Ahil va sog'lom oila — mustahkam qo'rg'on

117

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 2 fevraldagi ­«Xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida «Oila» ilmiy-­amaliy tadqiqot markazi tashkil etildi.

Ta`kidlash joizki, ayni vaqtga qadar oilalarni alohida ijtimoiy institut sifatida monitoring qiluvchi va bu boradagi yagona siyosatni amalga oshiruvchi davlat organi mavjud emas edi. Oilalar bilan ishlagan tashkilotlar tarqoq ravishda faoliyat yuritardi. Masalan, mahalla instituti oilalarni mahalla kesimida, ­xotin-qizlar qo'mitasi ayollar masalasida, sog'liqni saqlash tizimi ona va bola salomatligi yo'nalishida va shu kabi boshqa qator tashkilotlar ham o'z ob`ekti tizimida davlat siyosatida ishtirok etib kelardi, xolos.

Mutlaqo yangidan shakllantirilgan Markazning asosiy vazifasi davlat va jamoat tashkilotlari, parlament, siyo­siy partiyalar, ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolik jamiyatining bosh­­qa institutlarini O'zbekiston oilalarini mustahkamlash yagona g'oyasi atrofida birlashtirish, bu borada samarali davlat siyosatini yuritish, mamlakatda faqat sog'lom oila sog'lom jamiyat ustuni bo'lishi to'g'risidagi tushunchani aholi ongiga singdirishdan iboratdir.

Kuchli, barqaror va farovon davlat negizini ham, avvalo, mustahkam oilalar tashkil etadi. Taassufki, hali- hamon ijtimoiy og'riqlarga sabab bo'luvchi erta nikohlarning ortishi kuzatilmoqda, ajrashishlar soni yil sayin 10-11 foizga oshib bormoqda, ayollar jinoyatchiligi, voyaga yetmaganlar nazoratsizligi va huquqbuzarligi ko'p uchramoqda. Bunday noxush manzaralarga chek qo'yish va oldini olish uchun oilalar bilan ishlash tizimiga hayotiy, samarador mexanizmlarni joriy qilish zarur. Markazimiz tadqiqotlari aynan shu savollarga javob izlashdan boshlandi. Shu maqsadda zamonaviy usul va yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etishga kirishildi.
Mahallalarda qiyin ahvolga tushgan oilalarni aniqlash, ularning manzilli ro'yxatlarini shakllantirish, ma`lumotlar bazasini to'p­lash, mutaxassislarning malakasini oshirish, davlat xizmati manzilli yetib borishi ustidan monitoring yuritish tizimini shakllantirmoqdamiz.
Prezidentimizning joriy yil 27 iyundagi qarori bilan qabul qilingan O'zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiya­­si faoliyatimizda yangi yo'nalish va vazifalarni belgilab berdi. O'tgan qisqa davrda oilaning rep­roduktiv salomatligi va demografik rivojlanishi, uning farovonligi va xotirjamligini oshirish masalalarini kompleks o'rgandik. Oilaning ichki va shaxs­lararo munosabatlari, boy madaniy-tarixiy meros va an`anaviy oilaviy qadriyatlar muammolari bo'yicha fundamental, amaliy va innovasion tadqiqotlar o'tkazdik. Konsepsiyani amalga oshirish bo'yicha «Yo'l xaritasi»da belgilab berilgan vazifalarni bajarmoqdamiz.
Xususan, kelgusida o'tkaziladigan tadqiqotlarni moliyalashtirishning moslashuvchan tizimi shakllantirilib, oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati statistikasini yuritish ishlari takomillashtirilmoqda. Qiyin hayotiy sharoit­­ga tushib qolgan, ijtimoiy xavfli guruhlarga mansub oilalar, ularning ahvoli va manzilli yordam xizmatining har xil turlariga ehtiyojlari to'g'risidagi ma`lumotlarni o'z vaqtida olish maqsadida «Oila» markazining yagona idoralararo axborot bazasi yaratilmoqda.
Tadqiqotlarda huquq­buzarliklar, jinoyatchilik, oiladagi mojaro va zo'ravonliklar, oilalar ajrashishi hamda ularning ijtimoiy oqibatlarini kompleks tadqiq qilib, ularning oldini olish bo'yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirishga e`tibor qaratyapmiz. Jahon ilm-fanida mahalliy ishlanmalarning raqobatdoshligini oshirish uchun oilaviy muammolar bo'yi­­cha magistrlik va doktorlik dissertasiyalari mavzulari doirasi va mazmuni kengaytirilmoqda. Muqobil oilaviy vasiylikni tanlash, qo'llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, jumladan, bola asrab oluvchi ota-onalarni topish va tayyorlashni yo'lga qo'yish, farzand asrab olgan oilalarni professional qo'llab-quvvatlash va vasiylik sifatini monitoring qilish tizimini yaratish hamda bu boradagi ilg'or xorij amaliyotini O'zbekis­ton sharoitiga moslashtirish bo'yi­­cha takliflar ishlab chiqilmoqda.
Nikohdan oldin tibbiy ko'rikdan o'tish, erta va qarindoshlar o'rtasidagi nikohlarning, tug'ma nuqsonlar bilan bolalar tug'ilishining oldini olish bo'yicha ishlarni takomillashtirishga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Yoshlarni nikohdan avval maxsus o'quv kurslarida o'qitish, umumta`lim maktab­lari, kollej va liseylar o'quvchilari, oliy o'quv yurtlari talabalarining dars mashg'ulotlariga o'quv ­dasturlarini joriy etishga doir normativ-huquqiy hujjat qabul qilish kerakligi haqida Hukumatga taklif tayyorlanmoqda.
Oilalarda ota-ona va farzandlar, er va xotin, qaynona va kelin o'rtasidagi munosabatlarni yaxshilash, mojaroli va og'ir turmush sharoiti holatlariga barham berish mexanizmlarini ishlab chiqmoqchimiz.
Fuqarolar yig'inlari qoshidagi yarashtirish komissiya­lari faoliyati tubdan qayta ko'rib chiqilib, ishni tashkil qilishning yangi shakllari va usullarini joriy etish, og'ir turmush sharoiti­da qolgan shaxslarga mo'ljallangan ijtimoiy moslashuv markazlari faoliyatini takomillashtirish muhim vazifalarimizdan biridir.
Ushbu Konsepsiyani amalga oshirish orqali farzand tarbiyasida oilaning javobgarligini oshirish, oilaviy qadr­iyatlarni mustahkamlash, saqlash va rivojlantirish, oila a`zolarining huquqlariga rioya qilish, oilalarda tinch, do'stona va ahillik muhitini yaratish, ma`naviy-ma`rifiy ishlarga aniq mazmun baxsh etish, oila ins­tituti sohasidagi fundamental, amaliy va innovasion tadqiqotlarning aniq maqsadga qaratilganini hamda dolzarbligini ta`minlaydigan tizimni joriy qilish va tadqiqotlar natijalarini amaliyotda qo'llash nazarda tutilgan.
Markazimiz zimmasida har bir oilaning ijtimoiy ahvolidan xabardor bo'lish, oilalardagi barqarorlik, ma`naviy-axloqiy muhitni sog'lomlashtirish, oila-nikoh munosabatlarini yaxshilash, zamonaviy oilalar safini kengaytirish kabi o'ta muhim vazifalar turibdi.
Bu borada biz, eng avvalo, oilalardagi muammolarni to'liq o'rganib, ularning yechimi yuzasidan takliflar ishlab chiqishga asosiy e`tiborimizni qaratyapmiz. Xodimlarimiz Sirdaryo, Namangan, Farg'ona, Andijon, Samarqand, Toshkent viloyatlarida bo'lib, oilalardagi vaziyat bilan yaqindan tanishishdi, mavjud muammolar yuzasidan aholi turli qatlamlari fikrini o'rganishdi.
Har qancha achchiq bo'lmasin, ochiq aytish kerak, ­keyingi paytlarda xalqimizga xos bo'lmagan ayrim illatlar tez-tez sodir bo'lmoqda. Dastlabki tadqiqotlarimizning ko'rsatishicha, oilaning darz ketishi, ishsizlik, oiladagi nosog'lom muhit, ma`naviy tushkunlik, ehtiyojmandlik kabi omillar notinch, noqobil, kemtik oilalar vujud­­ga kelishiga sabab bo'lmoqda, bir qancha ijtimoiy va ma`naviy muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Hozir mamlakatimizda 7 milliondan ortiq oila mavjud. Bu oilalarda kamolga yetayotgan bolalar esa — ertamiz egalari, kelajagimiz. Har bir oilaning mustahkam bo'lishi, ularda sog'lom muhit qaror topishi farzandlar tarbiyasida muhim rol o'ynaydi. Xususan, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, ijtimoiy barqarorlikni kafolatlashda ham katta o'rin tutadi. Shunday ekan, bu boradagi sa`y-harakatlar ko'lamini kengaytirish maqsadga muvofiq va bu zimmamizga katta mas`uliyat yuklaydi.

Dilorom TOShMUHAMEDOVA,
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori

 

Boshqa xabarlar