Do'stlik maxzani

36

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev so'zboshisi bilan nashr qilingan Abdurahmon Jomiyning ijod namunalari jamlangan «Muhab­bat maxzani» kitobining taqdimoti bo'lib o'tdi. Unda ijodkorlar, adabiyotshunos olimlar, milliy madaniyat markazi faollari va tarjimonlar ishtirok etdi.

Tadbirda O'zbekis­ton Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid Abdurahmon Jo­miyning hayoti, ijodining milliy ada­biyotimizdagi o'rni, Alisher Navoiy bilan munosabatlarining ma`naviy hayotdagi in`ikosi haqida so'z yuritdi. «Muhabbat maxzani» asarining chop etilishi xalqlarimiz orasidagi do'stlik aloqalarini yangi bosqichga ko'tarishi, rishtalarimizni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini ta`kidladi. O'zbekiston Fanlar akademiyasi vise-prezidenti Bahrom Abduhalimov bu o'ziga xos salmoqli ish bo'lgani, uning ortida tarjimonlar, olimlarning zahmatli mehnati yotganini ta`kidladi. Tojikiston Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Sodiq Imomiy va boshqalar mazkur asarning nashr qilinishi nafaqat adabiyot, balki siyosiy, ma`naviy, ijtimoiy hayotda ham hodisa bo'lgani, bu bilan har ikki millatni tabriklash zarurligini e`tirof etishdi.
O'zbek va tojik xalqlari azaldan do'st bo'lib kelgan. Yashash tarzi, kiyinish, muhitdagi mushtaraklik adabiyotda ham o'z aksini topgan. O'zbek va tojik adabiy aloqalari, o'zaro ta`sirlanishlar har ikki adabiyot rivojiga xizmat qilgan. Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy ustoz-shogirdligi, ijodlari fikrimiz dalilidir. Xalqlarimiz o'rtasidagi qardoshlik aloqalari ularning ijodida kuchli ilhom manbai bo'lgan. Ular orasidagi samimiy munosabatlar har ikki xalqni bir-biriga qadrdon qilganini tadbirda so'zga chiqqanlar alohida ­e`tirof etishdi.
mazkur kitobdan Abudarahmon Jomiyning Qamchibek Kenja, Shoislom Shomahmudov, Ergash Ochil kabi mohir mutarjimlar o'zbek tilida jilo bergan g'azallari, qit`a­lari, murabba`lari, nomalari va dostonlari o'rin olgan. Mutolaa davomida Abdurahmon Jomiyning betakror ijodkor, qomusiy alloma, tasavvuf ilmining chuqur bilimdoni, shoir va mutafakkir sifatidagi qirralarini yana bir bor kashf etasiz.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi o'rtasida o'zaro hamkorlik memorandumi imzolangani esa yuqori ruhda o'tgan tadbirning mantiqiy yakuni bo'ldi.

Muhayyo ISMOILOVA,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar