Qaror loyihasi tayyorlanmoqda

36

Gazetaning shu yil 20 sentyabr sonida «Javob izlayotgan savollar» ruknida chop etilgan «Hamon mahorat qadrdami?» nomli murojaatga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan quyidagicha munosabat bildirilgan:

«Xodimlar, shu jumladan, avtomobil haydovchilarining malakaviy toifalariga ko'ra ular ish haqiga belgilanadigan va to'lanadigan ustamalar mehnat qonunchiligi va me`yoriy-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solingan. Xususan, Mehnat kodeksining 153-moddasida mehnat haqining miqdori ish beruvchi bilan xodim o'rtasidagi kelishuvga binoan belgilanishi, mehnat haqi qonun hujjatlari bilan belgilangan eng kam miqdordan oz bo'lishi mumkin emasligi va uning eng ko'p miqdori biron-bir tarzda cheklanmasligi nazarda tutilgan.
Mehnat haqi shakli va tizimlari, mukofotlar, qo'shimcha to'lovlar, ustamalar, rag'batlantirish tarzidagi to'lovlar jamoa shartnomalarida, shuningdek, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo'mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib qabul qilinadigan boshqa lokal hujjatlarda belgilanishi ko'rsatilgan.
Mehnat vazirligining 1993 yil 26 fevraldagi 2\19-sonli qarori bilan 1-toifaga ega bo'lgan avtomobil haydovchilari ish haqiga 25 foizli va 2-toifa uchun 10 foizli ustama Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 18 martdagi 103-sonli qarorining 2-bandiga asosan qo'llanilmoqda.
Ushbu me`yoriy hujjat Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 16 iyuldagi 538-sonli qarorining 1-bandiga binoan 2019 yilning 1 yanvarigacha o'z kuchini saqlaydi.
Avtomobil haydovchilari oylik maoshlarini belgilashdagi razryadlari, tarmoq koeffisientlari va ularning malakaviy toifalari (klasslari) uchun belgilangan ustamalarga aniqlik kiritish maqsadida tayyorlangan Hukumat qarori loyihasi hozirgi kunda tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishuvda».

Boshqa xabarlar