Endi navbat FRANSIYaga…

112

Buyuklikning sir-sinoatini abadiyat ummonlarini necha martalab g'alvir qilib tashlagan g'avvossifat olimu-fuzalolar ham muxtasar aytib berishga qodir emas. Buni dunyoning bir umr o'zgarishda, rivojlanishda va biz bilgan-bilmagan yana allaqancha omillar tufayli har safar yangicha va avvalgilardan-da ajabtovur ko'rinishda namoyon bo'lish qobiliyatiga ega ekanligi bilangina izohlash mumkin.

Jonajon diyorimizda ezgulikka yo'g'rilgan ishlardan ko'ngillar tobora ravshanlashib, yorqin kelajakka bo'lgan ishonch ortgandan-ortib borayotgan bir pallada eshitganimiz mujda — Davlatimiz rahbarining Fransiyaga rasmiy tashrifi jamoatchilik tomonidan mamnuniyat bilan kutib olindi, desak aslo mubolag'a bo'lmaydi. Beixtiyor atoqli yozuvchimiz tomonidan «O'tgan kunlar» romaniga muhrlangan mana bu so'zlar xotira ko'zgusida jonlanadi: «Moziyga qaytib ish tutmoq xayrlidir».
O'ylaymizki, zukko o'quvchilarimiz gap nima haqida ketayotganligini darhol tushunib yetishdi.

