Quyoshni quchgan manzillar

81

Yozyovon tumani ahli mustaqilligimizning 27 yillik shodiyonalarini ko'tarinki ruh, bunyodkorlik salohiyati, yangidan-yangi maqsadlar bilan qarshi olyapti. Qay hudud­­ga bormang, Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan «Obod qishloq» das­turi haqida katta-yu kichik to'lqinlanib so'zlamoqda. «Uylarimiz, yo'llarimiz, ko'chalarimiz yangi qiyofaga kirib qoldi, shukur», degan izhorlardan ko'nglingiz ko'tariladi. Yozyovonning Qatortol va Qoratepa qishloqlarida ham ushbu Dastur ijrosiga muvofiq tashabbuslar keng quloch yozgan.

Qatortol — mo'`jazgina mahalla. Hozir bu yerda 502 ta oila istiqomat qiladi. Hududga kiriboq qayta ta`mirdan chiqqan mahalla fuqarolar yig'ini binosining ko'rkam qiyofasiga guvoh bo'lasiz. Qishloqdagi ezgu harakatlardan yana biri tekis va ravon yo'llardir. Tinchlik, Bobur, Ahmad Yassaviy nomli ko'chalardagi ana shunday yo'llar bilan tanishtirish maqsadida yig'in raisi Alijon Mirzakarimov bizni sarishta ko'chalar sari chorladi. Hudud profilaktika inspektori Ishoqjon Lobarov ham hamrohlik qildi.
– Ilgari bu yo'llardan yurish ancha mashaqqatli edi. Ayniqsa, qorli, yomg'irli kunlarda o'zimiz qolib bolalarimizning ham tizza bo'yi loyga botib maktabga qatnashidan tashvishga tushardik. Endi bu ko'chalarni havasga aylanasiz, – deydi Alijon aka samimiyat bilan. – Bunday yumushlar hozirda Shuk­rona, Orzu, Ezgulik, Iftixor, Hamjihat ko'chalarida ham ado etilyapti.
Qishloqda joylashgan 18-umumta`lim maktabida ham jarayon qizg'in. Asosiy o'quv binosida qurilish-ta`mirlash ishlari bajarilyapti. Yangi o'quv yilini mahalla bolalari ko'rkam va yorug' xonalarda boshlaydi. Shunga hamohang ravishda 13-maktabgacha ta`lim muassasasida ham rekonstruksiya ishlariga astoydil kirishilgan. 90 o'rinli muassasaning 2 ta binosida tubdan ta`mirlash ishlari olib borilyapti, eshik-romlar almashtirilyapti va, eng asosiysi, bog'chaga suv keltirish masalasi hal etildi. Bu ishlar «Abbos-ishonch-qurilish» xususiy korxonasi quruvchilari tomonidan bajarilmoqda. Eski guzarning qaytadan tiklanayotgani, qabris­tondagi obodlik ishlari ham Dasturda belgilangan chora-tadbirlarga muvofiq amalga oshirilyapti.
Qoratepa qishlog'idagi jarayonlar ham Qatortoldagidan qolishmaydi. Hududdagi ishlar ijtimoiy himoya masalasiga e`tibordan boshlandi. Jumladan, kam ta`minlangan oilalar uchun ming dona shifer yetkazib berilgani tufayli obod xonadonlar ko'paydi. Bunyodkorlik ishlariga kamarbasta bo'lamiz, degan yaxshi niyat bilan 939 oilada yashovchi aholi bir chetda qarab turgani yo'q. Jamoat ishlariga jalb qilinganlar qatorida katta-yu kichik ko'chalar sarishtaligi, xonadonlar obodligi uchun astoydil mehnat qilishyapti. Shunga muvofiq, ichki avtomobil yo'llariga shag'al yotqizilib, shu kungacha 100 metr maydonda asfaltlash ishlari amalga oshirildi. 10,5 kilometr elektr uzatish tarmoqlari joriy ta`mirlandi va 1 dona yangi TP o'rnatildi. Tabiiy gaz va ichimlik suvi yetkazib berish masalasida ham xuddi shunday ibratli ishlarni sanab o'tish mumkin. Ayni vaqtda 280 dona ko'cha chiroqlari o'rnatish, 14 kilometr gulzorlar tashkil etish davom etyapti.
140 o'ringa ega 6-sonli maktabgacha ta`lim muassasasida, 28-umumta`lim maktabida mukammal ta`mirlash jarayoni olib borilyapti. Ushbu ta`lim dargohlari qatoriga yaqinda yana biri qo'shiladi. Tadbirkor Dostonbek Bozorov davlat sherikchiligi asosida zamonaviy maktabgacha ta`lim muassasasini tashkil etmoqchi…

Chevar qizlar – hunarini sevar qizlar…

«Har bir oila – tadbirkor» dasturini yana bir hayotbaxsh hujjat desak arziydi. Buni qarorda aks etgan imtiyoz va chora-tadbirlar ham tasdiqlaydi. Aslida, ishbilarmonlarga g'amxo'rlik qilish Prezidentimizning doimiy e`tiborida. Yozyovonda ham mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo'llab-quvvatlash, xususan, soliq va majburiy to'lovlar borasida berilayotgan imtiyozlar tadbirkorlik sub`ektlarining jadal rivojlanishi, iste`mol bozorini raqobatbardosh mahsulotlar bilan to'ldirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. «Qo'rg'oncha» mahalla fuqarolar yig'inidagi tadbirkor oilalar xonadoniga tashrifimiz chog'ida shu jihatlarga guvoh bo'ldik.
Ibn Sino ko'chasining 17-xonadonida Shokirjon Fozilovning sa`y-harakati bilan ixchamgina tikuvchilik korxonasi ishga tushirilganiga ko'p bo'lgani yo'q. Shunga qaramasdan bu yerda erkaklar futbolkalari, ichki kiyimlarini tayyorlash quvvati ortib boryapti. Xitoyda ishlab chiqarilgan 10 dona zamonaviy tikuv mashinasini boshqarayotganlarning aksariyati yoshlar, mahoratli chevar opa-singillarimizdir. Mahalladosh ayollarning bandligi ta`minlanayotgani esa tadbirkorni ham, qo'ni-qo'shnilarni ham quvontirdi.
– Faoliyatimizni kengaytirishimiz uchun qo'shimcha joy ajratish masalasi hal etil­ya­­pti, – deydi ish boshqaruvchi Nodiraxon Egamova. – «Har bir oila – tadbirkor» dasturi esa korxonamizning har tomonlama rivojlanishida dasturilamal bo'lib xizmat qiladi.
Mahalladagi qaysi xonadonga bosh suqmang, albatta, bir ishbilarmon bilan uchrashasiz. Ularning mehnatsevarligini ­e`tirof etish asnosida mahalla fuqarolar yig'inining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma`naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo'yicha mutaxassisi Risolatxon Mahmudova, kotiba Saidaxon Usmonova bizni bir qator ana shunday tadbirkorlar bilan tanishtirdi. Masalan, Nodiraxon Kabirova issiqxonada yetishtirayotgan limon va bulg'or qalampirlari oila­ning muhim daromad manbaiga aylangan. Shahzodaxon To'xlieva ham tomorqada sarxil limon, pomidor va bodring yetishtirib, mo'l hosil olishga erishyapti. Hunarmandlar Ne`matjon Hojiboev, Ahmadillo Mamatov, Nosirjon Isoqov tayyorlagan turli mebellar xaridorgir.
Yosh oila bekasi, yakka tartibdagi tadbirkor Iqboloy Qo'ziboeva ham mahalla ayollarini, kollej bitiruvchi qizlarini o'z ortidan ergashtirgan mahoratli chevar. Ish bosh­laganiga endigina 6 oy bo'lgan tikuvchilik korxonasida hozirda 15 nafar qizning band­ligi ta`minlangan. «Ustoz-shogird» tamo­yiliga tayanib, bu yerda ayollar uchun to'y liboslari, milliy uslubdagi oyoq kiyimlar tayyorlanib, mijozlar mehrini qozonmoqda.
– Faoliyatimizni tashkil etishda «Mik­rokreditbank» sarmoyasiga tayanib ish tutgan edik, – deydi Iqboloy Qo'ziboeva. – «Har bir oila – tadbirkor» dasturida belgilangan chora-tadbirlardan ruhlanib, maqsadlarim yanada kengaydi. Kelgusida o'quv kurslari ochish niyatim bor. Bunda yana mahalla kafilligidan foydalanib, bankdan sarmoya olmoqchiman. Qolaversa, qish­loqdosh opa-singillarim uchun yangi ish o'rinlari yarataman.
O'z hunarini sevgan chevar qizlar huzuridagi suhbatimizdan bir narsani his qildik: tadbirkorlik bugun yurtdoshlarimizning nafaqat daromadi ortishiga, balki ularning qobiliyatini namoyon etishga ham xizmat qilmoqda.

Yoshlar taqdiri –  vatan taqdiri

Yozyovon yoshlari haqida har qancha gapirsak arziydi. Shohruhmirzo Mamajonovning o'zbek jang san`ati bo'yicha xalqaro miqyosdagi zafarlari nafaqat tuman ahli, balki viloyat­ning iftixoriga aylangan. 14 karra O'zbekiston chempioni, degan sharafga musharraf bo'lgan Shohruhmirzo taekvondoning VTF turi bo'yicha Italiyaning Linyano-Sabbyadorro shahrida o'tkazilgan jahon chempionatida yurtimiz o'g'lonlarining qudratini yana bir karra namoyon etib, g'alaba qozongan edi. Ayni vaqtda tumandagi bolalar va o'smirlar sport maktabida Shohruhmirzo singari ko'plab o'quvchilar tuman va viloyat nomini yuksaltirish uchun intilmoqdalar. Ular orasida ayniqsa, Bahodir Husanboev, Omina Qodirova, Muhammadyusuf Turg'unov, Muhammadrasul Usmonov, Mardonbek Sulaymonov kabilarning mahorati e`tirofga munosib. 28-bolalar musiqa va san`at maktabi o'g'il-qizlarining erishayotgan yutuqlari ham boshqa ta`lim muassasalarinikidan kam emas. O'tgan yillarda iste`dodli raqqosalardan iborat «Sevinch» ansambli milliy va zamonaviy raqslari bilan Sankt-Peterburg shahrida o'tkazilgan «Okno v Yevropu» festivali laureati bo'ldi. Maktabning yana bir qobiliyatli o'quvchisi Abrorbek Qodirov puflama va zarbli cholg'ular yo'nalishida «Kamalak yulduzlari» bolalar ijodiyoti festivalida munosib ishtirok etdi.
Prezidentimiz farmoni bilan hayotga tatbiq etilgan «Yoshlar – kelajagimiz» dasturidan yozyovonlik o'g'il-qizlar bir olam ma`no topishmoqda. Harakatlar strategiyasidagi vazifalarga asoslanib, dastur ijrosini muvofiqlashtirish bo'yicha hozirda tuman yoshlar markazida ishchi guruhi faoliyat ko'rsatmoqda. Muntazam o'tkazib borilayotgan monitoring natijalari istiqbolda qanday ishlarni amalga oshirish zarurligini ko'rsatmoqda. Birgina ishchi guruhi vakillari tomonidan Qatortol, Ijodkor, Ittifoq, Istiqlol, Taraqqiyot, Do'stlik, Qorasoy, Qoratepa, Porloq, Suvliariq, Tegirmonboshi, Soybo'yi va Yozyovon mahallalarida olib borilgan o'rganishlarda 1217 nafar fuqaro bilan suhbatlashildi. Mahallalardagi yoshlar bo'yicha umumiy tahlillar olib borildi. Jonli muloqotlar navqiron avlod vakillarining quvonch-u tashvishlariga sherik bo'lish, ularning maqsad-muddaolari bilan yaqindan tanishish imkoniyatini bermoqda. Tabiiyki, asosiy masalalardan sanalgan bandlik yuzasidan yoshlarga ko'mak berilyapti. Yuqoridagi mahallalarda qayd etilganidek, 165 nafar yoshlar tadbirkorlik, 15 nafari hunarmand­chilik, 25 nafari fermerlik faoliyatini bosh­lashda sarmoya, joy masalalarida muammoga duch kelmoqda. 41 nafar o'g'il-qiz esa xorijiy tillarni o'rganishni istaydi. Shulardan kelib chiqib ishchi guruhi vakillari 98 nafar yoshni ish bilan ta`minlash, 89 ta holatdagi bank krediti masalasini hal etish va boshqa masalalarda amaliy ishlarni olib borishyapti. Dasturda belgilanganidek, hozirda tumanda «Yoshlar mehnat guzari», «Yosh tadbirkorlar» kovorking markazlarini tashkil etishga kirishildi. Bu sa`y-harakatlar yoshlarning tadbirkorlik savodxonligini yuksaltirishga, ularning g'oyalarini rivojlantirishga, yangi ish o'rinlarini joriy etish va boshqa maqsadlarga xizmat qiladi.
Sirasini aytganda, tumanning istiqlol tufayli yuz ochayotgan jamoli, avvalo, shu xalqning bunyodkorligidan. Quyoshni quchgan manzillarda qum ustida gul undirgan xalqning azmu shijoati va qudrati bilan yana buyuk ezguliklar amalga oshiriladi. Bunga ishonchimiz komil.

Madaminjon SOLIJONOV,
Jamshid ERGAShEV

Boshqa xabarlar