Firibgar aybdormi yoki jabrlanuvchi?

154

Ana shunday ustamonlardan biri – shovotlik Nafisa Do'simova (ism-shariflar o'zgartirilgan). 30 yoshdagi bu ayol gapga chechan, istarasi issiq, rus va o'zbek tillarini aralashtirib gapiradi. Xushomadni do'ndiradi. Orasida amr-u ma`ruflar qilib, din-u diyonatdan saboq beradi. Shunday ayolga ishonmay bo'ladimi? Unga havas qiladiganlar, o'xshagisi keladiganlar ham yo'q emas.

Nafisa oliy o'quv yurtini tamomlab, nufuzli bank idorasida ish bosh­ladi. Oradan ko'p o'tmay, mijozlardan biri Nafisaning makkorligini payqab qoldi. Huquq-tartibot organlariga murojaat qildi. N. Do'simova Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan aybdor, deb topilib, jazoga tortildi. Oradan ko'p o'tmay, amnistiya akti asosida jazodan ozod bo'ldi. Yoshgina qiz, hali oila ham qurmagan, o'z hayotini izga solish uchun harakat qilgandir deb o'ylaganlar adashadi. Nafisa obdan o'ylab qarasa, u topayotgan pul «ozgina jabr chekishga» arziydi. Balki bu safar qilmishi fosh bo'lmas? Bo'lganda ham ayollarga og'ir jazo berishmaydi. Shu tariqa Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan yana ikki-uch marotaba sudlandi. Ammo baribir tegishli xulosa chiqarmadi.
Mashhur rivoyat yodingizdami? O'g'irlik jinoyati sodir qilib, jazo tayinlangan yigit onasining tilidan o'pishni iltimos qiladi. Ruxsat tekkach, tishlab oladi. O'z harakatini «Agar men birinchi marta o'g'irlik sodir qilganimda, onam bu ishimni ma`qullamasdan, o'g'irlikdan qaytarganida bu ahvolga tushmas edim», deya izohlaydi.
Nafisaning nafaqat onasi, otasi ham qizining ishini ma`qullab, qo'llab-quvvatlashdi. «Yashavor, qizim, sen shoxidamas, bargida yurasan, bunaqa iste`dod har kimga ham berilavermaydi», deb qizlarini qing'ir yo'lga undab turishdi. Shu orada ular biri olib, biri qo'yib Nafisa viloyatdagi nufuzli bankda chet el valyutasi bo'limida ishlashi haqida gap tarqatishdi. Qo'ni-qo'shni, mahalladagilar ham ishonishdi. «U sudlangan edi-ku?» deb o'ylab o'tirishmadi. Ko'pchilik buni bilmasdi ham. Po'rim kiyinib, Urganchga borib-kelib yurgan qizga ishonmay bo'ladimi?! Ko'p o'tmay Nafisa qo'shnilariga o'zi ishlovchi bankda chet el valyutasi ­bo'yicha yuqori foizlarda omonat hisobraqami ochtirib berishini aytdi.
– Ovora bo'lib, Urganchga borib-kelib yurmaysizlar. Uyga olib kelib bersangizlar ham bo'ladi. Bilasizlar, hozir chet el valyutasiga foiz kam berishadi. Men bir amallab yuqori foizli omonatga qo'ydiraman. Rahbarlarim bilan ham gaplashdim. Ulargayam dangalini aytdim. «Oddiy xalqqa ham qayishish kerak», dedim.
Notiqlik – san`at. Shu gaplarga ishonmay bo'ladimi?!
Uning so'zlariga laqqa tushganlardan biri fuqaro Q. Bekturdiev bo'ldi. Qosim dastlab qizga 3700 AQSh dollari va 17 million so'm keltirib berdi.
– Endi, aka, masalaning yana bir jihati bor, – dedi Nafisa. – Katta foizli omonatga pul qo'yishning o'zi bo'lmaydi. Buning uchun 100 dollar berishingiz kerak.
Qosim xomcho't qilib ko'rsa, 100 AQSh dollari degani oladigan bir oylik foizining yarmidan ham kam. Darrov rozi bo'ldi. Bir-ikki kundan so'ng Nafisa bank belgisi tushirilgan shartnoma nusxalari va boshqa blankalarni keltirib berdi.
– Bularni yo'qotib qo'ymang, – deya tayinladi.
Ko'p o'tmay yana bir kishi 16 million so'm keltirib berdi. Undan ham xizmat haqini oldindan oldi. Boshqa birovi 8700 AQSh dollari ko'tarib keldi. Bittasi 34 million so'm. Shu tariqa olti nafar fuqaro ­omonatga qo'yish uchun katta miqdorda pul keltirib berdi.
Pul daryoday oqib kelayotganini ko'rgan ota-ona qizining mijozlarini ko'paytirish maqsadida «reklama»ga zo'r berishdi.
Yuqori foizga pul qo'yganlar oradan bir yilga yaqin vaqt o'tibgina aldanganliklarini anglab yetishdi.
Qosim qo'shnisiga Nafisa haqida gapirib, uni ham bankka pul qo'yishga undamaganida hozir ham xayolida oladigan foizlarining xomcho'tini qilib yuravergan bo'lardi.
– Qachon ko'rgansiz bankka kimningdir uyida pul qabul qilinganini? Hisobraqami ochish uchun shaxsan o'zingiz hujjatingiz bilan borishingiz kerak.
Qosimning rangi oqarib ketdi.
– Menda hujjatlar bor, – deya qo'shnisiga olib chiqib ko'rsatdi.
– Bular soxta emasmikan?..
Qo'shnisining qistovi bilan bankka borgan Qosim chuv tushganini angladi. Ana undan keyin janjal, tergov boshlandi. Bu haqda eshitgan boshqa omonatchilar ham harakatga tushishdi.
Ko'plarni chuv tushirgan firiblar aniq­landi. Sud hukmi bilan N. Do'simova va ota-onasiga tegishli jazo belgilandi.
Ammo bizni qiynayotgan masala shuki, bunday firibgarlarni kim tarbiyalayapti? bir jinoyati uchun jazolansa, bu yo'lga yana nega qadam qo'ymoqda?
Huquq-tartibot organlari vakillari har doim bunday jinoyatlarning kelib chiqish sababini odamlarning huquqiy madaniyati pastligi va huquqiy savodsizligi bilan izohlashadi. Bu kabi holatlarga barham berish maqsadida huquqiy targ'ibot kuchaytirilayotganini ta`kidlashadi. Aholining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida qanchadan-qancha davra suhbatlari, uchrashuvlar tashkil qilingani aytiladi.

Aslida, bu kabi tadbirlar talab darajasida o'tkazil­yaptimi? Unda nega fuqarolarning huquqiy bilimlari hamon pastligicha qolmoqda? Biz bayon qilgan jinoyat ham fuqarolar oddiy tartib-taomillarni bilmasligi oqibatida kelib chiqmaganmi? Jarayonlardan bexabarlik, tegish­li ma`lumot va axborotga ega bo'lmaslik natijasida qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz firibgarlar qo'ygan tuzoqqa tushib qolmoqda. Nafaqat bankka omonat qo'yishda, balki ko'plab davlat xizmatlaridan foydalanish haqida ham fuqarolar aniq tushunchaga ega emas. Bu esa huquqshunoslarimiz, davlat organlari vakillari nomigagina chiqishlarni bas qilib, amaliy va ta`sirchan tadbirlarni kuchaytirish­lari lozimligini ko'rsatadi.

Muhabbat TO'RABOEVA

Boshqa xabarlar