O'zbek adabiyoti jahonga bo'ylamoqda

89

Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda «O'zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o'rganish va targ'ib qilishning dolzarb masalalari» mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning konferensiya qatnashchilariga yo'llagan tabrigini Oliy Majlis Senati raisi N. Yo'ldoshev o'qib eshittirdi.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, YuNESKOning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Dendev Badarch, Fanlar akademiyasi vise-prezidenti Bahrom Abduhalimov, Ozarbayjon Yozuvchilar birligi rai­­si Anor, Qozog'iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Ulug'bek Yesdavlat va boshqalar so'zga chiqib, barchani ushbu nufuzli tadbir bilan muborakbod etishdi.

Konferensiya o'z ishini sho'`balarga bo'lingan holda davom ettirdi. «O'zbek mumtoz adabiyotini xorijda o'rganish va targ'ib etish masalalari», «O'zbek adabiyotini xorijiy tillarga tarjima qilish va tarjimalarni targ'ib qilish masalalari» kabi bir qator mavzulardagi ma`ruzalar tinglandi.
– Ushbu nufuzli anjumanda olimlar o'rtasidagi do'stona muloqotlar, ularning mazmunli ma`ruzalaridan boshim ko'kka yetdi, — deydi Afg'onistonning Mozori Sharif shahridan kelgan yozuvchi Abdullo Ruin.
– Har qanday milliy adabiyot, badiiy tafakkur taraqqiyoti xalqaro aloqalar, do'stlik uchrashuvlari, ijodiy muloqotlar bilan boyiydi. Internet orqali qanchalik ko'p muloqot qilmaylik, baribir bu yuzma-yuz diydorlashuv o'rnini bosolmaydi, – deydi yozuvchi Xurshid Do'stmuhammad. – O'zbek badiiy tafakkuri ­dunyoga chiqishga tayyor. Bugungi anjuman aynan shunga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo'ldi. Ma`ruzalarni eshitib shunday xulosaga keldimki, turli millat vakillari bo'lsak-da, qalbimiz deyarli bir, o'xshash taraflarimiz bisyordir.
Konferensiyada o'zbek adabiyoti namunalarini chet ellarda nashr qilish masalasida bir qator davlatlar bilan memorandumlar imzolandi. Shuningdek, ba`zi adabiy nashrlarimiz hamda xorijiy nashrlar o'rtasida hamkorlikka kelishib olindi.
– O'zbekiston va xorij olimlarining o'zbek adabiyotini dunyoga tanitish yo'lida amalga oshirilayotgan ishlar, qilinayotgan tarjimalar haqidagi ma`ruzalarining yuqori saviyada tayyorlanganidan mamnun bo'ldim. Ayniqsa, mumtoz adabiyotimiz namunalarining Shveysariya, Germaniya, Turkiya, Afg'oniston singari mamlakatlarda tarjima qilinayotganligi biz uchun katta sharaf, – ­deydi filologiya fanlari nomzodi Vahob Rahmon. – Xususan, Abdullo Ruinning mash­aqqatli mehnati tahsinga loyiq. U Mozori Sharifda Navoiyning to'la asarlar to'plamini 28 ta kitob hajmida nashr ettirgan. Uning matnshunoslik nuqtai nazaridan yuqori saviyada ekanligi barcha ziyolilarni xursand qiladi, albatta. Bugungi anjumandan keyin o'zbek adabiyotining jahon miqyosida yanada keng­roq targ'ib etilishiga ishonchim komil.
Anjuman qatnashchilarini kuzatar ekanmiz, bu yerda nafaqat adabiyot ahli, balki adabiyotga oshno turli kasb egalarini ham uchratdik. Bundan ko'rinadiki, xalqimiz adabiyotga tashna, uning jahon maydonida o'z o'rniga ega bo'lishiga befarq emas.
Konferensiya yakuni oldidan mehmonlar Samarqand shahriga tashrif buyurib, Imom Buxoriy, Amir Temur, Imom Moturidiy maqbarasi, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qabrini ziyorat qilishdi. Registon maydoni, Mirzo Ulug'bek rasadxonasi, Shohi Zinda ansambli singari tarixiy obidalar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Shahzoda HAKIMOVA,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar