Orol muammosini bartaraf etish bo'yicha mintaqaviy hamkorlik yangi bosqichga ko'tarilmoqda

127

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov­ning taklifiga binoan 24 avgust kuni Turkmanboshi shahrida bo'lib, Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi ta`sischi davlatlar rahbarlari kengashining majlisida ishtirok etdi.

Prezidentimiz dastlab «Avaza» sayyohlik zonasida Turkmaniston Prezidenti bilan uchrashdi.
Bugungi kunda O'zbekiston – Turkmaniston munosabatlari yuksak sur`at bilan rivojlanmoqda. Bunda, avvalo, ikki davlat rahbarlarining samimiy do'stligi, o'zaro ishonchi va bir-birini qo'llab-quvvatlashi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Oliy darajadagi uchrashuvlarning muntazamlik kasb etgani davlatlararo munosabatlar yuksak darajada ekanidan dalolatdir. Jumladan, Turkmaniston rahbarining joriy yil aprel oyida O'zbekistonga davlat tashrifi mamlakatlarimiz o'rtasidagi hamkorlikka yangi sur`at bag'ishladi.
O'zbekiston va Turkmaniston rahbarlarining bu galgi uchrashuvi o'zaro manfaatli, samarali va faol muloqotlarning mantiqiy davomi bo'ldi.
Shavkat Mirziyoev Turkmanistonning Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasiga raisligi davridagi tashabbuslarini yuqori baholab, mamlakatlarimizning bu boradagi loyiha va sa`y-harakatlari bir-birini to'ldirishini qayd etdi.
Gurbanguli ­Berdimuhamedov davlatimiz rahbarini Turk­manistonga tashrifi bilan qutlab, Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasining ta`sischi mamlakatlari rahbarlari sammiti ham ikki tomonlama, ham ko'p tomonlama hamkorlikni muhokama qilish uchun qulay imkoniyat ekanini ta`kidladi.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz o'rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Avval erishilgan kelishuvlar ijrosiga e`tibor qaratildi. Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi ta`sischi davlatlari rahbarlari kengashining majlisi Prezidentlarning tor doiradagi uchrashuvi bilan boshlandi. Unda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat ­Mirziyoev, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Qozog'iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev, Qirg'iziston Res­publikasi Prezidenti ­Sooronbay Jeenbekov va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon ishtirok etdi.
Majlisda jamg'arma fao­liyatini takomillashtirish, mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilash, suv resurs­larini muvofiqlashtirgan holda boshqarish, bu borada Markaziy Osiyo mamlakatlarining hamkorligini mus­tahkamlash masalalari muhokama etildi.
Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi 1993 yili O'zbekiston, Qozog'is­ton, Qirg'iziston, Tojikis­ton va Turkmaniston rahbarlari tashabbusi bilan Orol dengizi havzasida ekologik inqiroz oqibatlariga barham berish va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash maqsadida tuzilgan. Ta`sischi davlatlar unga uch yil muddatga rais­lik qiladi. Raislik qiluvchi mamlakat rahbari Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi Prezidenti etib saylanadi. 2017 yildan jamg'armaga Turkmanis­ton raislik qilmoqda.
Ta`kidlash joizki, mazkur sammit jamg'armaning 2009 yilgi majlisidan so'ng qariyb o'n yildan keyin o'tkazilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Orol inqirozi zamonamizning eng yirik ekologik halokatidir. Dengiz tubidan ko'tarilayotgan chang yiliga 80 million tonnaga yaqin tuz va zararli kimyoviy moddalarni Sharqiy Yevropadan Himolay tog'larigacha bo'lgan ulkan hududga yoyayotgani muammoning global tus olganidan dalolat beradi.

Shu nuqtai nazardan ushbu sammit yetakchi moliya muassasalari, xalqaro tashkilotlar, chet el donorlik kompaniyalari, shuningdek, biznes hamjamiyati ­e`tiborini Orolbo'yidagi ekologik vaziyatga jalb etishda muhim ahamiyatga ega.
O'tgan davrda jamg'arma doi­rasida mintaqadagi murakkab suv-energetika masalalarini hal etish, suv resurslarini birgalikda boshqarish, foydalanish va muhofaza qilishda hamkorlik bo'yicha qator hujjatlar imzolandi.
Xususan, O'zbekiston Orolbo'yi mintaqasida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, aholining turmush darajasini yaxshilash bo'yicha keng miqyosli loyihalarni amalga oshirdi. 350 ming gektar maydonga saksovul va sho'rga chidamli o'simliklar ekilib, butazorlar barpo etildi.
Orol dengizi inqirozi oqibatlarini yumshatish va Orolbo'yi hududini rivojlantirish bo'yicha 2013-2017 yillarga mo'ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi doirasida 500 dan ortiq loyiha amalga oshirildi. Ularning yarmidan ko'pi milliy loyihalardir.
Prezident Shavkat ­Mirziyoev tashabbusi bilan qabul qilingan 2018-2021 yillarda Orolbo'yi hududini rivojlantirish bo'yi­­cha Davlat dasturi bu yerda ijtimoiy-iqtisodiy holatni yaxshilash, ekologik falokat oqibatlarini yumshatish bo'yi­­cha investisiya loyihalarini o'z vaqtida va samarali amalga oshirishga xizmat qilmoqda.
O'zbekiston Orol halokatiga xalqaro hamjamiyat e`tiborini ham qaratib kelmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiya­sida dunyo hamjamiyatini ushbu ekologik inqiroz oqibatlarini bartaraf etish va undan jabr chekayotgan aholiga amaliy yordam ko'rsatish bo'yicha xalqaro miqyosdagi sa`y-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi.
O'zbekiston BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markazi tomonidan ishlab chiqilgan Amudaryo va Sirdaryo suv resurs­laridan foydalanish to'g'risidagi konvensiyani qo'llab-quvvatladi. Fojianing butun sayyoraga daxldorligi inobatga olinib, O'zbekiston tashabbusi bilan BMT shafeligida Orol dengizi va Orolbo'yi hududi bo'yi­­cha maxsus Trast jamg'armasi tuzildi.
Joriy yil 7-8 iyun kunlari Toshkentda «Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish bo'yicha hamkorlikdagi harakatlar: yangicha yondashuvlar, innovasion yechimlar va investisiyalar» mavzuida xalqaro konferensiya, uning doirasida Markaziy Osiyo ekologik forumi bo'lib o'tdi.
Turkmanboshidagi uchrashuvda Orol inqirozi oqibatlarini yumshatish, hududdagi ekologik holatni yaxshilash bo'yicha Markaziy Osiyo mamlakatlarining hamkorligini faollashtirish, Orolbo'yi hududi uchun ekologik toza texnologiyalar ishlab chiqish va joriy etishga xorijiy inves­tisiyalarni birgalikda jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Kengaytirilgan tarkibdagi majlisda O'zbekiston, Turkmaniston, Qozog'iston, Qirg'iziston va Tojikiston delegasiyalari ­a`zolari, xalqaro tashkilotlar va moliya muassasalari vakillari, ekologiya va suv masalalari bo'yicha mutaxassislar qatnashdi.
Majlisda O'zbekiston Res­publikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev nutq so'zladi.
Davlatimiz rahbari Turkmaniston raisligida tuzilma fao­liyatini takomillashtirish va rivojlantirish, uning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish bo'yicha ulkan ishlar qilinayotganini ta`kidladi.
Qariyb o'n yillik tanaffusdan so'ng o'tayotgan Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi ta`sischi davlatlari rahbarlarining bugungi tarixiy majlisi tashkilot faoliyatida yangi sahifa ochadi, Markaziy Osiyoda mintaqaviy sheriklikka katta sur`at bag'ishlaydi. Biz bu boradagi o'zaro hamkorlikka tayyor ekanimizni yana bir bor tasdiqlaymiz, dedi Shavkat ­Mirziyoev.
Prezidentimiz Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi faoliyatini takomillashtirish, hududga innovasion yechimlar joriy etish va xorijiy inves­tisiyalar jalb qilish, «yashil iqtisodiyot»ni rivojlantirish, ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish va boshqa masalalar bo'yicha muhim takliflarni ilgari surdi.
Majlisda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash suv resurslaridan birgalikda foydalanish masalasiga bevosita bog'liq ekani, bu boradagi oqilona qarorlar va yaqin hamkorlik mintaqa mamlakatlari farovonligiga xizmat qilishi ta`kidlandi. Bu masalani hal qilishda mintaqadagi barcha mamlakatlar manfaatlarini hisobga olish zarurligi, shunday yondashuvdan boshqa yechim yo'qligi alohida qayd etildi.
Majlis yakuni bo'yicha davlat rahbarlarining Qo'shma bayonoti qabul qilindi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda ushbu sammit o'z ahamiyatiga ko'ra nafaqat jamg'arma ­faoliyatida, balki Markaziy Osiyo mamlakatlarining ekologiya va suvdan foydalanish borasidagi hamkorligini rivoj­lantirishda yangi bosqichni boshlagani, ilgari surilgan taklif va tashabbuslar mintaqa xalqlari farovonligini oshirish, ko'p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi ta`kidlandi.

Matnazar ELMURODOV,
O'zA maxsus muxbiri.
Toshkent – Turkmanboshi – Toshkent.

Boshqa xabarlar