Ijtimoiy sheriklik – munosib mehnat garovi

306

O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta`minlash masalalari bo'yicha Parlament komissiyasi hamda O'zbekiston Respub­likasida Bolalar mehnati va majburiy mehnat masalalari bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash hamkorligida «Ijtimoiy sheriklik – munosib mehnat garovi» mavzuida videokonferensiya shaklidagi davra suhbati o'tkazildi.

Unda Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta`minlash masalalari bo'yicha Parlament komissiyasi, O'zbekiston Respublikasida Bolalar mehnati va majburiy mehnat masalalari bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo'mitasi, Bosh prokuratura, Bandlik va mehnat munosabatlari, Ichki ishlar, Xalq ta`limi, Sog'liqni saqlash, Qishloq xo'jaligi vazirliklarining rahbar va mutasaddilari, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT), Jahon Bankining O'zbekistondagi vakolatxonasi vakillari, tegishli vazirlik, idora va nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Hududiy studiyalardan esa Qoraqalpog'iston Res­publikasi Vazirlar Kengashi raisining hamda viloyatlar hokimlarining o'rinbosarlari, boshqarmalar, idoralar, kasaba uyushmalari va nodavlat notijorat tashkilotlarining rahbar va xodimlari qatnashdi.
Davra suhbatini O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi raisi Qudratilla Rafikov olib bordi.

Videokonferensiyada mamlakatimizda majburiy mehnatning oldini olish va unga yo'l qo'ymaslik bo'yicha olib borilayotgan tizimli tadbirlar xolisona tahlil qilinib, ushbu yo'nalishda hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar haqida joylardagi ­mas­`ul mutasaddi rahbarlarning axborotlari eshitildi. Shuning­dek, paxta yig'im-terimi mavsumi davrida majburiy mehnatga yo'l qo'ymaslik, ayniqsa, ijtimoiy soha xodimlarining majburiy mehnatga jalb qilinishi oldini olish choralari muhokama etildi.
Ta`kidlanganidek, uzoq yillar davomida O'zbekiston xalqaro tashkilotlar uchun qishloq xo'jaligi ishlarida, xususan, paxta terimida bolalar mehnati va majburiy mehnat uchun ­keskin tanqid ob`ekti bo'lib keldi.
Oxirgi yillarda Xalqaro mehnat tashkiloti va xorijiy ekspertlar ishtirokida paxtachilikda bolalar mehnati va majburiy mehnat bo'yicha olib borilgan tizimli monitoring­lar natijalariga ko'ra, mamlakatimizda bolalar mehnati mavjud emasligi hamda majburiy mehnatga qarshi jiddiy choralar ko'rilayotgani dunyo hamjamiyati tomonidan tan olindi. Lekin, e`tirof etish joizki, majburiy mehnat bilan bog'liq holatlar to'liq bartaraf etilishiga erishilmadi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan majburiy mehnat va bolalar mehnati sohasida qator huquqiy o'zgarishlar amalga oshirildi, mazkur yo'nalishdagi pozisiya aniq-ravshan belgilab olindi, aniq vazifalar qo'yildi. Ularni to'la ro'yobga chiqarish uchun Kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan ham barcha chora-tadbirlar ko'rilmoqda.
Mehnat huquqlari sohasida qonuniylikni ta`minlash maqsadida mamlakatimiz parlamenti vakillari tomonidan salmoqli odimlar tashlanmoqda. Anjumanda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi o'rinbosari, Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta`minlash bo'yicha Parlament komissiyasi raisi Svetlana Ortiqova respublikamiz hududlarida bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo'l qo'ymaslik bo'yicha olib borilayotgan parlament nazorati xususida batafsil to'xtalib o'tdi.
– Har qanday jamiyat ikki toifa – ish beruvchi va ishlovchidan tashkil topadi, – dedi S.Ortiqova. – Ikkala toifa ham o'z huquq va majburiyatlariga ega. Binobarin, ish beruvchi ishlovchining majburiyatlari bilan birga huquqlarini ham hisobga olishi lozim. Boshqacha aytganda, xodimning mehnat huquqlarini toptamasligi, unga munosib mehnat sharoiti yaratib berishi kerak. Ishchi ham, o'z navbatida, huquq va majburiyatlarini bilishi zarur.
Davlat va jamoat tashkilotlarining ijtimoiy sheriklik asosidagi faoliyati mehnat bilan bog'liq ko'p­lab muammolarga yechim topishda asosiy o'rin egallaydi. O'zbekiston Res­publikasi Bosh vaziri o'rinbosari, Xotin-qizlar qo'mitasi raisi, O'zbekiston Respublikasida Bolalar mehnati va majburiy mehnat masalalari bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash raisi Tanzila Narbaeva munosib mehnatni ta`minlashda davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan olib borilayotgan ishlar va bu borada ular oldida turgan vazifalar haqida batafsil tushuntirishlar berdi.
– O'zbekistonda munosib mehnat tamoyillarini amalga oshirishda hukumat va nodavlat tashkilotlarning hamkorligi ancha yillardan buyon amal qilib kelyapti, – dedi T.Narbaeva. – Davlatimiz rahbarining e`tibori tufayli endilikda jamoat tashkilotlariga keng imkoniyatlar berilayotir va bu, o'z navbatida, ishlarni yuksak darajaga ko'tarishga xizmat qilmoqda.
Shuni ochiq-oydin aytish kerakki, bu yilgi paxta yig'im-terimi mavsumida majburiy mehnatga mutlaqo yo'l qo'yilmaydi. Aynan shuning uchun ham barcha hamkor tashkilotlar birgalikda xalq o'rtasida tushuntirish-targ'ibot ishlarini olib borishga jiddiy e`tibor qaratishlari kerak bo'ladi.
O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o'rinbosari Nodir Yakubov ushbu yo'nalishdagi ishlar tahliliga e`tibor qaratib, shunday dedi:
– Vazirligimizning tegishli ins­peksiyalari tomonidan fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta`minlash yuzasidan joylarda doimiy o'rganishlar olib borilayotir. Joriy yilning olti oyi davomida aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish sohasida jami 5639 ta tekshirish va boshqa nazorat tadbirlari o'tkazildi. Ushbu jarayonda korxona va tashkilotlar tomonidan mehnat shartnomalarini tuzish, mehnat daftarchalarini yuritish, mehnatga haq to'lash bo'yicha bir qator xato-kamchiliklar sodir etilgani, ishdan noqonuniy bo'shatish, ma`muriy tarzda mehnatga majburlash holatlariga yo'l qo'yilgani aniqlanib, 4000 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma`muriy javobgarlik qo'llanildi. Vazirlar Mahkamasining «O'zbekiston Respub­likasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi qarori ijrosi yuzasidan o'tkazilgan monitoring natijasida 45 ta holatda byudjet tashkilotlari xodimlari, jumladan, o'qituvchi va talabalar majburiy mehnatga jalb etilganligi aniqlandi. Qonun buzilishiga yo'l qo'ygan mansabdor shaxslar ma`muriy javobgarlikka tortildi. Paxta yig'im-terimi mavsumida fuqarolarning mehnat huquqlarini ta`minlashga alohida e`tibor qaratganmiz. Avgust oyidan boshlab shu masaladagi murojaatlar uchun qisqa telefon raqami joriy etiladi. Joylardagi ish beruvchilar va ishchilar bilan tegishli messenjerlar orqali muloqot yo'lga qo'yilib, murojaatlar o'rganib boriladi va noqonuniy holatlar bo'yi­­cha chora ko'rilishi ta`minlanadi.
– Mamlakatingizdagi ish faoliyatimni 2016 yil boshladim, – dedi Xalqaro mehnat tashkilotining «O'zbekistonda munosib mehnat bo'yicha mamlakat dasturini amalga oshirish» loyihasi bosh texnik maslahatchisi Anton Xauzen. – O'tgan fursat ichida Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar menda ijobiy munosabat uyg'otdi. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Kasaba uyushmalari Federasiyasi, Savdo-sanoat palatasi bilan keng ko'lamli hamkorlikda majburiy mehnatga qarshi kurashish ishlarini olib bormoqdamiz. Shuningdek, bu borada bolalar mehnatiga barham berishga ham erishdik. Hozirda O'zbekis­ton mehnatkashlarning huquqlarini kafolatlash maqsadida talabga javob beradigan ish muhitini yaratishdagi dasturni hayotga tatbiq qilishni yoqlamoqda. Bu jarayonda mamlakatingizda uchta — ishchilar, ish beruvchilar va hukumat o'rtasida namunali yo'l xaritasi ishlab chiqilmoqda. XMT tomonidan qabul qilingan konvensiyalar ratifikasiya qilinib, amalda qo'llab kelinyapti. Natijada Xalqaro mehnat tashkilotida majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalanilishiga oid tanqidiy qarashlar yo'qolib bormoqda. Kezi kelganda ta`kidlash joizki, bugungi kunda mamlakatingizda ijtimoiy himoya, pensiya tizimi, ijtimoiy ta`minot xizmatlari ham yaxshi tashkillashtirilgan.
Anjumanda Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov va Sog'liqni saqlash vaziri o'rinbosari Ilmira Bositxonovaning chiqishlari ham ushbu sohalarda mehnatga oid qonunchilikning ta`minlanishi masalasini qamrab oldi.
– Joriy yilning 17 iyul kuni o'tkazilgan umumiy o'rta ta`lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bag'ishlangan yig'ilish sohamizda inqilobiy o'zgarishlarga yo'l ochdi, – dedi Sh.Shermatov. – Bundan keyin xalq ta`limi xodimlarini majburiy mehnatga, ortiqcha majlislarga jalb qilish, ularning ish haqidan turli vajlar bilan pul ushlab qolish va shunga o'xshash holatlarga qat`iy chek qo'yilishi belgilandi. Ushbu masalani alohida nazoratga olish bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga vazifa yuklatilib, bunday qonunbuzarlik holatiga barham berish yuzasidan tegishli ko'rsatmalar berildi. Mehnat huquqlari buzilishining oldini olish maqsadida bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda joylarda mashg'ulotlar o'tkazilyapti. Shu bilan birga, endilikda vazirlik tizimida huquqiy inspeksiya tashkil etilayotganini ham qayd etish lozim. Uning vazifasi xalq ta`limi xodimlaridan murojaatlarni qabul qilib, muammolarni hal etish bo'yicha tegishli choralarni ko'rishdan iborat bo'ladi.
– Sog'liqni saqlash sohasi xodimlarining mehnat huquqlarini ta`minlash bo'yicha ham amalga oshirilishi lozim bo'lgan ishlar bisyor ekanini ta`kid­lash joiz, – dedi I.Bositxonova. – Yuqorida qayd etilganidek, tibbiyot xodimlariga kasbiy faoliyati bilan bog'liq bo'lmagan vazifalar yuklatilishi, ularning turli mavsumiy yumushlarga jalb etilishi, ayniqsa, kechki navbatchilikda turayotgan yoki tezkor chaqiruvga borayotgan xodimlarga qo'pol munosabatda bo'linayotgani bor haqiqat. Buning asosiy sabab­laridan biri tibbiyot xodimlarini huquqiy jihatdan himoya qilish mexanizmining yo'qligidir.
Davra suhbatida O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi mutaxassislari tomonidan «2018 yilgi paxta hosilini nest-nobud qilmasdan uyushqoqlik bilan yig'ib-terib olish bo'yicha faoliyatni tashkil etishga doir vaqtinchalik tartib» taqdimoti o'tkazildi. Unda byudjet tashkilotlari xodimlari va talabalarni majburiy mehnatga jalb etishning qat`iyan taqiqlanganligi, paxta yig'im-terimida vaqtincha ish bilan band bo'lmagan ko'ngillilar o'z xohishlariga binoan ishtirok etishlari mumkinligi, terimchilarga yaratilishi lozim bo'lgan munosib mehnat sharoitlari to'g'risida batafsil tushuntirish­lar berildi.
– Paxta yig'im-terimi mavsumida qonuniy mehnatni tashkil etish maqsadida vazirligimiz qator tashkiliy-huquqiy choralarni amalga oshirmoqda, – deydi Qishloq xo'jaligi vazirligi boshqarma boshlig'i Azizullo Hamdamov. – Belgilab olgan muhim vazifalarimizdan biri paxta yig'im-terimida majburiy mehnatning oldini olish, adolatli ish haqini tayinlash mexanizmini shakllantirishdan iborat. Hisob-kitoblarga ko'ra, bu yilgi yig'im-terim mavsumida 3000ga yaqin paxta terish mashinalari ishlatiladi. Bundan tashqari, paxta yig'im-terimida ishtirok etuvchilar ish haqidan olib qolinadigan yagona ijtimoiy to'lovdan ozod qilinadi. Bu mavsumda ishchilarni erkin yollashga qaratilgan qadamlardan biri, desak adashmagan bo'lamiz. Shuningdek, terimchilarga ish haqi borasida tabaqalashgan tizimni tatbiq etish ustida ishlamoqdamiz. Ya`ni ishchi aholisi kam bo'lgan hududdagi terimchilar ish haqiga ustama haq to'lanadi.
Videokonferensiya ishtirokchilari bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish borasida davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining o'zaro hamkorligini yanada kuchaytirish zarurligini alohida qayd etishdi. Bu hamkorlik yurt ravnaqi va aholi farovonligini ta`minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

To'lqin ShERNAEV,
Mahliyo UMIRZOQOVA,
«Ishonch» muxbirlari

Boshqa xabarlar