Taraqqiy etgan xalq ilmga suyangan

70

Mashhur ma`rifatparvar Mahmudxo'ja Behbudiy «Padarkush» dramasi personajlaridan biri bo'lgan Ziyoli tilidan shunday so'zlarni aytgan: «Bizlarni xonavayron, bachagiryon va bevatan va bandi qilgan tarbiyasizlik va jaholatdur… Dunyoda taraqqiy qilgan xalq ilm vositasi ila taraqqiy qiladi».

O'tgan asr boshlarida tarix sahnasiga kelgan jadid ma`rifatparvarlari ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy qoloqlik tufayli mustamlakachilik jabrini tortib kelayotgan vatandoshlarini mudroq holatdan uyg'otish, uni ma`rifat chashmalaridan bahramand etib, jahondagi ilg'or xalqlar qatoriga olib chiqish yo'lida fidoyilarcha faoliyat yuritishdi. Ularning sa`y-harakatlari bilan iste`dodli yoshlar Germaniya, Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon, Tataris­ton singari xorijiy mamlakat va o'lkalarga o'qishga yuborildi. Ammo ming afsuslar bo'lsinki, jadidlarning bu ma`rifiy islohotlaridan manfaatdor bo'lmagan dastlab chor, keyin esa sovet davlati ularni qattiq siquv va tahdid ostiga oldi; xorijda tahsil olib kelgan yoshlar bilan birga jadidlar ham qirib tashlandi.

Milliy xalqlarning taraqqiy etishi mustamlakachi davlat uchun o'z oyog'iga bolta urish bilan baravar edi. Lekin o'zbek xalqi jadid­lar bergan turtki bilan sovet davrida ham katta ilmiy va ijodiy yutuqlarni qo'lga kiritdi: barcha sohalar bo'yicha malakali mutaxassislar yetishib chiqdi; maktab va maorif rivojlandi; adabiyot va san`at kamol topdi; boy kutubxonalar qurildi. Biroq mus­taqillik yillarida olamshumul o'zgarishlar bilan birga shunday ishlar ham amalga oshirildiki, beixtiyor savollar paydo bo'laveradi: Muqovasida «Moskva», «SSSR», «O'zSSR», «sovet», «Turkiya», «Istanbul» so'zlari yozilgan kitob­larni yoqib tashlashga kim buyruq berdi?! Shunday so'zlar bitilgan noyob kitoblarni saqlab qolgan kutubxona mudirlarini ishdan bo'shatish shartmidi?! Necha o'n yillar davomida shakllangan jahondagi eng ilg'or maorif tizimidan voz kechilgani uchun kim javob beradi?!

Yuqori malakali professor va dosentlari, zamonaviy o'quv qurollari bo'lmagan institutlarning hech bir tayyorgarliksiz universitetlarga aylantirilishidan kim yutdi? Qancha mashaqqat bilan professor ilmiy unvoniga erishgan olimlarning oltmish yoshga to'lishi bilan «kavushlari to'g'rilab qo'yilgani»ga nima deysiz? Ular o'rnini egallay oladigan malakali kadrlar topildimi yoki yetishtirib chiqarildimi?!.
Afsuski, bunday savollar hamon javobsiz qolmoqda…
Davlatimiz rahbari Shavkat ­Mirziyoevning sa`y-harakatlari bilan mustaqillik davrining yangi bosqichi boshlanishi bilan yo'l qo'yilgan xatolar tuzatilib, fan va madaniyatga g'oyat katta e`tibor berila boshlandi. Bunda olamshumul o'zgarishlarning dastlabki samaralari bo'y ko'rsatayotganini hamma ko'rib turibdi. Lekin shunday masalalar borki, rahbariyat ham, jamiyat ham ularga alohida e`tibor bermasa, xatolar takrorlanishi mumkin.
Har bir jamiyat mexanizmining shiddat bilan ishlashi kadrlarga bog'liq. Bugun yurtimizda bilimdon, vatanparvar, jonkuyar, halol va madaniyatli kadrlarga ehtiyoj katta. Biror xorijiy tilni yaxshi bilish — hali malakali kadr bo'lish degani emas. Malakali kadr har jihatdan yetakchi mutaxassis, murakkab masalalarni mustaqil hal qila oladigan, xalqparvar, obro'li va madaniyatli kishi bo'lishi lozim.
Ijtimoiy-gumanitar fanlar vakili bo'lganim uchun shu sohadagi ahvoldan yaxshi xabardorman. Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti yaqin-yaqingacha hozirgi Milliy universitetni tugatgan yosh filologlar hisobiga kengayib va yasharib kelgan. ­Keyingi yillarda shu an`ana buzilib, hatto aspiranturaga o'qishga keluvchilar soni va sifati pasayib ketdi. Universitetdagilarning aytishicha, ilmiy ishga qiziqadigan talabgorlar tobora kamayib bormoqda. Ozod Sharafiddinov, Laziz Qayumov, Umarali Normatov singari mashhur domlalar saboq bergan nufuzli o'quv dargohidan ularga munosib o'rinbosarlar yetishib chiqmasa, bu yog'i qanday bo'ladi? Nahotki, adabiyotshunoslik va tilshunoslik fanlari rivojlanishdan to'xtab qolsa?..

Shunisi achinarliki, ijtimoiy-gumanitar o'quv yurtlariga kirgan, hatto ularni tugatayotgan yoshlarning aksari o'zbek adabiy tilida yoza olmaydi. Ular yozgan va yozayotgan malakali-bitiruv, magis­trlik, nomzodlik va hatto doktorlik dissertasiyalari qo'lyozmalarini o'qiy olmaysiz. Bu nadomatli hol anchadan beri davom etib kelayotgani bois kemtikni to'ldirish uchun tahrirchi va tarjimonlardan iborat «mutaxassislar ­tresti» jadal ishlab turibdi. Mazkur «trest» yordamida tayyorlangan va yoqlangan ilmiy ishlarning mualliflarini to'liq olim deyish mumkinmi?..

Jadidlargacha bo'lgan o'zbek adabiy tili arab va fors so'zlariga to'lib-toshgani bilan talabalarga qiyinchilik tug'dirgan bo'lsa, bugun iste`molda bo'lgan o'zbek adabiy tili imlo va uslub jihatidan yaxshi ishlanmagani sababli yoshlarga murakkablik tug'diradi. Hozirgi o'zbek adabiy tilining shakllanishida rus tili va rus tili grammatikasining ta`siri kuchli ekanligidan biz hatto dastlab ruscha fikrlab, keyin shu fikrning o'zbekcha ifodasini qog'ozga tushiradigan bo'ldik. Shu jarayon o'zbek adabiy tilini egallashda ma`lum bir murakkabliklarning tug'ilishiga sabab bo'lgani ayni haqiqat.
O'zbek tilida gapirish, o'zbekcha fikrlash va yozishga o'rgatish maktabdan boshlanishi lozim. O'quvchilarning e`tiroficha, hozir maktab tizimidagi eng zerikarli fan ona tilidir. Shu tufayli ona tili faniga ajratilgan soatlarning yaqin kelajakda yanada kamayib ketishi ehtimoldan uzoq emas. Xalq ta`limi vazirligi o'zbek tili fani uchun ko'proq soat ajratishi, «qiziqarli fizika», «qiziqarli matematika», «qiziqarli astronomiya» fanlari singari ona tilini ham «qiziqarli fan» darajasiga ko'tarishi zaruratdir. Agar o'qituvchi o'quvchilarni ona tiliga, shu tilda yozilgan asarlarga qiziqtira olmasa, shu tilda yozilgan asarlardagi til va uslub jilolariga maftun etolmasa, u «zerikarli fan» darajasida qolib, Navoiy va Bobur, Abdulla Qodiriy va Cho'lpon tili sifatida hurmat hamda e`tibor qozona olmaydi. O'zini hurmat qilgan o'qituvchilar o'zbek tilidagi har bir so'z va har bir ifodaning mazmun va shakl xususiyatlarini shunday nurlantirib yuborishi lozimki, o'quvchilar u yoki bu so'zning kamalak ranglarini ko'rib, hayratga tushsin!
Mustaqillik yillarida maktab va maorif tizimiga ko'plab yangi fanlar kirib keldi. Bu hol ayrim fanlarni qisqartirishni taqozo qildi. Afsus­ki, shu jarayonda ijtimoiy-gumanitar fanlar ko'proq jabr ko'rdi. Holbuki, avlodlar davrlar mobaynida «odobnoma» emas, «adabiyot» fani yordamida, adabiyot darslarida ta`rif va tavsif qilingan qahramonlar va ularning go'zal insoniy fazilatlari misolida tarbiyalab kelingan. «Adabiyot» fanida asarlari o'tilgan ijodkorlar xalqning peshqadam kishilarigina emas, balki or-nomus timsollari bo'lib kelishgan. Ulardan iborat «adabiyot» fanini, o'zbek xalqining ulug' tarixiy o'tmishini mash`al yanglig' yoritib turgan tarixiy shaxslardan iborat «tarix» fanini qisqartirish milliy o'zlik, milliy iftixor va milliy mentalitetning mustahkamlanishiga xizmat qilarmikin?..
O'tgan o'n ikki yil davomida fan olamida hukm surgan tartib o'zbek faniga haddan tashqari katta zarar keltirgani hech kimga sir emas. Yosh va keksa olimlarimiz shu davr mobaynida nomzodlik va doktorlik dissertasiyalarini yoqlash imkoniyatidan mahrum etildi. Buning natijasida o'zbek fanida xaos hukmronlik qildi.

O'tgan yili Prezidentimiz ­Shavkat Mirziyoev fan olamiga qo'yilgan sun`iy to'siqlarni bartaraf etib, tayyorlab qo'yilgan dissertasiyalarni himoya qilish uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berdi. Yarim yillik muddat ichida yuzlab dissertasiya mualliflari o'z tadqiqotlarini himoya qilib, ijtimoiy-gumanitar fanlarning turli sohalari bo'yicha falsafa doktori ilmiy unvoni va fan doktori ilmiy darajasini olishga muvaffaq bo'ldi. Ammo shunday quvonchli yutuqlar bilan birga ilm-fan sohasida hali o'ylab ko'riladigan masalalar ham oz emas.

Hech bir istisnosiz fanning har bir istiqbolli sohasi rivojlanishda davom etishi kerak. Bir soha rivojlanib, ikkinchi soha tanazzul holatida yashashda davom etsa, fanning strategik taraqqiyot rejalari buzilgan hisoblanadi. Ijtimoiy-gumanitar fanlar olamida shunday sohalar borki, ulardan birining rivojlanib, ikkinchisining taraqqiyotdan to'xtab qolishi rivojlanayotgan sohaga ham salbiy ta`sir ko'rsatadi. Shu ma`noda Fanlar akademiyasining Tarix institutini yangi tarixiy davr bilan hamqadam ilmiy muassasa, deyish qiyin. Institutning asosiy ilmiy salohiyati hali ham yagona ilmiy g'oya, ilmiy maqsad atrofida birlashgan emas. Holbuki, xalq institutdan sovet davrida ro'y bergan inqilob, muxtoriyat, «bosmachilik», ochlik, «quloqlashtirish», qatag'on singari siyosiy voqealarga va shu davr­­da respublikaga rahbarlik qilgan Akmal Ikromov, Fayzulla Xo'jaev, Usmon Yusupov singari davlat arboblari fao­liyatiga ilmiy baho berilishini va ular asarlari ilmiy-tanqidiy nashrining amalga oshirilishini kutmoqda. Bu masalalarning hal etilishi Alisher Navoiy nomidagi O'zbek tili, adabiyoti va folklori institutida sovet davri o'zbek adabiyotining taraqqiyot yo'llari va metodlarining milliy g'oya talablari asosida o'rganilishiga yo'l ochadi.
Shu o'rinda mazkur institutda salmoqli ishlar amalga oshirilayotganini e`tirof etgan holda ayrim kamchilik­larga ham yo'l qo'yilayotganini ta`kidlab o'tish joiz.

Misol tariqasida aytadigan bo'lsak, mumtoz va zamonaviy o'zbek adabiyotining o'ta muhim va «tesha tegmagan» masalalarini o'rganishdan ko'ra milliy folklor masalalarini o'rganishga ko'proq e`tibor qaratilmoqda. Hozir institutda himoya qilinayotgan uchta dissertasiyadan ikkitasi o'zbek folklori masalalariga bag'ish­langan. Holbuki, o'rta va oliy ta`lim tizimidagi o'quv yurtlarida folklorshunos olimlarga ehtiyoj katta emas.

Hozir o'zbek adabiyoti va jurnalis­tikasida g'aroyib bir jarayon kechmoqda. Ya`ni, ko'hna turkiy so'zlarni «tiriltirish» yoki original bo'lish maqsadida «asar»ni «bitik», «asr»ni «yuzyillik», «obraz»ni «timsol» deb yozish urf bo'lmoqda. Gazeta va jurnallar sahifalarida bunday «quvilayotgan» va «kiritilayotgan» so'zlar oz emas. Holbuki, «bitik» so'zi qadimiy qo'lyozmalarga nisbatan aytiladi. «Ramz» ma`nosini anglatgan «timsol»ni «obraz»ga nisbatan qo'llash to'g'ri emas. «Yuzyillik» esa aksar arab va fors so'zlari «quvilgan» turk tilining mulki. «Asar», «asr» va «obraz» so'zlari o'zbek tiliga shu qadar singib ketganki, ularni boshqa so'zlar bilan almashtirishga hech qanday ehtiyoj yo'q.
Afsuski, Alisher Navoiy nomidagi O'zbek tili, adabiyoti va folklori ins­titutidagi tilshunos olimlar shunday jarayonga aralashib, o'zbek tilidagi barqarorlikni saqlab qolish, til ekologiyasi bilan shug'ullanish o'rniga tilshunoslik fanini ruscha atamalar bilan to'ldirib tashlashda davom etmoqda. Institutning «O'zbek tili va adabiyoti» jurnalini varaqlagan kishi undagi «Segment qurilmalar pragmatik tadqiq ob`ekti sifatida», «Sintaktik omonimiya asosidagi assimetriya», «Jins» konseptining semantik-funksional tadqiqi», «Bolalar nutqida konnotasiya­ning o'ziga xos xususiyatlari», «Janubiy Qoraqalpog'iston oykonimlarining semantik xususiyatlari» singari maqolalarni o'qib hayratga tushadi. Nahotki, o'zbek tilshunoslari o'zbek tilidagi hodisalarni o'zbek tilida ifodalay oluvchi so'z va atamalarni topa olmasa?! 20-yillarda Fitrat, Elbek, Qayum Ramazon singari olimlarning ruscha atamalarning o'zbekcha nusxalarini topish va qo'llash tajribasidan foydalanish mumkin-ku?!.

Xulosa o'rnida aytadigan bo'lsak, ilm-fan taraqqiyoti mamlakat istiqbolini belgilaydi. Xalqimiz yorug' kelajakni ilm-fan orqali qurishi zarur.

Naim KARIMOV,

akademik

Boshqa xabarlar