BITTA NONNING TANNARXI 30 MING SO'MMI? yoki «virtual suv» iste`moli miqdori qancha?

630

Bir kilogramm go'shtning asl narxi qancha? Bir buxanka nonning-chi? Aslida, biz har kuni 650 so'mga sotib olayotgan 400 gramm og'irlikka ega bu nonning tannarxi salkam 30 ming so'm. Nega deysizmi?
Bir hisoblab ko'ring. Bir kilogramm bug'doy yetishtirish (lalmi bo'lmagan) va xamir qorib, dasturxonimizga yetkazish uchun 1000 litrga yaqin suv sarflanadi. mutaxassislar tomonidan hisoblab chiqilganda etilgan bug'doyni o'rish, yanchish, tashish, xamirga ishlatiladigan, xamir qorilgan, non pishirilgan idishlar va taxminan ikki daqiqa  davomida qo'lni yuvishga hajmi o'rtacha 86 m3 suv
sarflanar ekan. Agarda uni bugungi kunda  yurtimizdagi mavjud suvning narxiga  (Toshkentda 345 so'm, Xorazmda 900 so'm) ko'paytirilsa, o'rtacha bir buxanka nonning tannarxi, ya`ni unga sarflangan «virtual
suv»ning narxi kelib chiqadi. Shu o'rinda  savol tug'iladi: Xo'sh, virtual suv nima?  Nega virtual suvni bilish bunchalik muhim?

Virtual suv biz har kuni iste`mol qilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish uchun ketgan suvning haj­midir. Masalan, bir kilogramm go'sht uchun 15 500 litrga yaqin suv sarflanadi, demak, biz iste`mol qilayotgan go'shtning tannarxi 15 500 litr virtual suvning narxiga teng. Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko'ra, bitta odamning virtual suv iste`mol qilish hajmi bir kunda 1 m3 yashab qolish, 2,6 m3 va undan ko'prog'i esa ko'p go'sht iste`mol qiladiganlar uchun yetarli miqdor. Bundan anglashiladiki, suv tanqis bo'lgan mamlakatlar mahsulot va tovarlarni xarid qilganda ularni ishlab chiqargan mamlakatdan sotib olgan mamlakatga virtual suv o'tadi. Bu ushbu mamlakatlardagi suv resurslarini tejash imkonini beradi. Global darajada esa virtual suvni sotish geosiyosiy ahamiyatga ega: u mamlakatlarni bir-biriga bog'laydi. U hamkorlik va tinchlik asosi yoxud turli xil ziddiyatlar manbasi bo'lishi mumkin. Aytish joizki, o'rtacha eksport qilinadigan mahsulotlar yuzadagi va yer osti suvlarini ichki bozorda iste`mol qilinadiganlarga nisbatan ko'proq ifloslantiradi.

– Suv tanqisligi mamlakatimizda tobora keskinlashib bormoqda. Agarda 2000 yillarning boshlarida mazkur muammo Qoraqalpog'iston Res­publikasi va Xorazm viloyatida dolzarb bo'lgan bo'lsa, bugungi kunga kelib aksariyat viloyatlarda odamlar kundalik ehtiyoj uchun suvni sotib olishmoqda, – deydi Qashqadaryo viloyati Ekoharakat bo'limi boshlig'i Nosir Halimov. – Qarshida 1 mashina (4 m3) suv 75 ming so'm tursa, Dehqonobod tumanida u 200 ming so'm turadi. Buni har bir viloyat misolida ko'rishimiz mumkin.
Suv xo'jaligi vazirligining ma`lumotlariga ko'ra, mamlakatimiz iqtisodiyotining asosiy tarmoqlari bo'lgan qish­loq xo'jaligi (irrigasiya) – 84,2-91,8 foiz, sanoat – 1,8-3 foiz, kommunal maishiy ehtiyojlar – 3-6 foiz, energetika – 2-6 foiz, baliqchilik xo'jaligi – 0,5-2 foiz suvning iste`molchisi hisoblanadi.
Aholining suvdan oqilona foydalanish borasidagi madaniyati pastligi, muammoni to'liq anglab yetmagani oqibatida quyidagi muammolar dolzarb bo'lib qolmoqda:
– Markaziy Osiyo va O'zbekistonda suv­ni iste`mol qilish darajasi uzluksiz pasaymoqda. Bu aholi sonining tobora ko'payishi hamda rivoj­lanishi bilan chambarchas bog'liq;
– Markaziy Osiyoning daryo havzalaridagi suv resurslariga bo'lgan antropogen yuklamalar ruxsat etilgan chegaralardan ortib ketmoqda;
– mintaqada suv resurslarini ­boshqarish va ulardan foydalanish eskirgan tamoyil hamda yondashuvlarga tayanmoqda. Qishloq xo'jaligida sug'orish jarayonida suvni tejaydigan texnologiya­lar, sanoatda esa kam suv sarflaydigan va suvdan umuman foydalanmaydigan texnologiyalar kam qo'llaniladi.
– transchegaraviy suvlardan foydalanish bo'yicha o'zaro ma`qullangan kelishuvlar va mustahkam hamkorlik mavjud emas;
– asrlar davomida sinovdan o'tgan ekinlarni sug'orish, shuningdek, suv­ni tejash borasidagi amaliyot deyarli ­qo'lla­­n­i­­­­lmaydi;
– tabiatni avaylash unga g'amxo'rlik qilish fazilatlari yo'q bo'lib ketmoqda;
– aholini suv bo'yicha axborot bilan ta`minlash sohasidagi kamchilik­lar bilan bog'liq.
«Proceedings of the National Academies of Science» nashrida chop etilgan jahon bo'yicha suv iste`moli haqidagi ma`lumotda dunyodagi 92 foiz ishlatiladigan suv hajmi qish­loq xo'jaligiga to'g'ri kelishi ko'rsatilgan. Suv ko'p iste`mol qiladigan g'alla, sholi va makkajo'xori yetishtirishga jahondagi chuchuk suv­ning 27 foizi sarflanadi. Tadqiqot natijasida go'sht ishlab chiqarishga 22, sutga 7 foiz suv sarflanishi aniqlangan. Tadqiqotchilar «virtual suv»ning mamlakatlar o'rtasidagi aylanishini ham o'rganishgan. Dun­yodagi suvning beshdan bir qismi aynan virtual suv sifatida ishlatiladi, ya`ni mamlakatlar o'z hududida suvni kamroq sarf qilish va uning ifloslanishi oldini olish maqsadida importni amalga oshiradi. Bugungi kunda virtual suvning asosiy eksportyorlari Shimoliy va Janubiy Koreya, Janubiy Osiyo, Avstraliyadir. Importyorlarga esa Shimoliy Afrika, Sharqiy Osiyo, Yevropa, Yaponiya kabi davlatlarni kiritish mumkin.

Suvga oid faktlar
• Chuchuk suv zaxirasining 70-90 foi­­zi rivojlanayotgan mamlakatlarda ekinlarni yetishtirish uchun ishlatiladi;
• Kundalik ehtiyojni qondirish uchun aholi jon boshiga kuniga 50 litr suv kerak (Dublin tamoyillari,1992);
• 1 kg. guruch yetishtirish uchun ­­3000 l. suv zarur;
• Bir finjon qahvaning tannarxi – 18900 litr. Bitta tovuq – 4300 litr, 1 kg. pishloq – 3180, 1 kg. guruch – 2500 litr, 1 kg. shakar – 1780, 1 dona olma – 822 litr, 1 kg. kartoshka yetishtirish uchun 2000 litrga yaqin suv ishlatiladi.

«virtual suv» tushunchasi ilk marotaba 2003 yili uchinchi Butunjahon suv forumida ishlatilib, yig'ilishdan so'ng virtual suv va undan foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi. 2004 yilning aprel oyidagi hisobotda quyidagi masalalar tilga olingan:
• Virtual suv eksporti suv tanqis bo'lgan mamlakatlarda uni tejash imkonini beradimi?
• Virtual suv oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlashga yordam beradimi?
• Virtual suv suv borasidagi ziddiyatlarning oldini olib, ularni bartaraf etadimi?
• Virtual suvni qisqartirish, ya`ni suvni tejash, qurg'oqchilikka moslashgan ekinlarni ekish, ishlab chiqarishda kamroq suv ishlatish, ikkilamchi va uchlamchi suvlardan foydalanishni keng yo'lga qo'yish dunyodagi mavjud ichimlik suvini tejashga yordam beradimi?
Virtual suv haqida gap ketganda albatta yana bir atama – «suv izi»ni tilga olmoq joiz. «Suv izi» deganda mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlar uchun ketadigan umumiy suv hajmi tushuniladi. Suv izi ma`lum bir vaqt ichida ishlatilgan yoki ifloslantirilgan suv haj­mi bo'lib, bunda suvni nafaqat to'g'ridan-to'g'ri, balki bilvosita ishlatish ham nazarda tutiladi. Suv izi konsepsiyasi 2002 yilda Gollandiya universitetining mutaxassislari Tvente Erien Xokstr va Mesfin Mekonnen tomonidan ishlab chiqilgan bo'lib, bugungi kunda ishlab chiqarishga ketadigan va iste`mol uchun sarflanadigan suv izi farqlanadi. Iste`mol uchun sarflanadigan suv izi barcha iste`moldagi mahsulotlar va xizmatlardan qoladigan suv izini o'z ichiga oladi. U o'z navbatida ichki, ya`ni davlatning o'z suv zaxiralaridan foydalanishni, tashqi – eksport qilinadigan mahsulotlar ishlab chiqarishga ketadigan suv haj­mini nazarda tutadi. Suv izi bitta yoki bir guruh odamlar, konkret mahsulot yoki xizmat, korxona yoki iqtisodning butun bir tarmog'i, hudud yoki davlat miqyosida hisoblanishi mumkin.
• Bir insonning suv izi – bir kishi tomonidan iste`mol qilinadigan va foydalaniladigan mahsulot va xizmatlar uchun ketadigan suv hajmi (bunga uy-kommunal xo'jaligi uchun ketadigan suv ham kiradi);
• Mahsulot yoki xizmatning suv izi – mahsulotni tayyorlash yoki xizmatni amalga oshirish uchun ketadigan suv;
• Korporativ suv izi – tijorat faoliyatini yuritish uchun ketadigan suv hajmi. Bunga mahsulotni tayyorlash, xizmatni amalga oshirish uchun ketadigan, shuning­dek, ta`minot, logistika va boshqa ehtiyojlar uchun sarflanadigan bilvosita suv sarfi ham kiradi.
• Hududning suv izi (davlat, viloyat) deganda davlatdagi ishlab chiqarish, sanoat, jamiyat ehtiyoji, iqtisodiyot – xullas, davlatning faoliyati uchun ketadigan suv sarfi tushuniladi.
Suv izining uchta turi farqlanadi:
• Yashil iz – o'simliklarni zarur obi hayot manbai bilan ta`minlaydigan, tup­roqda yomg'ir, qor natijasida to'planadigan suv;
• Moviy iz – turli xil yer yuzasi va yer osti suv ob`ektlaridan olinib, sarflanadigan suv izi. Bunda ishlab chiqarishda foydalaniladigan suv bir suv havzasidan olinib, foydalanilgach, ma`lum muddat o'tgach ikkinchi suv havzasiga tashlanadi;
• Kulrang iz – ishlab chiqarishdagi va oqava suvlardagi ifloslantiruvchi moddalarni eritish uchun o'rnatilgan standartlargacha suv sifatini oshirishga qaratilgan va ishlatilgan, suv ob`ektlariga tashlanadigan suv.
Ma`lumot tariqasida aytadigan bo'lsak, mamlakatimizda 1990 yilgacha turli maqsadlar uchun ishlatilayotgan suv 64 milliard kubni tashkil etgan. 2008 yildan so'ng bu ko'rsatkich 51 milliardgacha qisqargan. 1985 yilgacha 1 gektar maydonni sug'orish uchun 22,4 ming metr kub suv sarflangan bo'lsa, zamonaviy tejamkor texnologiyalardan foydalanish tufayli 2015 yilga kelib bu miqdor 6-10 ming metr kubgacha qisqardi. Ma`lumotsiz oddiy bir odamga chuchuk suv muammosi unchalik katta yoki insoniyat uchun xavfli ko'rinmasligi mumkin. Suv resurslari tanqisligi O'zbekistonning izchil rivojlanishiga o'z ta`sirini o'tkazishi mumkin bo'lgan asosiy omillardandir. Mamlakat ayni kunlarda suv yetishmasligi, suv manbalarining qurishi va ifloslanishi bilan bog'liq ayrim muammolarga duch kelmoqda. Suvga oid muammolarning asosiy sababi suv qimmatbaho resurs ekanini tan olmaslikdan iborat. O'zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida sug'orish uchun ishlatiladigan suvga ko'proq ehtiyoj sezadigan mamlakatdir. Chunki uning sug'oriladigan maydoni katta, qishloq aholisi ko'pchilikni tashkil etadi va zich joylashgan. Suvning katta qismi qishloq xo'jaligida foydalanilayotganini e`tiborga oladigan bo'lsak, sug'oriladigan dehqonchilikning ekologiyaga salbiy ta`sir ko'rsatayotganini sezish mushkul emas.
Xo'sh, ozgina bo'lsa-da, farzandlarimizga toza ichimlik suvi zaxirasini qoldirishimiz uchun nima qilish kerak? Buning yechimi juda oddiy: suvni tejash va asrash!
Suvni asrashning
11 ta oson yo'li
1. Hojatxonadagi unsurdan «axlat chelak» sifatida foydalanmang yoki undagi suvni zaruratsiz tushirmang! Hojatxona suv ta`minotining to'rtdan birini hamda keragidan 40 foiz ortiq suv iste`mol qiladi.
2. Tishingizni yuvayotganingizda yoki idish-tovoqni sovunlayotganingizda krandagi suvni o'chirib turing. Chunki 2 daqiqa tish yuvish davomida kanalizasiyaga 18 litr toza suv oqib ketadi.
3. Ichish uchun bir shisha suvni sovutgichda saqlang. Kranda sovuq suvni bekordan bekorga yoqmang.
4. Idish-tovoq yuvgich va kir mashinani faqat to'lgandagina ishlating.
5. Kran va quvurlarning oqayotgan yoki oqmayotganini tekshiring va sozlang. Aksariyat uylarda ovqat qilish yoki boshqa ehtiyojlarga sarflanadigan suvga qaraganda quvurlardan suv oqishi hisobiga ko'proq suv sarf bo'ladi.
6. Hammomga kam sarfli dush moslamasi va kranlarga suv oqishining oldini oladigan qurilmalar o'rnating. Oddiy dush moslamasidan 5 daqiqada 100 litr suv oqadi. Vaholanki, kam sarfli dush moslamasi 35 litr suv sarf qiladi.
7. Meva va sabzavotlarni oqar suvda emas, balki chuqur idishda yuving. Ishlatilgan suv bilan xonaki o'simliklarni sug'orish mumkin.
8. Maysa (gazon)ni har uch kunda salqin tushganda sug'oring.
9. Maysaga suv sarfini kamaytirish maqsadida pestisidlarni kamroq soling.
10. Shaxsiy avtomobilni chelakka suv olib yuving. Shlangdan foydalanmang.
11. Ko'cha va mahallalarda oqib yotgan kranlarni yopib yurish hamda boshqalarni nazorat qilishni o'rganing.

Nargis QOSIMOVA,

jurnalist

Boshqa xabarlar