O'z kasbining mohir egasi

255

Metallurgiya va mashinasozlik sanoati tarmoqlari xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi boshlang'ich tashkilotlarda bo'lib o'tgan «O'z kasbining mohir egalari» tanlovining birinchi bosqichi yakunlariga nazar solar ekanmiz, beixtiyor faxr tuyamiz.

Ulardan biri o'zbek avtomobilsozlik sohasini rivojlantirish yo'lida samarali mehnat qilib kelayotgan Madamin Boboniyozovdir. Yuqori malakali muhandis, tajribali sanoatchi «General Motors Oʻzbekiston» aksiyadorlik jamiyatining Xorazm viloyati filialida ishlab chiqarish bo'limi yig'uv sexi ishga tushirilishiga o'z hissasini qo'shgan.
U 2014 yilda «General Motors Oʻzbekiston» AJning Asaka shahridagi zavodida bilim va malakasini oshirib kelgach, zamonaviy yengil avtomobillar ishlab chiqarish jarayonida yuksak kasb mahoratini namoyon qildi. Bugungi kunda M.Boboniyozov o'zi boshchilik qilayotgan uchastkada kasb-hunar kolleji o'quvchilarining amaliyot o'tashiga shart-sharoit yaratib, yosh mutaxassislarga halol mehnati bilan hayotda o'z o'rinlarini topishiga ko'maklashib kelmokda. Buning natijasi o'laroq ko'plab shogirdlari o'zi bilan birgalikda mehnat qilyapti.
Tajribali mutaxassis zavodda ishlab chiqarish jarayonlariga «Global ishlab chiqarish tizimi (GM GMS-Global Manufacturing System)»ning joriy qilinishi va BIQ – III sifat darajasiga erishish maqsadida amalga oshirilgan keng ko'lamli ishlarda faol ishtirok etdi. Ishlab chiqarish samaradorligini oshirish yuzasidan kiritgan ko'plab takliflari ijobiy samara berib, xom ashyo va materiallar sarfi ­ozaydi, ishlab chiqarish sur`ati oshdi, mahsulot nuqsonlari kamaydi.
Bilim va tajribasini ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, mahsulotning sifat darajasi ko'rsatkichlarini yaxshilash, oylik, yillik reja-topshiriqlarni bajarishga yo'naltirgan Madamin Boboniyozov ayni paytda jamoaning ijtimoiy, ma`naviy-ma`rifiy hayotida ham faol ishtirok etib kelayotir.

Shodiya AYuPOVA,
Metallurgiya va mashinasozlik sanoati tarmoqlari xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tashkiliy ishlar bo'yicha bosh mutaxassisi

Boshqa xabarlar