususan, mast holda mashina boshqarib, turli ko'ngilsizliklar sababchisi bo'lib qolayotganlarning haligacha kamaymayotgani kishini tashvishga soladi.
Ma`lumotlarga ko'ra, avtomobilni mast holatda bosh­qarish – yo'l-transport hodisalari sodir etilishining asosiy sabablaridan biri hisob­lanadi. Ro'y beradigan yo'l-transport hodisalarining 20 foizi ana shu toifa haydovchilar tomonidan sodir bo'lmoqda. Keyingi yillarda avtotransportni mast holatda boshqargan haydovchilar soni 3-4 barobar oshib ketgani, ayniqsa, tashvish­lanarlidir.
Ichki ishlar vazirligining ma`lumotiga ko'ra, yo'l qoidalarini buzish holatlari bir muncha oshgan. Jumladan, iyul oyining birinchi haftasida mamlakatimiz avtomobil yo'llarida jami 181 ta yo'l-transport hodisasi yuz bergan va undan avvalgi hafta natijasiga ko'ra 37 taga ko'paygan. Natijada tan jarohati olgan fuqarolar soni ham 32 taga ortib, 164 tani tashkil etgan.
Keyingi yillarda qabul qilingan qonunlarga ko'ra, spirtli ichimlik­lar iste`mol qilib, avtomobil bosh­qargan haydovchilarga nisbatan jarima miqdorlari oshirildi, qat`iy jazo choralari ko'rilmoqda. Ammo… Bunday holatlarning kamaymayotganining sababi nimada?
Fikrimizcha, odamlar hushyorlik nafaqat o'zining, balki jamiyatning ravnaqi, tinchligi uchun zarurligini anglab yetmas ekan, bunday holatlar davom etaveradi.
Bu kabi ko'ngilsiz holatlarning oldini olish maqsadida yo'lovchi tashish transportlarini o'z vaqtida texnik nazoratdan o'tkazish, aholi, ayniqsa, ta`lim muassasalarida yo'l harakati qoi­dalarini yanada chuqur o'rgatish, olingan nazariy bilimlarni amaliy mashg'ulotlar bilan mus­tahkamlash kun talabiga aylanmoqda. Qolaversa, bu boradagi qonunlarni takomillashtirish va aholining huquqiy savodxonligini yuksaltirish, targ'ibot-tashviqot ishlarini yanada jonlantirish masalalari ham muhim ahamiyatga ega.

Saydulla MIXLIEV,
Ma`muriy ishlar bo'yicha
Bektemir tumani sudi
raisi

Boshqa xabarlar