Ayol to'g'ri yo'ldan nega toydi?

140

… M. ismli akusher-ginekolog ayol, tug'ruqxonada o'n ikki yildan buyon ilohiy bir hodisa – tavallud onlariga guvoh bo'lib yurgan mutaxassis bola oldi-sotdisiga aralashib qolib, jazoga hukm etildi. Ikki voyaga yetmagan norasidasi ortidan izillab qoldi.

Qaynonasi:
– Menga qamoqda yotib chiqqan kelin kerak emas, – deb e`lon qildi.
Eri ham onasining gapini gap deb turibdi.
Aslida, M.ning jinoyati qaerdan, qaysi nuqtadan boshlangan? Kim tuppa-tuzuk shifokorni jarga itardi?
… Achchiq-achchiq so'roqlar izidan yurib, ularga javob topishga harakat qilar ekanmiz, sabab va oqibatga qarab yuraveramiz.
M. oddiy oilaning qizi edi. Ammo Yaratgan uni suluv yaratgan ediki, badavlat xonadonning o'g'li o'sha go'zalga oshiq bo'ldi.
– O'g'lim tuzuk-quruq sarpo ko'rmadi. Onasining menga ataganlarini el ko'zida ochgani uyalaman… tarzidagi gap-so'zlarni keliniga «elim» lab yopishtirib, uni «past» dan olib, «past» ga soladigan qaynonaning tili ikkinchi o'g'liga kelin tushirgach, yana ham qayrala ­boshladi.
– Ana, qudamisan, degani shunaqa bo'ladi. Ikkinchi kelinimning onasi tug'ilgan kunimda brilliant ko'zli uzuk sovg'a qildi. Gavharning yonida misning nimaligi ko'rinib qolyapti…
«Bolalarim, sevimli kasbim bor, bir kuni qaynonam ham charchab, bas qilar» , deya umid qilib yurgan M.ning qalbida kamsitilish, xo'rlik jarohatga aylana boradi. Xuddi shu kunlarda unga:
– Istamagan bolalar tug'iladi. Biri – gunoh mevasi, boshqasi o'g'il kutayotgan xonadonga qiz, qiz kutayotganga o'g'il keladi… Xohlasangiz, ularni tirnoqqa zorlarga topshirib, pul qilib beraman. Olgan odam rasmiylashtirish tashvishidan qutuladi, sen qaynonangning og'zini yopasan… degan taklif bo'ladi.
M:
– Yo'q, bu noqonuniy ish – oxiri voy. Shu paytgacha etagimga chang, xas ilashtirmadim, buyog'iga ham shunday bo'ladi, – deyishi mumkin edi.
Lekin u avval o'ylandi va: «Bir marta qilsam… nima bo'pti», ­dedi-yu jinoyatga qo'l urdi.
Muqaddas chiziqni bir kesib o'tdingmi, u yog'iga sohil, qirg'oq bormi? Shunday qilib, «oldi-sotdi» avjlandi.
Qaynona qo'sha-qo'sha tillolardan mamnun… Lekin har qanday jinoyatning oxiri panjara bo'lganidek, M. ham qora kursiga o'tirib, qilmishiga javob berdi.
Kim aybdor? Bu jinoyat yuz bermasligi mumkin edi-ku, degan fikr­larga o'tmasdan avval yana bir mud­hish voqeani keltirishni joiz bildik. S. egiz bolalari bilan uyda, o'zi vaqtincha ishsiz. Mas`uliyatsiz er ko'chadan halovat, rohat izlaydi. S. ota-onasidan bir marta yordam oladi, ikki marta. So'ng kelinoyisining:
– Bu qizni uzatib ham tinchimadik, – degan malomatidan so'ng ota-ona uyidan qadami uziladi. Erga yalinadi:
– Alvastiga o'xshaysan. Bu oyda sochingga taroq tegdimi o'zi? Kiyimingni qara, hidingdan ko'nglim ayniydi?
Eri uni so'z bilan «tepib» chiqib ketadi. S.ning dilida qasos alangalandi. «Seni bir umr pushaymonlik o'tida yondiraman», deydi… Kechasi o'zini unutish uchun umrida qilmagan ishini qilib sarxush qiluvchi ichimlik ichadi. Bolalari ustiga bolta bilan bostirib boradi…
Hozir ikkala mahkuma bilan suhbatlashsangiz ham ko'zidan yoshi tinmaydi, pushaymonlik toshlarining ostida eziladi. Rostdan ham, ular ayol-ku!
Lekin yana bir haqiqat shuki, bir odam sodir etgan jinoyat ham yakka sodir etilmaydi. Uning orqasida sud zaliga olib kelinmaydigan, qora kursiga o'tirmaydigan gunohkorlar bo'ladi. To'g'ri, bo'ladigan ishga egasi sababchi, degan to'xtamni ham inkor etib bo'lmaydi. M. ham sabr-bardosh qilsa, shu paytgacha yurib kelgan to'g'ri yo'lidan toymasa bo'lardi. Shuncha yil vaysagan qaynonasi yana javrab o'tiraverardi. S.ga ham tirikchilikning biror yo'li topilardi. Qirq eshik yopilsa, qirq birinchisi ochilardi. Lekin inson tosh emas, hamisha hamma narsaga chidayvermaydi. U ko'proq yakkalanganda, atrofidagilarning mehr qo'llari uzilganda ruhan yolg'izlikda xatoga yo'l qo'yadi.
Hikoya qilganimiz ikki jinoyat ham to'satdan qilingan qaror emas. Yillar, oylar davomidagi iztiroblar natijasi. O'sha ikki ayolning atrofi ham bo'm-bo'sh emasdi. Opa-singillari, bosh­­qa jigarlari bor edi. Ular bu bugungi mahkumalarning biror marta bo'lsa-da, ko'zida yosh, so'zlarida iztirob ko'rgandir, biror marta bo'lsa-da, hasr­atini eshitgandir. «Nima qilay?» degan so'rog'iga duch kelgandir.
Jinoyat narigi qit`ada sodir etilmayotgan ekan, yonimizda, ro'paramizda yuz berayotgan ekan, o'zimizni shu jinoyat uchun ozgina bo'lsa-da, aybdor hisob­laylik! «Menga nima?» degan bo'luvchi, ajratuvchi, yakkalovchi kayfiyatdan uzoqlashaylik!

Qutlibeka
RAHIMBOEVA

Boshqa xabarlar