Muloqotlar davom etmoqda

44

Jamoatchilik komissiyasining galdagi uchrashuvi Olmazor tumanidagi «Guzarboshi», «Abu Bakr Shoshiy», «Qo'shtut», «Hofiz Ko'hakiy», «Xastimom» hamda «Namuna», «Sebzor», «Yuqori Sebzor», «Xonchorbog'», «Yangi Sebzor» mahallalari fuqarolari ishtirokida bo'lib o'tdi. Uchrashuv davomida mahallalardagi mavjud holatni o'rganish, uyma-uy yurib xonadonlardagi vaziyat bilan tanishish maqsadida tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan aniqlangan masalalar mutasaddilar e`tiboriga havola qilindi. Shundan so'ng mahalla fuqarolarining murojaatlari tinglandi.

«Guzarboshi»dan gapiramiz

Xususan, «Guzarboshi» mahallasini o'rganish jarayonida 1995 yilda Farobiy, Qorasaroy, Hurriyat va Sag'bon ko'chalari kengaytirilgan paytda buzilgan xonadon egalariga uy berilgan, lekin xonadon egalarining yangi joyda ro'yxatdan o'tmagani tufayli haligacha mahalla fuqarolar yig'iniga muammo tug'dirib kelmoqda. Shu bilan birga, mahalla hududi «Eski shahar rekonstruksiyasi rejasi» dasturiga tushgan, lekin buzilish muddati noaniqligi hududda yashovchi aholining e`tiroziga sabab bo'layotgani aniqlandi. Ushbu masalalar yuzasidan tuman hokimligi hamda mas`ul tashkilotlarga tegishli topshiriqlar berildi.

«Abu Bakr Shoshiy» mahallasida nima gap?

Ushbu mahalla ahli Tarix ko'chasi 1-uyda yashovchi 1-guruh nogironi Hasan Turg'unovning uyi ta`mirga muhtoj ekani hamda mahalla hududidagi yo'llar ta`mirtalab bo'lgani bois amaliy yordam so'rab murojaat qilishdi. Ularning fikrlari inobatga olinib, mutasaddilarga har ikki masalani qisqa muddatda hal etish vazifasi yuklandi.

«Qo'shtut»da qo'sha-qo'sha  muammo

Ishchi guruh o'rganishlari davomida «Qo'shtut» mahallasidagi Shoshiy 6-berk, Harakat, Ko'kzor, Yo'lovchi, Farobiy 1-berk, 2-berk va Ulug' ko'chalarida ichimlik suvi bosimi nihoyatda pastligini aniqladi. «Suvsoz» DUK rahbariyati 2018 yilning aprel oyida mahallada fuqarolar bilan yig'ilish o'tkazgan va ushbu muammoni hal etish yuzasidan fuqarolarga va`da bergan. Biroq bugungi kunga qadar ahvol o'zgarmagan…
Bu hali hammasi emas. «Qo'shtut» MFYga qarashli Ulug', Yo'lovchi, Shoshiy, Harakat, Harakat 1-, 2-, 3-, 4-berk ko'chalari, Yurtu, Ko'kzor va Qo'shtut ko'chalarida qariyb 20 500 metr kv. yo'l asfalt qilinishi kerak. Mahallada istiqomat qiluvchi fuqarolar tomonidan ko'p marotaba hokimiyatga murojaat etilgan bo'lishiga qaramay, muammo bartaraf etilmagan. Mahalladagi 20 ta eski sim yog'ochni yangilash lozim. «Qo'shtut» mahallasiga qarashli 102-sonli maktabgacha ta`lim muassasasi qayta ta`mirga muhtojligi sababli uning binosini qayta ta`mirlash uchun «Davlat dasturi» kiritishga amaliy yordam kerak. Shuningdek, mahallada yashovchi bir necha nafar kam ta`minlangan, nogironligi bo'lgan fuqarolar moddiy yordam so'rab murojaat qilishgan.
Jamoatchilik komissiyasi tomonidan tuman hokimligiga va mutasaddi tashkilot vakillariga mavjud muammolarni hal etish, tegishli choralar ko'rish hamda keyingi muloqotlarda amalga oshirilgan ishlar bo'yicha ma`lumot berish vazifasi topshirildi.

Ko'cha chirog'i qachon yonadi?

Ishchi guruh o'rganishlari davomida «Hofiz Ko'hakiy» mahallasining Sag'bon 1-, 2- va 4-berk ko'chalaridagi chiroqlar ikki haftadan beri yonmayotgani aniqlangan. Mahalla fuqarolar yig'ini tomonidan bir necha marotaba «Toshshaharnur» tashkilotiga murojaat qilingan bo'lsa-da, natija bo'lmagan. Hududda ichki ko'chalarning elektr uzatish liniyalari tayanch ustunlarini eskirib chirib qolgan yog'ochdan, beton ustunlarga almashtirish lozim. Shuningdek, mahalla hududida qurilish ishlari ketayotgani sababli Zarqaynar ko'chasining yo'llari ta`mirtalab. Aholi ko'chadan qatnashga qiynalmoqda.
Ta`kidlangan muammolarni bartaraf etish bo'yicha mutasaddi tashkilot vakillariga tegishli topshiriqlar berildi.

«Toshshahartransxizmat»ga arzimiz bor…

«Xastimom» mahallasi hududidan o'tuvchi 43-avtobus qatnovi juda sust, oraliq vaqti esa juda uzoq. Aholi mazkur yo'nalishdagi avtobuslar sonini oshirishni so'rab murojaat qildi. Jamoatchilik komissiyasi tomonidan «Toshshahartransxizmat» AJ vakillarini navbatdagi uchrashuvga chaqirish va ko'tarilgan masala bo'yicha axborot berishini tashkil etish vazifasi shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi zimmasiga yuklandi.

«Namuna» namunali bo'ladimi?

«Namuna» mahallasidagi «Chuvalachi» ko'chasi ta`mirtalab ahvolga kelib qolgan, ko'chada oqova suvning chiqib ketishi uchun ariqchalar mavjud emas. Bu holat, ayniqsa, yog'ingarchilik mavsumi bosh­langanida aholi va bolalar qatnovi uchun qiyinchiliklar tug'diradi.
– 60-70 xonadon yashayotgan hududda kanalizasiya mavjud emas, ko'cha asfaltlanmagan, tungi yoritgichlar o'rnatilmagan, – deydi mahallada yashovchi Farida Allamjonova.
muammolarga joyiga chiqib aniqlik kiritish va har bir tegishli muammolarni hal etish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar bo'yicha navbatdagi uchrashuvda Jamoatchilik komissiyasiga axborot berish vazifasi tuman hokimi o'rinbosari, Shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasi hamda «Shahar elektr tarmoqlari korxonasi» AJlari zimmasiga yuklandi.

Qurilishlar nega  to'xtab qoldi?

Ishchi guruh rahbari Ulug'bek Muhammedovning ma`lum qilishicha, «Yuqori Sebzor» mahallasi «Obod mahalla» ­dasturiga kiritilgan bo'lib, dasturda belgilangan 19 ta ko'p qavatli uyning 12 tasida ishlar to'liq bajarilgan, ammo 1a, 2a, 3a, 34, 35v, ­g 52 va 59-uylarda ishlar to'xtab qolgan. Masalaga aniqlik kiritish va navbatdagi uchrashuvda axborot berish Shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi vakillari zimmasiga yuklandi.
– Uyga xizmat ko'rsatuvchi shirkat vakolati doirasidagi ishlar to'liq amalga oshirilmayapti, – deydi «Yuqori Sebzor» mahallasida yashovchi Mamlakat opa. – Shirkat aholining e`tirozlariga qaramasdan kommunal to'lovlar narxini sun`iy ravishda ko'tarib yuborgan.
Mavjud muammolarni hal etish Shahar arxitektura va qurilish bosh ­boshqarmasi hamda Tuman ichki ishlar bo'limi boshlig'iga topshirilib, keyingi muloqot davomida batafsil axborot berish vazifasi yuklandi.

Yangi Sebzor»liklar qoidabuzar  haydovchilardan norozi

Mahalladagi piyodalar serqatnov ko'chada yangi kafe qurilgan, yonida avtoturargoh ham mavjud, lekin kafega kelgan fuqarolar avtoturargohga mashinalarini qo'ymasdan, ko'cha atrofiga qo'yishadi. Bu aholi va bolalarning harakatlanishida qiyinchilik keltirib chiqarmoqda.
Masalani joyiga chiqib o'rganish va amalga oshirilgan ishlar to'g'risida navbatdagi uchrashuvda Shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi Shahar davlat avtomobil nazorati bo'limi vakili axborot beradigan bo'ldi.

Asfalt qilinmagan, esdan chiqqan yo'llar bor

«Xonchabog'» mahallasi ahli Nodira ko'chasi bilan Nurafshon ko'chasi oralig'idagi 50 metr masofadagi yo'l asfalt qilinmay qolib ketganidan shikoyat qilishdi. Masalani tuman obodonlashtirish bo'limi bilan birgalikda joyida o'rganib, amalga oshiriladigan ishlar to'g'risida nav­batdagi uchrashuvda axborot berish vazifasi Shahar va tuman obodonlashtirish bo'limi mutasaddilariga topshirildi.

A`zam ABULFAYZOV,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar