Mehr qo'llarin cho'zib…

98

Kasaba uyushmasi haqida so'z ketganda, ko'pchilikning ko'z oldida mehr-muruvvat tadbirlari namoyon bo'ladi. Bu bejiz emas. Boisi, keyingi yillarda kasaba uyushmalari tomonidan tashkil etilayotgan ko'plab aksiyalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj xodimlar, mehnat faxriylari, ayollar va bolalar alohida e`tibor bilan qamrab olinmoqda.

Xususan, viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi tomonidan joriy yilning o'tgan davrida «Hech kim mehr va e`tibordan chetda qolmasin» shiori ostida Xiva tumanidagi yolg'iz, keksa erkaklar yashaydigan «Muruvvat» uyiga 50 juft, Xonqa tumanidagi «HOUSPIS» yakka yolg'iz bemorlarni davolash kasalxonasida yashovchi 32 nafar qariyaga ko'rpa, yostiq jildlari sovg'a qilindi. Shuningdek, O'zbekiston ko'zi ojizlar jamiyati Shovot va Urganch tuman bo'limlariga 437,5 ming so'm miqdoridagi ko'rpa, yostiq jildlari va ayollar xalati olib berildi.
Tarmoq kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan 25 nafar yolg'iz keksa va nogironlar foydalangan kommunal xizmatlar uchun 1320,0 ming so'm to'lab berildi. Nogironlardan 20 nafari qo'ltiqtayoq, 10 nafari hassa bilan ta`minlandi.
Og'ir maishiy sharoitlarda yashayotgan, boquvchisini yo'qotgan, nogironlarni parvarish qilayotgan oilalarning 23 nafariga 3135,0 ming so'mlik dori-darmon, 1088 nafariga 62595,0 ming so'mlik oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi hisobidan Xiva shahridagi Bolalar shaharchasidagi 140 nafar tarbiyalanuvchiga sport kiyimlari sovg'a qilindi. Xonqa tumanidagi umumta`lim maktablarida o'qiyotgan iqtidorli, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlaridan 25 nafarining, shuningdek, tarmoq kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan Xiva tumanidan 25 nafar, Qo'shko'pir tumanidan 20 nafar, Yangiariq tumanidan 40 nafar bolaning Xiva shahridagi «Ichan qal`a» davlat qo'riqxonasi muzeylariga sayohatlari uyushtirildi. Bunday sayohatlar ishlayotgan ehtiyojmand oilalar ayollarining 200 nafardan ziyodi uchun ham tashkil qilindi.
«Vatan fidoyi farzandlarini unutmaydi!» shiori ostida o'tgan tadbirda yurt himoyasi yo'lida jonini fido qilgan 7 nafar harbiy xizmatchi va ichki ishlar idoralari xodimlarining oilalaridan xabar olinib, har biriga kasaba uyushmalari tomonidan 500 ming so'm pul mablag'i hamda viloyat ichki ishlar xodimlari kasaba uyushmasi birlashgan qo'mitasi tomonidan jami 600 ming so'm miqdorida oziq-ovqat mahsulotlari berildi.
Bu kabi misollarni uzoq davom ettirish mumkin. Eng muhimi, biz har bir yurtdoshimiz kasaba uyushmalari tomonidan uzatilayotgan qo'llar mehrga to'laligini his qilishini istaymiz va ularni qo'llab-quvvatlashda davom etamiz.

Qahramon MAShARIPOV,
viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi madaniy-ma`rifiy va sport ishlari
bo'limi mudiri

Boshqa xabarlar