Hech kim jinoyatchi bo'lib tug'ilmaydi

150

Prezidentimiz raisligida joriy yil 27 iyul kuni jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasidagi ishlarning bugungi holati, bu borada ichki ishlar organlari va boshqa davlat idoralarining mas`uliyatini yanada oshirish, tizimda mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish masalalariga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishida belgilab berilgan vazifalarga ko'ra, endilikda jinoyatchilikka qarshi kurashish va uni jilovlashda «Jinoyat haqiqati va adolat» deb nomlangan yangi tizim asosida ish olib borilmoqda. Unga ko'ra, nafaqat ichki ishlar idoralari, balki boshqa davlat va jamoat tashkilotlari mas`ul rahbarlari ham joylarga borib, jinoyatlar sababini o'rganadi, muhokama qiladi, takrorlanishining oldini olishga qaratilgan aniq choralar ko'radi.

Ayol nega jinoyatga qo'l urdi?

Qo'shrabot tumanida yashovchi M.Hamroeva oilaviy janjal oqibatida turmush o'rtog'i B.Abdievni pichoqlab qo'ydi. Bu bir necha yillik oilaviy nizolar oqibati edi.
Jomboy tumanida o'n yil birga yashagan bir oila barbod bo'ldi. Ne ajabki, ichkilikka ruju qo'ygan er o'z turmush o'rtog'ini ikki oyda 17 marotaba xumordan chiqquncha do'pposlagan. Ushbu satrlarni o'qib yarim tunda bechora ayol chekkan ­­nola-yu fig'onlar quloqlar ostida jaranglab ketgandek bo'ladi. Ammo Jomboyda buni hech kim eshitmagan. Hayotdan, turmushdan zada bo'lgan ayol o'ziga jinoyatni ravo ko'rdi… Bir go'dak chirqillab yetim qoldi. To'g'ri, ichkilikboz erning xurmacha qiliqlariga qonuniy jazo berildi. Ammo bundan endi kimga naf?
Bu xonadonlarda bo'ladigan g'ala-­g'ovurlardan qo'shnilar bexabar edimi? Mahalla-ko'y, qarindosh-urug' erning ichkilikboz ekanini bilmasmidi? Yoki o'zimizga xos ­andisha – oilaviy masalalarga aralashmaslik bizni ushlab turarmidi?
– Nazarimizda, bunday masalalarni faqatgina muhokama etish va munosabat bildirish bilangina cheklanib qolmoqdamiz, – deydi xalq deputatlari Jomboy tumani kengashi deputati Zulfiya Otamurodova. – Nizoli oilalardagi ­muammolarni tegishli tarzda o'rganish uchun xalqning ichiga chuqurroq kirib borishimiz darkor. Yaqinda davlatimiz rahbari videoselektor yig'ilishida barchamizni hushyor torttirdi. Biz tevarak-atrofga ochiq ko'z bilan qarashimiz, har bir voqea-hodisaga chuqur yondashishimiz zarurligini uqtirdi. To'g'ri, targ'ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilyapti. Oilalarning ijtimoiy muammolari bartaraf etilmoqda. Oddiygina bir misol, tumanimizdagi 150 taga yaqin oilalarga 2017-2018 yillar mobaynida bepul gaz plitalari va gaz ballonlari yetkazib berildi. O'tgan yili o'nta, joriy yilda 25 ta kam ta`minlangan oilalarning xonadonlari bepul ta`mirlandi. Turmushda qiynalganlar har tomonlama nazoratga olingan. Ammo bular yetarli emas. Bayon etilgan holatlarda ijtimoiy jihatdan emas, ­ma`naviy tomondan ham oqsoqliklar mavjud bo'lgan mahallalardagi xotin-qizlar masalasidagi mutaxassislarimiz yanada faolroq bo'lishlari lozim. Ular atrofiga hududdagi bilimli, oqila, hurmat-e`tiborga loyiq ayollarni to'plab, har bir oila dardiga sherik bo'lishi kerak.

Rivoyat

Davlat g'aznasiga tushgan o'g'ri bor boylikni o'rtaga to'playdi. Endi tugunini tugib ketar chog'ida ko'zi burchakda turgan bir narsaga tushadi. Qiziqishi ortib qo'lga oladi. Ushlab ko'rsa, dur ham, javohir ham emas. Hidlasa isi ham yo'q. Yalab ko'rsa… Tuz ekan.
Ertasi kuni xazinaga o'g'ri tushganligi ma`lum bo'ladi. Ammo hech narsaga tegilmagan edi. Hayratda qolgan shoh qanday qilib bo'lmasin o'g'rini topishni buyuribdi. O'g'rini tutib, podsho huzuriga keltirishibdi.
– G'aznaga o'g'rilikka tushibsan, nega hech narsa olib ketmading, – deya so'rabdi podsho.
Shunda o'g'ri bo'lgan voqeani so'zlab beradi va «saltanatingizdan tuz totib qo'ydim. Tuz hurmati barcha narsalarni joyida qoldirdim», deya javob bergan ekan.

Mahallaga begona mahalladoshlar

O'z mahallasini to'nagan, yon atrofdagilarga ziyon-zahmat yetkazgan kishi begonami? Afsuski, bugun ko'plab jinoyatlar mahalladoshlar tomonidan sodir etilmoqda.
Samarqand shahridagi Sadaf mahallasi shaharning qoq markazidagi gavjum hududlardan biri sanaladi. Mahallada o'tgan yili 4 ta, joriy yilning olti oyligida 9 ta jinoyat sodir etilgan. Bu ko'rsatkich bilan sadafliklar shaharda «karvonboshilik» qilib kelayotir.
Mahallada nega xotirjamlik yo'q? Mahalla faollari bilan uchrashib, mazkur holatga oydinlik kiritishga urindik.
«Sadaf» mahalla fuqarolar yig'ini- ning xotin-qizlar masalalari bo'yicha mutaxassisi Nargiza Usmonova bilan muloqotda bo'ldik. Nargiza opa ilgari ichki ishlar tizimida ishlagan, tajribali mutaxassis ekan.
– Mahallamizdagi jinoyatning aksariyati chetdan kelganlar tomonidan amalga oshirilgan, – deydi u. – Biz hududdagi jinoyatchilikka moyilligi bor kishilar ro'yxatini tuzganmiz. Mazkur holatlar sodir etgan kishilar bilan tizimli ish olib boryapmiz. Mahallamizdagi Sevara Shavkatova, Nazira Faxriddinova ilgari o'g'rilik, firibgarlik jinoyatlarini sodir etib sudlangan. Ularni ish bilan ta`minlab, yashash sharoit­lariga ko'maklashib kelyapmiz. Muhammadievlar xonadoni esa nizoli oilalar tarkibiga kiritilgan. Bu oila bilan juda ko'p ishlayapmiz. Igor Ipalitovning esa ichib olib, uncha-muncha xarxasha qiladigan odatlari bor edi. U mahalla ko'magida davolanishga yuborildi. «O'g'rigina bola» D.M. ustidan ham nazorat o'rnatilgan. Maktab bilan hamkorlikda u bilan ishlayapmiz.
– Hududimiz jinoyatchilikning qayd etilishi bo'yicha yomon ko'rsatkichga egaligini tan olamiz, – deydi hudud profilaktika inspektori Dilshod Suyunov. – bizda, asosan, o'g'rilik va avtotransport hodisalari ko'proq sodir etilmoqda. Hududdagi 4 ta o'g'rilik holatining barchasini o'zimiz fosh etdik. Jinoyatga qo'l urganlarning birontasi ham hududimizda yashamas ekan. Mahalla faollari bilan hudud osoyishtaligi uchun qat`iy harakatga kirishdik. Mahallaga kim kirib, kim chiqqanigacha nazoratga olishga harakat qilyapmiz.
Ammo bular yetarlimi? Xalqimizning shunday naqli bor: o'z uyingni o'zing asra. Axir, jinoyat bo'layotganda kimdir uni sezgani, ko'rgani bo'lishi mumkin-ku! Odamlar orasida «menga tegmasang bo'ldi» qabilidagi tushunchalar shakllanib qolgan. Demakki, oqsoqlik shu yerda ko'rinib turibdi. Targ'ibot ishlarini yanada kuchaytirish kerak. Xonadondagi bezovtalik, behalovatlik mahalla ahlining ham dard-u tashvishiga aylanishi darkor.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, shart-sharoit­lari, omillarini tahlil etish uchun o'zini o'zi bosh­qarish organlariga, korxona va tashkilotlarga 1584 ta taqdimnoma kiritilib, 1538 ta jinoyat ishi muhokama etilgan.

– Mahalla hamda oilalarda ­ijtim­o­­­iy-ma`naviy muhit barqarorligini ta`minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarlikni jilovlash maqsadida «Maslakdosh, yelkadosh, raqobatdosh» (MER) tadbirini ishlab chiqqandik, – ­deydi Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo'yicha Samarqand viloyati kengashi raisining birinchi o'rinbosari Mahmud Boboyorov. – Bu loyihamiz aholining turli qatlamlari ichiga kirib borish, xalq bilan muloqotning samaradorligiga xizmat qilmoqda.
Viloyatimizda 1086 ta mahalla fuqarolar yig'ini bor. Ularda 673 mingta xonadon, 876 ming oila istiqomat qilib kelmoqda. «MER» loyihasi asosida mahallalar tajriba almashish barobarida jinoyatchilik, huquqbuzarlik va boshqa ijtimoiy noxush holatlarning oldini olish bo'yicha tashabbuslarini ham ommalashtiradi. Har oyning oxirgi shanbasini «Mahalla kuni» deb belgilaganmiz. Shu kuni profilaktik hisobga olingan shaxslarga biriktirilgan murabbiylarning hisoboti ham tinglab boriladi.
To'g'ri, yutuqlar haqida gapirishga hali erta. Ammo ijobiy siljishlar bor. Masalan, o'tgan yilga nisbatan profilaktik hisobda turuvchi shaxslar 44, giyohvandlik kasaliga mubtalo bo'lgan ayollar 5, ichkilikka ruju qo'ygan xotin-qizlar 9, profilaktik hisobda turgan voyaga yetmaganlar 218 nafarga kamaygan.
Fikrimizcha, e`tiborimizni fuqarolarimizning daxldorlik pozisiyasini yanada mustahkamlashga qaratmog'imiz zarur. Jinoyatchini jazolagandan ko'ra, jinoyatning oldini olgan ma`qul. Eng achinarlisi, bu qabohatga yon-atrofimizda bo'lgan shaxslarning biri qo'l urmoqda. Hech kim ochilmagan sandiq emas. Mash`um fikr, reja va o'ydan kimdir baribir voqif bo'ladi. Bir og'iz taskin, tasalli so'zi bilan yomon o'y-u fikrlarni tarqatib yuborish mumkin.

Muqaddas qo'rg'on  darz ketmasin

Oilaviy muammolar va jinoyatlar borasidagi holatlar ham kishini o'ylantirib qo'yadi. Bugun otaga qo'l ko'targan o'g'il, farzandini sotgan onalar haqida ko'p eshityapmiz. Yana bir holat, juda ham og'ir va uyatli holat… Urgut tumanida otalikni belgilash to'g'risidagi murojatlar soni qariyb mingtaga yaqinlashib qolgan. Tumandagi keng jamoatchilikni bu holat bezovta qilmayaptimi?

«Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Samarqand viloyati bosh­qarmasi tomonidan 1822 ta notinch oilalar ro'yxatga olingan. O'tgan davr­­da 404 oiladagi behalovat vaziyat­larga barham berilgan. 1752 ta nikohdan ajralish haqida murojaat qabul qilinib, markaz aralashuvi bilan 652 oila murosaga keltirilgan.

– Mavjud holatlar tashvishli, ­albatta, – deydi xalq deputatlari Urgut tumani kengashi deputati Madina Baratova. – Hozirda shu maqsadda tumanimizdagi «Ayollar ijtimoiy moslashuv markazi»da ruhshunos shifokor, huquqshunos, mahalla xotin-qizlar bilan ishlash mutaxassislari tomonidan keng ko'lamli ishlar boshlab yuborilgan. O'zining ilk faoliyatidanoq markaz xotin-qizlarimizni og'ir ruhiy, ijtimoiy tang­likdan olib chiqishga ko'makdosh bo'lmoqda. Tushuntirish, targ'ibot ishlari kuchaytirilmoqda.
– Kuzatishimizcha, ijtimoiy tomondan rivojlangan hududlarda bu holat ko'proq, – deydi «Oila» ilmiy-­amaliy tadqiqot markazi Samarqand viloyati boshqarmasi bosh mutaxassisi Sojida Nasrieva. – Yashash uchun barcha shart-sharoit, ish bo'lsa-da, ahillik masalasida nuqsonlar bor. Endilikda ana shu joylarda ko'proq ish olib borishni rejalashtiryapmiz.
Aytmoqchi bo'lgan fikrimiz shuki, hech kim jinoyatchi bo'lib tug'ilmaydi. Uni shu yo'lga kirishga majbur etadigan sabablar aniqlansa bas. Har bir inson taqdiri o'zimizning hayotimiz va yurt taqdiri bilan chambarchas bog'liq ekanini anglab yetishimiz darkor. Shundagina jinoyatlar va jinoyatchilar kamayishiga erishamiz.

Nurilla ShAMSIEV

Boshqa xabarlar