Ma`lumki, hech bir mamlakat – yer osti va yer usti boyliklari qalashib yotgan, bemisl kuch-qudratga ega bo'lsa ham, o'z qobig'i ichida taraqqiy topa olmaydi. Buni bobokalonimiz Sohibqiron Amir Temur juda teran anglagan va imkon qadar qo'shni davlatlar bilan munosabatlarni mustahkam asosga qurish harakatida bo'lgan.
Xitoy, Hindiston, Misr, Rum… Bugina emas. Anchayin olisda joylashganiga qaramay, Italiya, Ispaniya, Angliya, Fransiya kabi davlatlar bilan hamkorlikda savdo aloqalarini kuchaytirishga erishgan. Bunday aloqalar tufayli Sharq va G'arbni bog'lovchi misli ko'rilmagan ulkan iqtisodiy va ma`naviy ko'prik tomonlarni yanada yaqinlashtirgan, el-yurt farovonligiga xizmat qilgan.
Kezi kelganda, Sohibqironning Fransiya qiroli Karl VI ga yozgan nomasiga e`tiboringizni tortamiz: «Siz o'z savdogarlaringizni mening saltanatimga yuboring. Biz ularni iliq qarshi olib, izzat-ikrom ko'rsatamiz. Biz ham o'z savdogarlarimizni sizning yurtingizga yo'llaymiz. Siz ham ularga hurmat ko'rsating, ularga ortiqcha tazyiqlar qilinishiga yo'l qo'ymang. Sizga bundan bo'lak talabim yo'q. Zero, dunyo savdo ahli ila obod bo'lajak».
Shukurlarkim, bugun tarix solnomalariga zarhal harflar bilan bitilayotgan zafarli odimlarimiz zamirida ham mamlakatimizda hamon xayrli amallarga monand-mos fikrlash va harakatlanish yo'lidan borilayotganini ko'rib turibmiz. Bundan quvonmay, faxrlanmay bo'ladimi axir!
Mamlakatimizda tashkil etilayotgan erkin iqtisodiy zonalar xorijiy ishbilarmonlar doirasini ohanrabodek tortayotgani ham bejiz emas. Zero, hamkorlik ikki tomonning manfaatlariga birdek xizmat qilgan taqdirdagina ustuvorlik kasb etishi mumkin. Investision muhitni shakllantirishga yetarlicha shart-sharoit yaratish va uning ishlashini tezlashtirish, rag'batlantirish maqsadida bir qator qonunlar, farmonlar va qarorlar qabul qilinib, ular hayotda o'z ifodasini topayotganligi – buni sheriklarimiz ham e`tirof etishayapti – boshlangan xayrli ishlarning jozibadorligini ta`minlayapti.
Mana bir misol. Hozirgi kunda «Jizzax» maxsus industrial zonasi hududida Fransiyaning «Pejo Sitroen» guruhi bilan hamkorlikda avtomobil zavodi barpo etilmoqda. Zavodda yo'lovchi va yuk tashishga mo'ljallangan «Pejo Eksport» hamda «Pejo Bokser» tijorat avtomobillari ishlab chiqarish rejalashtirilgan. 600 ish o'rni yaratiladigan korxona 2019 yilda mahsulot ishlab chiqara boshlaydi.
Yana shuni ham ta`kidlash kerakki, mamlakat Prezidenti 2017 yil 31 martda imzolagan «O'zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo'yicha Davlat qo'mitasini tashkil etish to'g'risida»gi farmoni investisiya salohiyatini to'liq ro'yobga chiqarish, yetakchi chet el kompaniyalari va bank tuzilmalari bilan hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, jalb etiladigan investisiyalar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Fransiya – yuksak taraqqiy etgan davlat. Shak-shubha yo'qki, ham siyosiy, ham iqtisodiy, ham madaniy-ma`rifiy aloqalarning yanada yuqori bosqichga olib chiqilishidan har ikki yurt fuqarolari bab-baravar manfaat ko'radi. U yoki bu masalada qarashlar va sa`y-harakatlar mushtarakligiga erishilgan joyda, albatta, yuksalish yuz beradi, maqsadlar ro'yobga chiqadi, tinchlik-osoyishtalik mustahkamlanadi.
Kuni kecha poytaxtimizdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tashkil etilgan «O'zbekiston – Fransiya: tarix va bugungi munosabatlar» mavzuidagi davra suhbatida tarixiy aloqalar, madaniy-gumanitar, savdo-iqtisodiy hamkorlikning joriy holati, investisiyaviy sheriklikni rivojlantirish istiqbollari, transport-kommunikasiya, turizm va boshqa sohalardagi munosabatlarni mustahkamlash va yanada taraqqiy toptirish haqida so'z yuritildi.
Darhaqiqat, Fransiya O'zbekistonning Yevropadagi ishonch­­li savdo sheriklaridan bo'lib, o'tgan yili ikki mamlakat o'rtasidagi savdo aylanmasi hajmi 251 million AQSh dollaridan oshganligi ham buni tasdiqlab turibdi. Yurtimizda Fransiya kapitali ishtirokidagi 16 qo'shma korxona faoliyat yuritmoqda. Ishonchimiz komilki, yaqin kelajakda bu raqamlar yanada salmoqli ko'rinish oladi.
E`tiborli jihati, Davlatimiz rahbarining rasmiy tashrifi fransiyaliklarda ham katta qiziqish uyg'otmoqda. Mana, masalan, o'qituvchi Madlen Barso shunday deydi: «Tarix kitoblarida Amir Temur haqida o'qiganmiz. Parijdagi Luvr muzeyida bo'lganimda ham o'sha davrga oid ko'plab eksponatlar bilan tanishdim.
Yaqinda ta`lim sohasida O'zbekistondan delegasiya kelgani haqidagi xabarni o'qidim. Maktabgacha, maktab, o'rta maxsus va professional ta`lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari ko'rib chiqilganidan xursand bo'ldim. O'zbekistonda fransuz tili va madaniyati markazlarini tashkil qilish, ikki mamlakat ta`lim vazirliklari o'rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish tarafdoriman».
Ikki tomonning manfaatlariga birdek xizmat qiladigan hamkorlik sohalari juda ko'p va, o'ylaymizki, mamlakatimiz Prezidentining rasmiy tashrifi bu yo'lda tashlangan o'ta muhim qadam bo'ladi.

R.ZAYNIDDINOV

Boshqa xabarlar