Jomiy va Navoiy adabiy va abadiy do'stlik timsoli

177

Dunyoda bir-biriga yaqin millatlar ko'p. Biroq tili bosh­qa-yu dili bir bo'lib ketgan ikki xalqning jipsligi borasida o'zbek bilan tojikka yetadigani yo'q.

Ularni ko'rinishidan ajratish mushkul. Libos, urf-odat – bir xil. Bunday uyg'unlik adabiyotda ham yaqqol namoyon bo'ladi. O'zbek va tojik adabiyoti bir muhit, bir mezon, bir g'oyaviy-mafkuraviy maydonda rivojlanib kelgan. Xususan, XV asrda ikki buyuk zot – Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy pir-muridligi, ustoz-shogirdligi, ijodiy hamkorligi misolida o'zining yuksak darajasini namoyon etdi.
Nuriddin Abdurahmon Jomiy garchi Xurosonning Jom qishlog'ida tug'ilgan bo'lsa ham Hirotda yashab, ijod qilgan edi. Yosh jihatidan Jomiy Navoiyga ota qatori edi. Chunki Navoiy tug'ilganida Jomiy 27 yoshda edi.
Jomiy va Navoiy hayoti va ijodini bir-birisiz tasavvur etib bo'lmaydi. Ular o'sha davr adabiy-madaniy, ma`naviy-ma`rifiy muhitining ikki buyuk ustuni edi. Hamma nimaiki yozsa, avval shu ikki zotning nazaridan o'tkazib olishni istar, ularning gapi asarga berilgan asl baho hisoblanardi.
Jomiy va Navoiy kabi bir-birining ijodiga ta`sir o'tkazgan zamondoshlar adabiyot tarixida noyob hodisa hisoblanadi.
Navoiyning

Ochmag'ay erding
jamoli olamoro, koshki,
Solmag'ay erding
bori olamg'a g'avg'o, koshki, –

matla`si bilan boshlanadigan g'azali el orasida katta shuhrat qozonadi. Hatto, u sulton Husayn Boyqaro huzurida ham o'qiladi. Jomiy xuddi shu qofiya va radif asosida tojik tilida bu g'azalga o'xshatma (nazira, tatabbu`) bitadi. U

Didame didori on
dildori ra`no, koshkӣ,
Dida ravshan kardame
z-on rӯyi zebo, koshkӣ, –

matla`si bilan boshlanadi. Atoqli olim Najmiddin Komilov ta`kidlaganidek, «Jomiyning tatabbu` tariqida yozgan g'azali ham el orasida shuhrat topib, Husayn Boyqaro e`tiborini qozonadi va podshoh Navoiyga ushbu forsiy g'azalga musaddas bog'lash (har bir baytni olti misralik bandga aylantirish)ni amr etadi. Hazrat Navoiy bu amrni bajaradilar – yana yangi bir ajoyib asar vujudga keladi».
Mazkur musaddasning birinchi bandi quyidagicha jaranglaydi:

Kardame dar xoki kӯyi
dӯst ma`no, koshkӣ,
Sudame ruxsori xud
bar xoki on po, koshkӣ.
Omadӣ berun zi kӯy
on sarvi bolo, koshkӣ,
Burqa` afkandӣ zi
rӯyi olamoro, koshkӣ,
Didame didori on
dildori ra`no, koshkӣ,
Dida ravshan kardame z-on
rӯyi zebo, koshkӣ.

Jomiy va Navoiy ijodida umumiy ruhiy yaqinlik bor edi. Navoiy «Mahbub ul-qulub»da forsiyzabon shoirlarni besh guruhga bo'lib tasnif etadi. Birinchisi – ishqi haqiqiyni kuylagan shoirlar. Ikkinchisi – haqiqiy ishqni majoziy ishq mahsuli sifatida yoritgan shoirlar. Uchinchisi – majoziy ishqni kuylagan shoirlar. To'rtinchisi – ham ishqi haqiqiy, ham ishqi majoziy tas­virida komil, ikkalasi tasvirini ham yuksak darajaga ko'targan shoirlar. Navoiy piri va ustozi bo'lmish Jomiynigina shu guruhga qo'shadi. Beshinchisi – nazmni faqat ko'ngillarni xushnud, xursand va rozi qilishning vositasigina deb biladigan shoirlar. Navoiy ularni eng past tabaqa deb hisoblaydi. Chunki ularning «so'zlarida ne haqoyiq (Xudo) va maorif (Xudoga yaqinlik, tasavvuf) no'shidin halovat va nazmlarida ne shavq va ishq o'tidin harorat» bor.
Shu o'rinda o'ta muhim bir masalani faromush qilmasligimiz zarur: Navoiy Jomiyni qaysi guruhga kiritgan bo'lsa, uning o'zini ham shunga mansub deb hisoblash lozim. Chunki, birinchidan, Navoiy adabiyotda ilohiy ishq yoritilishini asosiy mezon qilib olib, bu borada pirining yo'lidan yurgani aniq. Ikkinchidan, adabiyotning Haqqa ishq masalasiga munosabatida bu ikki zamondosh ­shoirda muayyan birxillik yuzaga kelgan bo'lishi tabiiy. Uchinchidan, tasnifga asos bo'lgan masala uchun adabiy asar qaysi (forsiymi, turkiymi) tilda yozilganining sira ahamiyati yo'q edi. To'rtinchidan, Navoiyning bunday tasnifni amalga oshirishdan ko'zlagan bir ilinji o'zining bu borada aynan qaysi guruhga mansubligini kelajak uchun bildirib o'tishdan iborat edi. Beshinchidan, Jomiy Navoiyning piri edi, muridning ijodiy yo'li murshidning yo'liga muvofiq bo'lishi lozim edi.
Biroq bundan Jomiy bilan Navoiy har taraflama aynan bir yo'nalishdagi shoir edi, degan xulosa chiqarmaslik kerak. Navoiy tasnifida gap faqat Allohga ishqni yoritish bo'yicha adabiyot turlari haqida boryapti. Jomiy va Navoiyning o'ziga xosliklari haqida so'zlanadigan bo'lsa, bir talay masalalar yuzaga chiqadi. Jomiy, avvalo, olim, so'ng esa shoir edi, Navoiy esa, aksincha, avvalo, shoir, so'ng esa olim edi.
Qolaversa, o'rtada til farqi bor edi. Bundan kelib chiqadigan o'ziga xosliklar ham mavjud. Jomiy ravon, silliq, ilgari ko'p o'tilgan, ochilmagan yo'lagi kam qolgan, shuning uchun yangi yo'l topish mushkul bo'lgan yo'ldan yurishi kerak edi. Navoiy, ­ta`bir joiz bo'lsa, ko'p jihatdan ochilmagan qo'riqda, keng maydonda, deyarli yurilmagan yo'ldan yurishga majbur bo'ldi. Bu jihatdan ikkalasi oldida turgan mushkulot ham bir-­biridan qolishmas edi.
Shu o'rinda Jomiyning Navoiyni e`tirof etib aytgan mana bu fikr­i­­­ni keltirish o'rinli: «Bu qalamga falakdan ofarinlar yog'ilsin! Chunki bu yoqimli naqshni o'sha qalam yaratdi va forsiy til egalari, forscha nazm durlarini tizuvchilarga rahm qildi: agar u ham shu forsiy tilda yozganida, boshqalarga so'z aytishga majol qolmasdi. Bu mo'`jizakor nazm tarozisi qarshisida Nizomiy kim-u Xusrav kim bo'ldi?!» .
Holbuki, Navoiy she`riyatda erishgan yutuqlarini, aynan Nizomiy Ganjaviy, Sa`diy Sheroziy, Xusrav Dehlaviy, Hofiz Sheroziy, albattaki, Abdurahmon Jomiy ijodining ta`siri hosilasi, deb biladi. Masalan, «G'aroyib us-sig'ar» devonining 650-g'azali mana bu maqta` bilan tugaydi:

Demangiz bulbul Navoiyni,
samandardekki, bor
Nazmi ichra shu`layi Jomi-yu
so'zi Xusraviy.

«Badoe` ul-vasat» devonining 215-g'azal maqta`sida yana ikki ustozi – Jomiy va Xusravni tilga oladi:

Ey Navoiy, sen-u Xusrav bila
Jomiy tavri
San`at-u rangni qo'y,
so'zda kerak dard ila so'z.

Yoki «Xamsa» dostonlarining har birida Jomiy haqida maxsus bob bor. «Hayrat ul-abror» da 65, «Farhod va Shirin» da 34, «Layli va Majnun» da 40, «Sab`ayi sayyor» da 41, «Saddi Iskandariy» da 44 baytdan tashkil topgan. Bularning jami 220 bayt bo'lishini inobatga olib, navoiyshunos Karomat Mullaxo'jaeva «Agar har bir dostondagi bu madhlar jamlansa, kichik bir doston hajmini oladi», – deb yozadi. «Majolis un-nafois», «Nasoyim ul-muhabbat…» tazkiralarida ham Jomiy ta`rif-u tavsifiga alohida qismlar bag'ishlangan.
Navoiy «Xazoyin ul-maoniy»ni Jomiy maslahati bilan tuzgan.
«Risolayi musiqiy», «Risolayi muammo», «Nafahot ul-uns…» asarlarini Navoiy ustoziga iltimos bilan yozdirgan. Jumladan, «Nafahot ul-uns…»ning yozilishiga sabab bo'lgani haqida Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat min shamoyim ul-futuvvat» tazkirasida bunday deb yozadi: «…Hazrat ustozim, sayyidim, hujjatim, maxdumim va shayx ul-islomim Mavlono, millat va din nuri – Abdurahmon Jomiy (unga Allohning rahmati, mag'firati, salomi va rizosi bo'lsin) xizmatlarida «Nafahot ul-uns min hazarot il-quds» kitobi jam`-u tartibining boisi bo'ldum» .
Jomiy vafot etganidan keyin Navoiy ustozining bu asarini ayrim to'ldirishlar bilan o'zbek tiliga tarjima qildi. «Nasoyim ul-muhabbat min shamoyim ul-futuvvat» tazkirasi shu asosda yuzaga keldi.
Jomiy Muhammad payg'ambar ­­­(s. a. v.)ning qirq muborak hadisini forsiyda she`rga solib, hadislar mazmunini to'rt satrlik qit`alarda bayon etib berdi. Navoiy ustozidan ruxsat so'rab, shu qit`alarni o'zbekchaga tarjima qildi. «Arbain» to'plami shu tarzda dunyo yuzini ko'rdi.
1479–1485 yillar mobaynida, ya`ni 65–71 yoshlarida «Haft avrang», («Etti taxt» yoki «Etti ayiq») deb atalgan buyuk majmua yaratib, xamsanavislar safidan o'rin oldi. Jomiy «Xamsa» an`anasiga yangilik kiritib, yana ikki doston qo'shdi. «Haft avrang» «Tuhfat ul-ahror» («Nuroniylar tuhfasi», 1481/1482), «Sibhat ul-abror» («Taqvodorlar tasbehi», 1482/1483), «Yusuf va Zulayho» (1483), «Layli va Majnun» (1484), «Salomon va Absol» (1479/1480) va «Xiradnomai Iskandariy» (1485), «Silsilat uz-zahab» («Oltin zanjir», 1472) asarlaridan tarkib top­gan.
Navoiy 1483–1485 yillar orasida, ya`ni 42–44 yoshlarida «Xamsa» yozdi. Navoiy 1485 yili «Xamsa» sining oxirgi dostoni bo'lmish «Saddi Iskandariy»ni Jomiyning aynan ana shu 1485 yili yaratilgan «Xiradnomai Iskandariy» dostoniga javob tariqasida tatabbu` qilib bitdi.
Bu «Xamsa»larning yozilish va tugallanish muddati bir paytga to'g'ri kelganining o'zidan ham bilinib turibdiki, ikki buyuk qalam sohibi o'rtasida buyuk ijodiy musobaqa ham bo'lgan. Bundan faqat forsiy va turkiy so'z san`ati, balki jahon adabiyoti ham yutgan.
Abdurahmon Jomiy 1492 yilning 8 noyabrida vafot etdi. Piri Sa`duddin Koshg'ariy yoniga dafn qilindi. Navoiy shu munosabat bilan ta`rix va marsiya yozdi.
Biz – o'zbeklar va tojiklar abad ul-abad Jomiy va Navoiy ko'targan do'stlik va birodarlik, birlik va yaqin qo'shnichilik bayrog'ini qo'lda mahkam tutmog'imiz kerak.

Sultonmurod OLIM,
filologiya fanlari nomzodi

Boshqa xabarlar