Ma`muriy qamoq: u qanday o'taladi?

69

Prezidentimiz tomonidan 2017 yil 9 yanvar kuni imzolangan «Ma`muriy qamoqni o'tash tartibi to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi qonuni mamlakatimizda ma`muriy javobgarlik to'g'risida qonun hujjatlarining takomillashuvi borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning yaqqol namunasi bo'ldi.

Shu vaqtga qadar Ma`muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 23-moddasiga ko'ra, ma`muriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun ma`muriy jazo choralaridan biri sifatida ma`muriy qamoqqa olish jazosi belgilangan edi. Mazkur kodeksning 346-moddasi uchinchi qismida ma`muriy qamoqni o'tash O'zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan qoidalar asosida amalga oshirilishi qayd etilgan bo'lishiga qaramasdan, ushbu normani amalga oshiruvchi huquqiy mexanizm mavjud emas edi.
Yangi qonun ma`muriy qamoqni o'tash tartibi bilan bog'liq bo'lgan munosabatlarni huquqiy tartibga solish, ma`muriy qamoqni o'tash prinsiplari, tartibi, ma`muriy qamoqqa olingan shaxs­larning huquqiy holati, qonuniy manfaatlarini belgilab berishni o'zida aks ettirdi.
Qonunning 3-moddasiga muvofiq ma`muriy qamoqqa olish – ma`muriy jazo turi bo'lib, u shaxsni jamiyatdan vaqtincha ajratib qo'yish sharoitlarida saqlashdan iborat. U 3 sutkadan 15 sutkagacha bo'lgan muddatga, favqulodda holat rejimi sharoitida esa jamoat tartibiga tajovuz qilganligi uchun 30 sutkagacha bo'lgan muddatga qo'llaniladi.
Ma`muriy qamoqni o'tash uchun asos tuman (shahar) sudi ma`muriy ishlar bo'yi­­cha sudyasining qarori, favqulodda holat rejimi sharoitlarida esa, shuning­dek, harbiy komendantning yoki ichki ishlar organi boshlig'ining qarori hisoblanadi.
Qonunda belgilanishicha, ma`muriy qamoqqa olingan shaxslar maxsus qabulxonalarning umumiy kameralariga yoki bir kishilik kameralarga joylashtiriladi. Kameralarda bir kishiga to'g'ri keladigan maydonning normasi kamida 2,5 kvadrat metr, ayollar uchun esa kamida 3 kvadrat metrni tashkil etadi. Yuqumli kasalliklarga chalingan bemorlar saqlanadigan kameralarda bir kishiga to'g'ri keladigan maydon 4 kvadrat metrdan kam bo'lmasligi kerak.
Ma`muriy qamoqqa olingan shaxslarga alohida yotoq joyi, ko'rpa-to'shak, idish-tovoq hamda ovqatlanish anjomlari beriladi. Ma`muriy qamoqqa olingan shaxs­larga o'zining kiyim-boshi, poyabzali va shaxsiy gigiena vositalaridan foydalanishga ham ruxsat beriladi.
Qonun talabiga muvofiq ma`muriy qamoqqa olingan barcha shaxslar uchun shaxsiy xavfsizlik ta`minlanadi.
Qonunning 22-moddasiga ko'ra, maxsus qabulxona ma`muriyati va xodimlariga ma`muriy qamoqqa olingan shaxslarning yozma roziligiga ko'ra ularni haq to'lanadigan mehnatga jalb etish huquqi berilgan (mehnatga qobiliyatsiz shaxs­lar bundan mustasno). Bunda ularga qonun hujjatlarida belgilangan miqdordan – Mehnatga haq to'lash yagona tarif setkasining birinchi razryadidan kam bo'lmagan haq to'lanishi lozim.
Davomiyligi sutkasiga ikki soatdan ko'p bo'lmagan maxsus qabulxona xonalaridagi sanitariya-gigiena, maishiy sharoitlarni yaxshilash, shuningdek, ichki ishlar organi yoki maxsus qabulxona hududini obodonlashtirish bilan bog'liq bo'lgan ishlarga haq to'lanmaydi.
«Ma`muriy qamoqni o'tash tartibi to'g'risida»gi qonunning 40-moddasida u rasmiy e`lon qilingan sanadan yigirma to'rt oy o'tgach kuchga kirishi (2019 yil 11 yanvardan) belgilab qo'yildi.
Mazkur qonun ma`muriy qamoqqa olingan shaxslarning huquq va erkinlik­larini himoya qilish kafolatini mus­tahkamlash, mavjud qonunchilikdagi «huquqiy bo'shliqlar»ni to'ldirish, jazoni ijro etishda ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini va mazkur organlar xodimlarining javobgarligini oshirishga ko'maklashishi bilan ahamiyatga molikdir.

G'ulomjon HAKIMOV,
Sherzod ZULFIQOROV,
yuridik fanlari nomzodlari

Boshqa xabarlar