BUNYoDKORLIK ISTIQBOLI

278

Istiqlol yillarida yurtimiz o'zgacha chiroy ochdi. amalga oshirilayotgan islohotlar va bunyodkorlik ishlari davlatimiz ko'rkiga ko'rk qo'shish bilan birga mahalliy qurilish mahsulotlariga katta ehtiyoj paydo bo'ldi. Xususan, sementga bo'lgan talab bir necha barobarga oshdi. Hududlarda zamonaviy korxonalarning barpo etilishi, xorijiy investorlar ishtirokidagi samarali hamkorlik sifatli qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi va ko'lamini oshirishni taqozo etdi. Bu jarayonda faol ishtirok etayotgan «Qizilqumsement» aksiya­dorlik jamiyati shu kabi ijtimoiy ahamiyatga ega dolzarb vazifalarni o'zining 3600 nafar kishilik jamoasi bilan sidqidildan bajarib kelmoqda.

Jumladan, bayramlar munosabati bilan afg'on urushi qatnashchilari, ayollar, ishlamaydigan pensionerlar, nogiron va boquvchisini yo'qotgan oilalarga moddiy yordam ko'rsatib kelyapti.
Jamiyat obodligi uning tarkibidagi oilalarga bevosita bog'liq bo'ladi. Zotan, har qanday jamiyat oilalardan tarkib topadi, oila jamiyatning eng kichik bo'lagi hisoblanadi. «Qizilqumsement» AJ ulkan oila, xodimlar esa uning a`zolaridir. Shu bois korxona kasaba uyushmasi mehnat faxriylari, nafaqaga chiqqan sobiq xodimlar, ahvoli og'ir ishchilardan muntazam xabar olib, moddiy yordam ko'rsatib keladi. Ishchi-xodimlar, pensionerlar, yosh oilalarga sog'liqlarini tiklash va dori-darmon olish uchun moddiy yordam ko'rsatiladi. Mazmunli hordiq chiqarish maqsadida tarixiy shaharlar, qadimiy ziyoratgohlarga sayohatlar tashkil qilinmoqda. Kasaba uyushmasi xodimlar sog'lig'iga ham bee`tibor emas. Ishchilarning sanatoriylar hamda korxonaga qarashli profilaktoriyda sog'lig'ini tiklashiga barcha imkoniyatlar yaratib berilgan.
Kasaba uyushmasi oilaning kichik a`zolari – bolalarni ham yoddan chiqarmaydi. «Shab­boda» bolalar oromgohida dam olayotgan bolalarga sport buyumlari, to'garaklar uchun jihoz va kanselyariya mahsulotlari olib berildi.
Ayni kunlarda diyorimiz bayram shukuhiga cho'mgan. «Qizilqumsement» AJ ham O'zbekiston qurilish sohasi xodimlari kuni hamda Mustaqilligimizning 27 yilligiga bag'ishlab korxonada barcha bo'lim va bo'linmalar ishchilari o'rtasida «O'z kasbining mohir egalari» tanlovini tashkil etdi. Xodimlar o'zaro 7 nominasiya bo'yicha kuch sinashdi. Bunday tadbirlar korxonadagi muhitni barqarorlashtiradi, jamoa o'rtasidagi mehr-oqibatni kuchaytiradi, xodim o'z ishiga yanada mehr qo'yadi. Bir so'z bilan aytganda, ish unumi oshib, yuqori samaradorlikka erishiladi. Mamlakat rivojiga munosib hissa qo'shish va jahondagi turdosh korxonalar bilan bemalol bellashish uchun barcha imkoniyatlarga egamiz. Ishonamizki, ulkan zaxiraga ega ushbu yirik sanoat korxonasi o'zining sifatli mahsulotlari bilan yurtimiz iqtisodiyotini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Abubakir QO'LDOShEV,
«Qizilqumsement» AJ
kasaba uyushma qo'mitasi
raisi

Boshqa xabarlar