Hayajonli damlar qanday kechmoqda?

139

Poytaxtimizda test sinovlari «O'zekspomarkaz»ning bir necha pavilonlari, «O'zko'rgazmasavdo» majmuasi, Oliy o'quv yurtlariaro sport majmuasi, Respub­lika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-­internati, Olimpiya zaxiralari kollejining katta sig'imdagi binolarida bo'lib o'tmoqda.

Mamlakatimizda abiturientlarni 2018/2019 o'quv yilida oliy ta`lim bosqichiga qabul qilish uchun test sinovlari adolatli va shaffof o'tkazilishi ko'zda tutilgan. Bu yilgi test sinovlari 1-15 avgust kunlari katta sig'imli pavilonlarda 2 smenada, ta`lim yo'nalish­lari kesimida o'tkazilmoqda. Sinov natijalari test sinovlari topshirilgan kunning ertasiga ­e`lon qilinadi.

… «O'zekspomarkaz»da barcha sharoitlar yaratilgan. Bino tashqarisida ota-­onalar uchun maxsus o'rindiqlar tashkil etilgan. Ular o'rnatilgan monitorlar orqali sinov jarayonlarini kuzatib borishyapti.
– Qizim Madina Toshkent islom universitetiga kirish uchun test sinovlarini topshiryapti, – deydi Gulchehra Muqimova. – Arab tiliga bo'lgan qiziqishi uni shu ushbu maskanga yetakladi. Arab adabiyoti yo'nalishida oliy ma`lumotga ega bo'lishni istaydi. Bugungi sinovlarning shaffofligini ko'rib, xotirjam tortdim, adolat qaror topishiga ishondim.
– Hayajondaman, – deydi Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga hujjat topshirgan Bahrom O'rmonbekov. – Test sinovlariga puxta tayyorlandim. Ishonchim komil, sinovni muvaffaqiyatli topshiraman. Davlat test markazining axborotlarini kuzatib bordim. Bu mening o'zimga bo'lgan ishonchimni yanada oshirdi.
– Oliy ta`lim muassasasiga o'qishga qabul qilish bo'yicha kirish test sinovlari Toshkent shahrida «O'zekspomarkaz» milliy ko'rgazmalar majmuasi pavilonlarining 5 ta binosida o'tkazilmoqda, – deydi Davlat test markazi bosh mutaxassisi G'ayrat Hafizov. – 3500 dan ortiq abiturient sinovlarni topshirmoqda. Binolarda yoritish, haroratni nazorat qilish, abiturientlarning bir-biriga xalal bermasligi ko'zda tutilgan. Ularga kerak bo'lgan ko'makni berish, «shpargalka»lar, auditoriyaga mumkin bo'lmagan buyumlarning olib kirilishiga yo'l qo'ymaslik uchun 350 dan ortiq kuzatuvchi jalb qilingan.
Shu kuni «O'zekspomarkaz» milliy ko'rgazmalar majmuasiga O'zbekis­ton Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov tashrif buyurib, ota-onalar bilan suhbatda bo'ldi.

Muqaddas RAZZOQOVA,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar