Sportchilarimiz ulkan zafarlar bilan qaytdi

170

Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida o'tkazilgan XVIII yozgi Osiyo o'yinlarida O'zbekiston sportchilari 21 oltin, 24 kumush va 25 bronza, jami 70 ta medalni qo'lga kiritib, yurtimizga yorug' yuz bilan qaytib keldi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida sportchilarimizni vazirlik va idoralar, sport jamoatchiligi vakillari, ota-onalar va muxlislar kutib oldi.
Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazishning muhim vositasi sifatida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Buning samarasida O'zbekiston dunyoga sporti jadal rivojlangan mamlakat sifatida tanildi. Xususan, qit`a miqyosida o'tkaziladigan har to'rt yillikning nufuzli musobaqasi – Osiyo o'yinlarida sportchilarimiz muntazam yuqori natijalarga erishmoqda.
Osiyo Olimpiya kengashi tomonidan tashkil etilgan bu galgi musobaqada 232 nafar hamyurtimiz sportning 30 turi bo'yicha mamlakatimiz sharafini himoya qildi.
O'zbekiston sportchilarining qit`amizning eng nufuzli musobaqasida muvaffaqiyatli qatnashishida davlatimiz rahbarining 2017 yil 9 martdagi O'zbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo'lib o'tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o'yinlariga tayyorlash to'g'risidagi qarori muhim omil bo'ldi. Mazkur hujjat ijrosini ta`minlash yuzasidan ishlab chiqilgan dasturga ko'ra, sportchilarimizning zamonaviy me`yorlar asosida o'quv-mashg'ulot yig'inlarini o'tkazishi, tajriba va mahoratini oshirishi, xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko'rishi va ularda munosib ishtirok etishi uchun barcha sharoit yaratilgan.

Osiyo o'yinlarida Yaponiyaning Tokio shahrida bo'ladigan XXXII yozgi Olimpiya o'yinlarida Vatanimiz sha`nini himoya qiladigan sportchilarimizning imkoniyati va salohiyati sinovdan o'tkazildi. Indoneziyada qayd etilgan natijalar o'zbekistonlik murabbiylar va mutaxassislar sportchilarni Olimpiadaga tayyorlashni to'g'ri yo'lga qo'yganini ko'rsatdi. Osiyo o'yinlarida qo'lga kiritilgan medallarning aksariyati Olimpiada dasturidagi sport turlari bo'yicha ekani fik­rimiz dalilidir.
– Osiyo o'yinlarida yuqori natijalarga erishgan sportchilarimizga havasim keldi va ularni kutib olgani Marg'ilon shahridan keldim, – deydi farg'onalik tadbirkor Akmal Madvaliev. – Ularning muvaffaqiyatini ko'rib, men ham farzandlarimni sportchi qilmoqchiman. Nasib qilsa, bolalarim ular kabi mahoratli sportchi bo'lib, yurtimiz bayrog'ini xalqaro maydonlarda ko'kka ko'taradi. Ular bunday yuqori marralarni zabt etishi uchun yurtimizda barcha imkoniyatlar yetarli.
Jakarta va Palembang shaharlarida­ erishilgan yuqori natijalar asnosida mamlakatimizda xotin-qizlar o'rtasida sport tobora ­ommalashib borayotgani, sportning qizlarga mos turlarini rivojlantirishga qaratilayotgan e`tibor yuksak samara berayotgani namoyon bo'ldi. Yengil atletikachimiz Svetlana Radzivil XVIII Osiyo o'yinlarining balandlikka sak­­rash bahslarida Osiyo rekordini yangilab, oltin medalni qo'lga kiritgani buning isbotidir.
– Osiyo o'yinlarida yuqori natijalarni qo'lga kiritib, Vatanimizga yorug' yuz bilan qaytib kelganimizdan baxtiyormiz, – deydi yengil atletikachi Svetlana Radzivil. – Biz ming­lab sport muxlislari, xalqimizning ishonchi va qo'llab-quvvatlashini his qilgan holda bellashuvlarga kirishdik. Osiyo o'yinlaridagi muvaffaqiyatimiz mamlakatimizda sportni rivojlantirish, nufuzli sport musobaqalarida munosib ishtirok etish uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar tufaylidir.
Ha, sportchilarimiz joriy yilgi Osiyo o'yin­larida o'z mahorati, taj­riba va salohiyatini namoyon etib, Vatanimiz sharafini munosib himoya qildi. Bu mamlakatimizda sportni rivojlanti­rishga­­ qaratilayotgan yuksak e`tibor va g'amxo'rlik samarasida o'zbek sportining yorqin kelajagini ta`minlashga qodir sportchilar tarbiyalanayotgani, ularni kelgusida yanada yuksak g'alabalar kutib turganidan dalolatdir.
Tantanali marosimda O'zbekiston Res­publikasi Bosh vaziri A.Aripov so'zga chiqdi.

Javohir TOShXO'JAEV,
O'zA muxbiri

Boshqa xabarlar