Beorom qalb da`vati

119

Lev Tolstoyning birinchi o'qigan va yodimda qolgan badiiy asari «Bolalik. O'smirlik. Yoshlik» qissalari bo'lgan. Shundan beri men adib bilan muloqotdaman. Nimadadir uning qahramonlari Irtenevga («Yoshlik»), nimadadir  Oleninga («Kazaklar»), nimadadir Andrey Bolkonskiy («Urush va tinchlik»), Levin («Anna Karenina») yoki  Nexlyudov («Tirilish»)ga o'xshatardim o'zimni. Ular orqali o'zimni anglagim, yoshlikka xos besabrlik bilan hayot  yo'limni topgim kelardi. Biroq 1985 yili chop etilgan «Biz nima qilishimiz zarur?» publisistik asarlari to'plamini o'qidim-u hayot bilan bahslashish odatimga aylandi. Men, Tolstoy ijodga, ma`rifatga o'rgatadi,  deb o'ylardim, angladimki, u hayot va o'zing bilan bahslashib yashashga ham o'rgatar ekan.

To'plam «Iqrornoma» bilan boshlanadi. Asar hech qanday badiiy to'qimalarsiz, sodda va ravon tilda yozilgan. Adibning o'z hayoti haqidagi hikoyalari qalbi kabi dardchil, o'ylari kabi iztirobli, hayoti kabi ziddiyatli. Dardchilligi shundaki, u ishongan, e`zoz­lagan ideallar soxta ekan. «…Provaslav mazhabini tan oluvchilar va uni o'zlarining imoni deb bilganlarning ko'pchili­­gi aqli noqis, bag'ri tosh va vijdonsiz odamlardir. Ular haddan ziyod o'zlariga bino qo'yishgan». Bunday so'zlardan keyin mazhab qo'riqchisi bo'lgan cherkov tinch turarmidi? Iztiroblisi shundaki, uzoq yillar davomida adibning o'zi, barcha aslzodalar, kiborlar kabi hayotdan zavq-shavq izlab, shon istab, illatlarga botib yashagan ekan. «Men urushda odam o'ldirganman, o'ldirmoq niyatida duelga chaqirganman, tasarrufimdagi mujiklarni qartaga boy berganman, ularning mehnati evaziga yashaganman, ularni qatl etganman, fahsh ishlar bilan shug'ullanganman, aldaganman. Yolg'onchilik, o'g'irlik, har xil rangdagi zinokorlik, ichkilikbozlik, zo'ravonlik, qotillik… Men qilmagan jinoyat qolgan emas…». ­Ziddiyat­li tomoni shundaki, bu hayot tarzidan voz kechish oson emas ekan. Umri oxirida adib, real borliq bilan orzu-tilaklari o'rtasidagi ziddiyat­larni yengolmay, o'z ruhini ozod etish uchun, uyidan qochadi. Bot-bot o'zini o'zi o'ldirish fikri ham uni ta`qib etganini eslasak, u hayotdan izlagan ma`no – puch, besamar, bema`ni. Ushbu bema`nilikka aql-u idrok chidolmaydi, hayotni asrash uchun nimadir qilish zarur. Lekin nima? Bu savolga javobni u na Sulaymon payg'ambardan, na Shopengauerdan topolgan.
Na fikr izlash, na ijod, san`at uning beorom qalbiga taskin berolgan. Tols­toy iqror bo'ladi: «Hayotni ijod qiluvchi mehnatkash xalqning xatti-harakati esa menga birdan-bir arziydigan haqiqiy ish bo'lib ko'rindi. Shunda ang­ladimki, shu hayot­­ga ato qilingan ma`no haqiqatdir. Va men bu haqiqatni qabul qildim». U bu xulosaga kelganida «Urush va tinchlik» epopeyasini va «Anna Karenina» romanini e`lon qilgan, rus xalqi duch kelayotgan cheksiz-chegarasiz muammolardan yaxshi xabardor ijodkor edi. Uning nazarida, rus mujiki va dehqoni o'ta adolatsiz muhitda yashashga mahkum etilgan, adolatsizlikning negizi – xalqning erksizligi va savodsizligida. Bu erksizlik va savodsizlikni jamiyatning ma`rifatparvar, xalqparvar, «Yaqinlaringni sev», degan tam­oyilni o'z e`tiqodi deb bilgan yuqori tabaqa, ayniqsa, shoh, uning atrofidagilar qo'llab-quvvatlab kelayotgani ayanchli. Shu tariqa u Rossiyaning poyonsiz hududlarida erksiz, huquqsiz, madadsiz yashayotgan «yuz millionlarning advokati»ga, erk va huquqlarining himoyachisiga aylanadi.
«Ocharchilik», «O'ldirma», «Shoh va uning yordamchilariga», «Jim yasholmayman» kabi publisistik asarlarida adibning grajdanlik pozisiyasi, omma bilan tuzum o'rtasidagi ziddiyatlar va zo'ravonliklarga munosabatlari yorqin ifodasini topgan. Ba`zan menda shunday taassurot uyg'onadiki, mazkur pub­lisistik asarlarini yaratish uchun adib romanlar mashq qilgandek go'yo… Bilaman, katta ijodkorda badiiyat bilan pub­lisistika bir-birini to'ldirib keladi, keyingisida hayotiy muammolar aniqroq, realroq tas­virlansa-da, ular badiiy asarlardek qadrli, boqiy emas. Istagan o'quvchi yoki ijodkordan, Tolstoyning qaysi asarlarini bilasiz, deb so'rab ko'ring, u, avvalo, adibning roman va qissalarini eslaydi. Vaholanki, mutaxassislar fikricha, Tolstoy 90 jild­lik to'la asarlar to'plamining yarmidan ziyodini publisistika, maktublar va kundaliklar tashkil etadi. Tolstoyning deyarli 230 betlik «Biz nima qilishimiz zarur?» degan publisistik asarida adib tilga olgan ommaviy qashshoqlik, tubanlik shunchalik dolzarb ediki, ular haqida jar solmaslik mumkin emasdi. Yozmaslik vijdonga, e`tiqodga, pirovard natijada inson degan yuksak nomga xiyonat edi. Unda adib dehqonni qaramlikda tutgan krepostnoylikni ham, ishchi mehnatidan foyda orttirishga qurilgan kapitalizmni ham tanqid qiladi, har ikki tuzum ham – inson erkiga tajovuz. «Bexato aytish mumkin: agar qullik mavjud bo'lsa, ya`ni birov o'z irodasiga qarshi, boshqaning irodasiga ko'ra, o'zi yoqtirmaydigan, nomaqbul ishni qilishga majburlansa, buning boisi, o'z ahamiyatiga ko'ra, kishini hayotidan mahrum etuvchi faqat zo'ravonlikdir. Agar kishi butun mehnatini boshqaga bersa, o'zi yetarli ovqatlanmasa, kichik bolalarini og'ir mehnatga undasa, bizning hayotimizda (biz ma`rifatli deb atayotgan, chunki unda biz yashayapmiz), ko'z oldimizda bo'layotganidek, hayotini o'zi nafratlanadigan va nokerak mehnatga bag'ishlasa, bu taqdirda aytish mumkinki, bu mehnatni u hayotdan mahrum qilish bilan qo'rqitayotganlari uchun qiladi. Shuning uchun ham bizning ma`rifatparvar dunyomizda aksariyat kishilar o'zlari nafratlanadigan va nokerak ishlarni bajaradilar, ko'p kishilar hayotdan mahrum etiladigan xavf mavjud qullikda yashaydilar». Hayotdagi ushbu adolatsizlik va zo'ravonlik boshqa adolatsizlik va zo'ravonlikni keltirib chiqarishi turgan gap edi. Axir kuchni qarshi kuch bilan yengish mumkin edi-da. Adib esa kuchga qarshi kuch ishlatmaslikka, «o'ng chakkangga urganga chap chakkangni tut» da`vatiga muvofiq yashashga undaydi. Natijada asrlar davom etgan qullik, mutelik isaviylikdagi noreal, hatto soxta da`vat bilan xaspo'shlandi, Tolstoy ijtimoiy borliqni qayta qurish bo'yicha samarali biror usulni, yo'lni taklif qilolmadi. Uning dehqonlarga yer berish, kishilarni ma`rifatli qilish, teng huquqli qilish g'oyalari gumanistik ahamiyatga ega bo'lsa-da, ularni o'sha paytdagi jamiyat ham, adib nazarda tutgan va o'zi xizmat qilmoqchi bo'lgan «yuz millionlar» ham qabul qilmadi. Ba`zilar esa buni haqoratomuz tarzda «tolstoyshina», ya`ni «tols­toychilik» deb baholadi. Shoh va uning yaqinlarida, Tolstoy g'oyalarini tinglashga ham, ularni hayotga tatbiq etishga ham istak tug'ilmadi. Natijada jamiyatda, omma orasida norozilik, zo'ravonlik, isyon kayfiyati o'saverdi…
Hayot va o'lim masalasi adibning ­deyarli barcha asarlarida, u yoki bu mavzu doirasida, tilga, tasvirga olinadi. Uni dahshatga solgani inson umrining boqiylik oldidagi «bir on»ligi emas, balki ushbu «bir on»ning ham yovuz, qotil kuch tomonidan yanada qisqa qilinishi, ya`ni iloh in`om etgan umrga, hayotga insonning tajovuzidir. U mashhur maqolasini Isoga taqlidan «O'ldirma» deb nomlagan. Unda Injildagi «Qilich ko'targan bari qilichdan halok bo'lur», degan so'zlarni epigraf qilib keltiradi va bu bilan ta`kid­laydiki, har qanday zo'ravonlik, odam o'ldirish, hatto qonunlar nomi bilan uyushtiriladigan qatllar oqlanishi mumkin emas, ular – insondagi eng bad, yovuz instinkt, jonli hayotni mutlaq mahv etishga qaratilgan jinoyat. Inson bu jinoyati bilan Muqaddasga, Uning olijanob tartiblariga qarshi chiqadi, bu – kechirilmaydigan dahriylik, bedillik. Qotillik! Bunday qotillikning paydo bo'lishiga, Tolstoy fikriga ko'ra, avvalo, tuzum aybdor. Odamlarni odamlar o'ldiradi. Bu qotillik qirollar, imperatorlar, prezidentlar, ya`ni davlat tepasidagi o'z osoyishtaligi, mavqe, mulki va jonini asrashi uchun har narsaga shay kuchlar amri, qo'llab-quvvatlashi va da`vatlari bilan amalga oshiriladi. O'sha kuchlarning istaklari bilan millionlab kishilarning yostig'ini qurituvchi urushlar olib boriladi, adolat talab etganlar hibsga olinadi, surgun qilinadi, ularning faollari osiladi yoki otiladi. Hukmdorlarning bu harakatlarini cherkov oqlaydi, vaholanki, u Iso payg'ambarning «O'ldirma!» da`vatiga xizmat qilishi lozim edi. Biroq, Tolstoy gumanist sifatida, hukmdorlardan o'ch olishni nomaqbul hol deb biladi, balki ularni qotillarga aylantirgan muhitni, jamiyatni o'zgartirishga chorlaydi. Ushbu muhitni, jamiyatni o'zgartirish uchun «juda oz narsa kerak, – deb yozadi adib. – Kishilar narsalarni borligicha tushunishlari va ularni haqiqiy nomlari bilan atashlari kerak».
Tolstoy publisistikasi XIX va XX asr boshidagi o'ta ziddiyatli, beadad muammolar qa`riga botgan, oddiy aql ang­lashi mushkul rus xalqi hayoti bilan uyg'un. Daho adib tafakkuri va qalbi, ruhi ushbu hayotni qamrab olishga, uni insonsevar qilishga intildi, ammo hayotning o'jar, berahm qonunlari uning istaklarini toptadi. Biroq bu istaklar hayotning o'sha o'jar va berahm qonunlaridan yuksak, e`zozli ekani tufayli Lev Tolstoy buyuk siymolar galereyasidan joy olgan. U quyuq qoshlari tagidan osuda, lekin tiyrakligimizni sinayotganday tikiladi.

Viktor ALIMASOV,

falsafa fanlari doktori

 

Boshqa xabarlar