Bir to'y bo'ldiki yuraklar junbushga keldi

17

Har bir kunimiz to'y bo'lsin, to'ylarga to'y ulansin, deya niyat qilamiz. Va hatto, kezi kelganda birovdan kam bo'lmaslik uchun mol ketsa ketsin, obro' ketmasin qabilida ish tutamiz. Lekin oqibati-chi? Dabdababozlik tufayli muqaddas qo'rg'on – oilaning ich-ichdan darz ketayotganini ham ko'rib turibmiz-ku!

Joriy yil Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Toshkent shahar Olmazor tumani faollari bilan o'tkazgan yig'ilishida dabdabali to'ylar mavzusiga to'xtaldi. Unda bir qancha namunali, kamxarj, ixcham to'ylarni o'tkazish borasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning loyihasi tuzildi.
– Davlatimiz rahbari mavjud 58 ta mahallaning har birida namuna tarzida bittadan to'y marosimlarini o'tkazishni taklif qilgan edi, – deydi «Quyosh» mahalla fuqarolar yig'ini raisi Abduhakim Qodirov. – Belgilangan ishlarni amalga oshirish uchun mahalla faollari yig'ilib, ma`lum me`yorlarni belgilab oldik. Xonadonlarni birma-bir ko'z oldimizdan o'tkazdik. Oxiri qaysi oilaga yordam berish borasida bir to'xtamga keldik. Chunki tanlagan xonadonimizda ma`lum sabab­lar tufayli oilaviy byudjetda muayyan darajada yetishmovchilik bor edi.
Mahalla raisining ushbu holat bo'yicha shahar hokimiyatiga bildirgisidan so'ng shahar hokimi o'rinbosari, xotin-qizlar qo'mitasi raisi Dilbar ­Najmiddinova va tuman mahalla jamg'armasidan maxsus vakil yuborildi. Birgalikda vaziyat o'rganilib, shu oilada namunali to'y o'tkazishga kelishib olindi. Mahalla raisi va vakillar Karimovlar xonadoni eshigini qoqib, bu haqda xabar qilishdi.
– To'yni boshlashdan oldin ikkala quda tomon bilan suhbatlashilib, ortiqcha sarpa-­suruqlar qilinmaydigan bo'ldi. To'yni «Beruniy» to'yxonasida 100 kishilik qilib o'tkazdik. Eng muhimi, mana shunday holatga mahalladagilarning havasi kelib, «biz ham to'yi­mizni ixcham-u sozgina qilib o'tkazsak bo'larkan», deyishdi, – ­deydi Abduhakim Qodirov.
Bugina emas. Faollarning aytishicha, mahalla raisining katta taraddudlar bilan elga beriladigan nahorgi oshni ixcham tarzda uyda 5, 10 nafar kishi ishtirokida o'tkazish haqidagi taklifi ham inobatga olindi.
– Eng yaqin qarindoshlar, oila a`zolarimiz ishtirokida o'g'lim Abdushukur va kelinim Mavjudaning visol oqshomi bo'lib o'tdi. Ikki quda kelishgan holda 50 nafardan 100 nafar mehmon ishtiroki ta`minlandi, – deydi onaxon Mahfuza Karimova. – Yaratganga ming bor shukrki, bir necha yillardan beri ortga surilib kelinayotgan to'y ixchamgina qilib o'tkazildi. Endi qolgan mab­lag'ga yangi oila uchun kerakli uy jihozlarini olishimiz mumkin. E`tiborlisi, kichik yig'in bilan biz noz-u ne`matlarni isrof qilishning oldini oldik. Shu o'rinda to'yga bosh-qosh bo'lgan barcha yaxshi insonlarga o'z minnatdorligimni bildiraman. Yurtimiz gullab-yashnasin, xalqimiz dasturxoni to'kin bo'lsin.
Tejamkorlik – yarim davlatdir. Kamchiqim to'ydan qolgan mab­lag' oxir oqibat o'sha oila koriga yaraydi, yoshlarning kelajagi uchun zamin bo'ladi, albatta. Buni tushunganlar allaqachon mana shunday to'ylar o'tkazmoqda, shunday to'ylar o'tkazish o'yida yashamoqda.

Mahliyo UMIRZOQOVA,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar