Ish haqi undirildi

98

Sho'rchi tumanidagi Oqqamar mahallasida yashovchi Farhod Mamataliev O'zbekis­ton kasaba uyushmalari Federasiyasining «IShONCh» telefoniga murojaat qilib, 2011 yildan boshlab Sho'rchi tumani madaniyat bo'limida turli vazifalarda ishlab kelgani, ish beruvchi joriy yilning 23 fevral kuni uning roziligisiz madaniyat va aholi dam olish markazi ­rejissyor-mutaxassisi vazifasiga ishga o'tkazganini bayon etgan va o'z vazifasiga ishga tiklab berishni so'ragan.

Mehnat Kodeksining 92-moddasi 1-qismida «Boshqa doimiy ishga o'tkazishga (xodimning mehnat vazifalarini o'zgartirishga) — unga bosh­­qa mutaxassislik, malaka, lavozimga oid ishni topshirishga faqat uning roziligi bilan yo'l qo'yilishi mumkin», deb ko'rsatilgan. Biroq ish beruvchi F.Mamatalievni boshqa ishga o'tkazishda roziligini olmasdan hamda mehnat shartnomasiga o'zgartirish kiritmasdan, MKning 92-moddasi talablarini buzgan. Surxondaryo viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi tomonidan kiritilgan taqdimnomaga asosan, ish beruvchi 2018 yil 1 maydagi 31-k-sonli buyruq bilan F.Mamataliev madaniyat-ma`rifat ishlari ­bo'yicha bosh mutaxassis vazifasiga ishga tiklangan. Ammo shtat birligidagi oylik ish haqining bir million olti yuz ellik ming besh yuz ellik olti so'mlik farqini to'lamagan.
Mehnat Kodeksining 112-moddasida mehnat shartnomasini g'ayriqonuniy ravishda bekor qilganlik yoki xodimni g'ayriqonuniy ravishda bosh­­qa ishga o'tkazganlik uchun ish beruvchining javobgarligi ko'rsatilgan bo'lib, ishga tiklanganda ish beruvchiga xodimga majburiy progul vaqti uchun haq to'lash majburiyati yuklatilgan.
Bundan tashqari, mazkur Kodeksning 275-moddasi 2-qismida «Mehnat shartnomasi g'ayriqonuniy ravishda bekor qilinganligi, boshqa ishga g'ayriqonuniy ravishda o'tkazilganligi yoki ishdan g'ayriqonuniy ravishda chetlatilganligi oqibatida kelib chiqqan majburiy progul vaqti uchun xodimga haq to'lash to'g'risidagi mehnat nizolarini ko'rib chiqish chog'ida mehnat nizolarini ko'ruvchi organ tomonidan xodimning pul undirishga doir talablari bir yildan ortiq bo'lmagan muddat uchun qondiriladi», deb ko'rsatilgan.
Bu holatda ish beruvchi tomonidan Mehnat Kodeksining 112-va 275-moddalari talablari buzilgan. Shu sababli Surxondaryo viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi tomonidan F.Mamatalievning manfaatini ko'zlab ish beruvchiga yangi taqdimnoma kiritildi.
Yaqinda mazkur taqdimnoma qanoatlantirildi. Sho'rchi tumani madaniyat bo'limi hisobidan F.Mamatalievning foydasiga majburiy progul vaqti uchun 1.650.556 so'm miqdorida oylik ish haqi undirib berildi.

Zarif XOLOV,
Surxondaryo viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi yuridik
bo'limi mudiri

Boshqa xabarlar