Niyatlar yanada yuksak

291

O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Kengashida Indoneziya mezbonlik qilgan XVIII Osiyo o'yinlarida munosib ishtirok etib, g'olib va sovrindorlar safidan o'rin olgan sportchilarni taqdirlash marosimi o'tkazildi.

– Kasaba uyushmalari tomonidan sportning ommaviyligini oshirish, mehnatkashlar va ularning oila a`zolarini jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, mehnat jamoalarida xodimlar o'rtasida turli musobaqalar o'tkazishga alohida e`tibor qaratib kelinayotir, – dedi Kasaba uyushmalari Federasiyasi raisi o'rinbosari Baxtiyor Mahmadaliev tadbirni ochar ekan. – Shu bilan birga, tizimda professional sportni qo'llab-quvvatlash borasida jiddiy qadamlar tashlanmoqda.

Joriy yilning 18 avgustidan 2 sentyabrigacha Indoneziyada bo'lib o'tgan XVIII Osiyo o'yinlarida qatnashib, faxrli o'rinlarni qo'lga kiritgan 70 nafar g'olib sportchidan 17 nafari kasaba uyushma sportchilari ekani bizga alohida quvonch va faxr-iftixor baxsh etdi. Og'ir atletika, baydarka va kanoeda eshkak eshish, akademik eshkak eshish va eshkakli slalom turlari bo'yicha sportchilarimiz va ularning murabbiylari erishgan yutuqlar har qancha tahsinga loyiqdir.
E`tiborli jihati, 6 nafar kasaba uyushma sportchisidan 2 nafari oltin, 2 nafari kumush, 2 nafari bronza medallarni qo'lga kiritdi. Xususan, akademik eshkak eshish bahs­larida Shahboz Xolmirzaev va Shahboz Abdujabborov oltin medallarga ega chiqishdi. Shuningdek, baydarka va kanoeda eshkak eshishda Elyorjon Mamadaliev kumush, Shuhrat Mahkamov va Shohruh A`zamov bronza medallarga sazovor bo'lishdi. Doston Yoqubov esa og'ir atletika yo'nalishida ikkinchi natijani ko'rsatdi. Alibek Temirgaliev, Janibek Temirgaliev singari 11 nafar sportchimiz esa 5- va 6-o'rinlarni qo'lga kiritdi.
Tadbirda XVIII Osiyo o'yinlarida terma jamoamiz tarkibida mamlakatimiz sha`nini munosib himoya qilgan kasaba uyushma sportchilari va ularning ustozlari Kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan munosib rag'batlantirildi.
Kelgusida kasaba uyushma sportini yanada rivojlantirish orqali mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish yo'nalishidagi ishlarga munosib hissa qo'shish borasidagi sa`y-harakatlarni kuchaytirish dolzarb vazifalardan biri ekani alohida ta`kidlab o'tildi. Albatta, bu Federasiya Kengashi tasarrufidagi Jismoniy tarbiya va sport-sog'lomlashtirish ishlari boshqarmasi faoliyatini yanada takomillashtirishni taqozo etadi. Sportchilarimiz bildirilgan ishonchni oqlash yo'lida bor kuch-g'ayratlarini ishga solib, yanada baland marralarni egallashga azm-u qaror qilganliklarini izhor etdilar.

Mahliyo UMIRZOQOVA,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar