Kitob ko'rgazma uchun olinadimi?

20

Hech kimga sir emas, bugungi yoshlar o'zlariga kerakli ma`lumotlarni elektron vositalar orqali olishga harakat qilishadi. Albatta, bu usulning yaxshi va qulay jihatlari ko'p. Lekin…
ota-onalar bolalari internet tarmog'idan qanday ma`lumot olayotgani bilan har doim ham qiziqishmaydi. Ayrim oila ­boshliqlaridan farzandingizga oxirgi marta qachon kitob olib bergansiz, deya so'rasangiz, javob berisha olmaydi. Sababi, yo olib berishmagan yoki qachonlardir olib bergani xayolidan ko'tarilgan. Ming afsuski, ota-onalarning kitob­­ga, mutolaaga bunday e`tiborsizligi farzandlar tarbiyasiga salbiy ta`sir ko'rsatmay qo'ymaydi.

Bir kuni ishdan uyga qaytayotib, tasodifan ikki bolaning suhbati qulog'imga chalinib qoldi. Qo'lida taniqli yozuvchining kitobini ko'tarib olgan boladan sherigi so'radi:
– Bu kitobni sotib oldingmi? O'qishga vaqting bo'ladimi, kompyuter xonadan chiqmaysan-ku?
– E, jo'ra, bilasan-u kitob o'qishni yoqtirmayman. Shunchaki, ko'rgazma uchun. Dadam biror-bir kitob sotib olib, sen ham o'qi, deb pul bergandi. Oldingmi, deb so'rab qolishi mumkin.
Ana xolos! Bundan ko'rinadiki, ayrim yoshlarimiz ota-onasi yoki ustozlariga go'yo o'zlarini «kitobxon» qilib ko'rsatish uchun kitob xarid qilar ekan-da?!
Keyingi vaqtda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan kitobga, adabiyotga bo'lgan munosabat tubdan o'zgardi. Ayniqsa, yozuvchi va adiblarimiz, ijod vakillariga katta e`tibor qaratilib, keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Mamlakatimizning barcha hududlarida «Kitob olami» savdo majmualari faoliyati keng yo'lga qo'yilmoqda. Kitob o'qigan «Spark» minmoqda.
Biroq oldimizda turgan yana bir muhim masalalardan biri, bu – oilada kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish. O'z isbotini topgan bir hayot qonuni bor – o'zimiz amal qilmagan ishga farzandimizni aslo o'rgata olmaymiz. Axir ota-­onaning o'zi televizor tomosha qila turib, farzandiga kitob o'qi, desa to'g'ri bo'larmikan? Yoki o'zimiz o'qimagan kitobni bolaga «bu juda yaxshi asar» deya tavsiya qilishimiz-chi? Aslida, kitobxonlik targ'ibotini har bir xonadon sohib­lari o'zidan boshlashi kerak. Axir, farzandimiz kitobdan oladigan ma`naviy ziyoni boshqa hech narsa bilan qiyoslab bo'lmaydi. Zero, adib Asqad Muxtor aytganidek, «Kitob bebaho xazina. Lekin sotib olingani emas, o'qilgani».

Dilafro'z O'ROZOVA,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar