Hurmat uvol ustiga qurilmaydi

315

Non narxining oshirilishi ijtimoiy tarmoqlarda har xil muhokamalarga sabab bo'ldi. Norozi bo'lganlarni ham, xayrixohlik bildirganlarni ham eshitdik.

Kim nima desa desin-u, keyingi payt­larda nonning isrof bo'layotgani, odamlar mol boqish uchun non do'konlarga serqatnov bo'lib qolgani ham bor haqiqat.
Axlat tashlash joylarida non uchun alohida qutilar tashkil etilganiga ancha vaqt bo'ldi. Shu darajaga yetdikki, butun-butun nonlar mog'orlagan, qotgan yoki boshqa sabab bilan chiqarib tashlandi. Hatto, bir kuni biz ko'zga surtib yeydigan Samarqand noni ham tashlanganini ko'rdim.
Yoz oyida juda ko'p qarindoshlarimiz to'y qildi. Qo'shrabot tumanida turadigan qaynsinglim ketma-ket ikki qiz uzatdi. Tavonxonaga kirsam, bir xirmon sindirilgan non turibdi. Yana o'g'lini kulcha tugib kelganlarning tog'orasiga solish uchun nonga yuborayapti. Singan non-chi, desam, uyat bo'ladi, deydi. Eng ayanchlisi, har bir davraga kelib qo'shilgan odam uchun alohida bir juft non olib chiqilib, sindirilaveradi. Hurmati emish. Inson hurmati nonning uvoli ustiga qurilmaydi-ku! Endi ikkita to'ydan ortgan singan nonlarni tasavvur qilavering. Qaynsinglimga qat`iy talab qo'ydim: mening tog'oramga hech narsa solmang, solsangiz ham siniq nonlardan solasiz, deb turib oldim. Xullas, ­qarindoshlarning tog'oralariga singan nonlarni joyladik. «Nozik»roq mehmonlarga ­nozikroq ne`matlar solindi…
Men ham ko'p qatori maosh hisobiga yashaydigan oila a`zosiman. Turmush o'rtog'im bilan uchta farzandni ikki xonali uyda tarbiya qilamiz. Birining universitetiga kontrakt, birining repetitoriga haq to'laymiz. Bizga ham ba`zi mahsulotlarni olish, ba`zida davolanish ham anchayin qimmatlik qiladi. Lekin…

Yana takrorlayman. Non aziz, shunday ekan, hurmat uvol ustiga qurilmasligi kerak. Kelajagimiz bo'lgan bolalarimiz uyda ko'rganini qilishini aslo unutib qo'ymaylik. Shundagina ertamizdan xavotirga tushmay yashashimiz mumkin. Siz nima deysiz, azizlar!

Manzura ShAMS

Boshqa xabarlar