Adolat va totuvlikni sharaflagan shax,ar

422

Surxon vohasi jahon tamadduni rivojiga ulkan hissa qo'shgan hududlardan bo'lib, kishilik jamiyatining ilk shakllanish bosqichi jarayonida Boysun tog'idagi teshiktosh va Machayg'or makonlari, Zaravutsoydagi qoyatoshlarga bitilgan tasviriy san`at namunalari har qanday kishini xayolot dunyosiga sayr etishga da`vat qilgandek tuyulaveradi.

Qadimda Oks, o'rta asrlarda Jayhun deb nom olgan Amudaryo qirg'og'ida joylashgan bugungi zamonaviy Termiz shahriga xarobalar oralab kirib boriladi. Qadimiy qal`a qoldiqlari va arxitektura obidalarini kuzatib lol qolasiz. Salkam 500 gektar yerni egallab turgan bu maskan bir necha ming yillik tarixni o'z bag'rida yashirib yotibdi.

O'tmishi ulug' va shukuhli, kelajagi buyuk, necha ming yoshli ko'hna Termiz mus­taqillik yillarida qayta tug'ilgandek bo'ldi. Navqiron qiyofa kashf etdi. 2002 yilda shaharda faoliyat ko'rsata boshlagan Arxeologiya muzeyi Markaziy Osiyo­dagi eng yirik ma`naviy ­maskanlardan biri hisob­lanadi. Mavqei, eksponatlarining soni va salmog'i, faoliyatining izchilligiga ko'ra muzey nafaqat mahalliy, balki dunyo qadimshunoslari uchun ham noyob maktab, jozibali darsxonaga aylandi.

So'nggi yillarda shaharda yuzdan ortiq tarixiy obidalar ro'yxatga olindi. Islom olamidagi 96 nafar shayxning biri, Hakimiya tarixining asoschisi, dunyoviy ilmlar qomusi al-Hakim at-Termiziy va umuman 40 nafarga yaqin Termiziy allomalarning hayoti va ijodi o'rganildi, hoki poylari obod ziyoratgohlarga aylantirildi.

2009 yilda Termiz davlat universitetining yangi bosh binosi qurib foydalanishga topshirildi. Shu bilan birga shaharda Toshkent tibbiyot Akademiyasi, Toshkent texnika universiteti, Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika universiteti hamda Toshkent davlat agrar universitetlarining Termiz filiallari ochildi. «Bobur» istirohat bog'i yangitdan ta`mirlandi. Yangidan tashkil etilgan «Bolajon», «Alpomish» bog'lari shahar fayziga fayz qo'shmoqda. Termiz temir yo'l vokzali, yosh oilalar uchun qurilgan va qurilayotgan turar-joy binolari, «Tadbirkorlar uyi», bir-necha mehmonxonalar barpo etildi va yangilari qad rostlayapti. Mustaqilligimizning 23 yilligida Termiz shahri «Amir Temur» ordeni bilan taqdirlangani esa ana shu o'zgarishlarning e`tirofi desak, ayni haqiqatni aytgan bo'lamiz.

Tadbirkorlikka keng yo'l ochilganini har qadamda kuzatish mumkin. «Termiz sut» mas`uliyati cheklangan jamiyati raisi Shavkat Elamonov yosh bo'lishiga qaramay, sutni polietilen paketda qadoqlash liniyasini xarid qilib korxonaga o'rnatdi. Mini-futbol o'yingohlari qurib, muzqaymoq, yaxna ichimlik suvi, non yopadigan sexlar ochib, 30 nafarga yaqin yoshni muqim ish o'rni bilan ta`minladi.

Yana bir barkamol avlod vakillaridan biri Bahrom Raupov Termiz shahrida «Surxon-sendvech» mas`uliyati cheklangan jamiyatini barpo etib, ikki xil qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishni yo'lga qo'ydi.

Eng ulug', eng aziz bayramimizning 27 yilligi munosabati bilan gavhar shaharning  «Istiqlol» maydonida boshlanib, barcha go'shalarini qamrab oladigan ­bunyodkorlik ishlaridan elimiz mamnun.

Rustam DAVLATOV,

«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar