Meni hayotga qaytargan mehr

33

Hayot — o'yin emas. Turmush yo'llari goh charog'on, goh qorong'u ekan. Shu yo'l bizga hayot hikmatlarini uqtirib, ko'rsatib borar ekan.
Yaqinda tasodifan bir oyog'i yo'q kishi bilan hamsuhbat bo'lib qoldim. Uning hikoyalarida hayot hikmatlari aks etardi:

— Oyoqlarim sog' bo'lib, do'konda ishlab yurganimda, to'g'risini aytsam, turmush o'rtog'imni mensimasdim, uni biror joyda o'qimaganlikda, hunar ham o'rganmaganlikda, faqat ketmon ko'tarib, dalada ishlaganlikda ayblardim. U esa yarim kechagacha uxlamasdan meni kutib o'tirardi.
— Shu paytgacha o'tiribsanmi? Uxlayvermaysanmi? Kelaman-da shu uyga. Yoki sening xayolingda…
Xotinim ko'zlarini yerga tikkanicha lom-mim demasdi. Birozdan so'ng «ovqatingizni olib kelaymi?» deya so'rardi, xolos.
— Yo'q, zahar olib kel, zahar!
Hayotimiz shu alfozda o'tardi. Birin-ketin to'rtta farzandli bo'ldik. Biroq to hanuz ulfatlarim bilan choyxonama-choyxona o'tirishni kanda qilmasdim. Bu orada ukamni uylantirdik. Alohida uy-joy qilib chiqishga to'g'ri keldi
Ro'zg'or alohida bo'lgach, uning «g'or»ini to'ldiraman, deb ancha qiynalib qoldim. Shunda ayolim eski odatiga ko'ra qo'liga ketmon olib, dalaga chiqib ketdi.
Bir kuni tunda to'ydan qaytayotib, halokatga yo'liqdim…
Ko'zimni ochib shifoxonada ekanligimni bildim. Birozdan so'ng palataga onam kirib keldi.
— Joning omon qolganiga shukr qil, o'g'lim, ko'rgulik ekan, — dedi ko'z yoshlarini ro'molining bir chekkasi bilan artib.
Men esa dastlab onamning nima uchun yig'laganini tushunmabman. Keyin o'rnimdan turmoqchi bo'ldim. Ammo bir oyog'imning tizzadan pasti yo'q edi…
O'shanda endigina o'ttiz beshga kirgandim. O'zimni sirayam bir oyoqsiz tasavvur qila olmasdim. Oradan oylar o'tdi. Davolanib, shifoxonadan chiqdim. Uyimizga qo'ltiqtayoqda kirib bordim.
Hech kim to'shakka mixlanmasin ekan. Endi ertadan kechgacha cho'zilib yotaman. Qo'limdan biror ish kelmaydi. Shunday kunlarda jonimga turmush o'rtog'im ora kirdi. U ertalab men va bolalarimga nonushta tayyorlaydi. Keyin ketmonini olib dalaga jo'naydi. Tushlikda ham shu ahvol. Xamir qoradi. Biz bilan ovqatlangach, yana dalasiga ketadi. Kechqurun ishdan qaytgach, non yopadi, sigir sog'adi, ovqat tayyorlaydi. Uni kuzatib o'tirib, biror marotaba «uf, charchadim» degan so'zini eshitmadim.
Do'konda ishlab yurganimda chiroyli kiyinib, uyga kerilib kelardim. Go'yoki hamma narsani qotirib qo'ygandek. Yana «Uff, charchadim! Tez-tez ovqatingni olib kel!» deya bechora xotinimga baqirardim.
Xullas, to'shakka yotib qolganimdan so'ng­gina ayolimning qadrini seza boshladim. Keyin hech bo'lmasa yordam bo'lsin, deya ovqat mahali kartoshka-piyozini archib beradigan bo'ldim.
Ro'zg'orning og'irligini butunlay yelkasiga ortgan xotinimga rahmim kelib, o'zimga yengilroq ish qidirdim. Va oxir oqibat yana do'konga qaytdim. Endi kassada ishlayapman. Hayotga mehrim oshyapti. Nogironlik bu hayot tugadi, degani emas, bir sinov ekan. Har gal shu haqda o'ylaganimda o'zimga-o'zim deymanki: «Men ayolimning mehr-u muhabbati, sabr-u toqati bilan yana hayotga qaytdim».
Xonbibi HIMMAT qizi,
jurnalist

Boshqa xabarlar