Ilmiy-texnik tafakkur va kreativ faollik zaxiralari

87
future, technology, business and people concept - close up of male hand with smartphone and hologram of graph

Bugun innovasiya eng ko'p ishlatiladigan atamalardan biriga aylandi: «Texnik innovasiya», «ijtimoiy innovasiya», «pedagogik innovasiya», «tibbiy innovasiya», «moliya innovasiyasi», «huquqiy innovasiya», «badiiy innovasiya», «estetik innovasiya» va h.k.

Keling, bu haqda so'z yuritishdan oldin so'zning mohiyatiga e`tibor qarataylik. Innovasiya — «in» ichi, ichiga, «novasiya» yangilik demakdir. Etimologik nuqtai nazardan, «innovasiya» so'zini «yangilik olib kirish» deyish mumkin. Biroq bu talqin yetarli emas…
Bugun OAV va adabiyotlarda, hatto maktab o'quvchisi yoki talabaning she`riy mashqlarini ham innovasiya deya atash odatga aylanmoqda. Innovasiya, men uchun, sohani o'zgartirishga, uni mutlaq yangi pog'onaga ko'tarishga qodir ijod va yaratish, kreativ faollikdir. Aks holda unga yangi voqelik sifatida qarashga hojat yo'q, u navbatdagi so'z o'yiniga aylanadi. Innovasiya, avvalo, — ijod. Kreativlik, ya`ni yaratuvchanlik faoliyati. Ushbu ijodni, kreativlikni inson miyasidan izlamoq kerak.
Mutaxassislarning ta`kidlashicha, inson miyasi 350 km. ga joy bo'ladigan axborotlarni o'ziga jo etishi mumkin, biz ushbu imkoniyatning 3-5 foi­zidan foydalanamiz, xolos. Inson miyasining tuzilishi barcha kishilarda, ularning millati, etnogenezi, jinsi va qaysi ijtimoiy muhitda yashashidan qat`i nazar, bir xil — u ijod etishi va yaratishi mumkin. G'arblikning yaratganini sharqlik ham yarata oladi, olmonning yaratganini o'zbek ham yarata oladi. Lekin aslida-chi? nega? Barcha jumboq mana shu savolda…

O'zbekistonda ilmiy-texnik ijodni tashkil etishga qaratilgan 100 dan ziyod maktabdan tashqari muassasalar, har bir shaharda Yoshlar ijod markazlari, ilmiy-texnik kadrlar tayyorlovchi o'rta maxsus va oliy o'quv yurtlari mavjud. Maxsus o'quv yurtlarimizni har yili 10 ming nafarga yaqin texnik ma`lumotli kadrlar bitiradi. O'tgan ikki yil ichida Prezidentimizning ilm-fanni rivojlantirishga qaratilgan bir ­necha farmon va qarorlari qabul qilindi. Davlatimiz rahbari har bir chiqishida ijtimoiy taraqqiyotni ta`minlovchi dadil ilmiy-texnik, innovasion izlanishlarga chorlayapti, bu boradagi har qanday taklifni, g'oyani qo'llab-quvvatlashga shay. Zero, Prezidentimiz «Ilm-fanda xalqimiz manfaatiga xizmat qiladigan o'z yo'limizni ­topmasak, ertaga yoshlarimiz bizni kechirmaydi. Iqtisodiyotimiz qachon barqaror bo'ladi? Fanni rivoj­lantirsak. Ilm o'z-o'zidan bo'lmaydi, unga mashaqqatli mehnat, davlat miqyosida e`tibor kerak», deb bejiz ta`kidlamadi.

Meni esa davlatimiz rahbariga hurmatli akademiklarimizning bergan va`dalari ajablantirdi. Ular 40, 20 yil oldingi xalqqa, ilm-fan rivojiga xizmat qilamiz, degan va`dalarini takrorlashdi. Xayolimdan «issiqlik energiyasiga ehtiyoj kuchayib borayotganiga guvoh akademiklarimiz nega O'zbekistonda AES yaratish g'oyasini davlatimiz rahbari oldiga ­qo'yishmadi?», degan savol kechdi. O'zbekistonda AES qurish zarurligini Prezidentning o'zi aytgach, ular gulduros qarsak­lar chalishdi.

Ilmiy unvon va ilmiy darajalarga erishish oson emas, ammo ular savlat to'kib kengashlar, prezidiumlarda o'tirish uchun berilmasligi ham bor gap. Fanlar Akademiyasiga saylovlar o'tkazildi, akademiklarni moddiy va ma`naviy rag'batlantirish yo'lga ­qo'yildi, ammo biror akademigimizning innovasion g'oyalar bilan matbuot­­da chiqqani, yosh ixtirochilar va tadqiqotchilarni innovasion izlanishlarga yetaklovchi ijodiy uyushma tuzgani, yangi texnologiyalar yaratish maktabini ochganini men bilmayman. Axir, jamiyatimizning mutlaq yangi ilmiy-texnik tafakkurga, kreativ izlanishlarga muhtoj ekanini ular bilmaydimi? Nima uchun maktablar, liseylarga qatnaydigan akademiklar, professorlar soni kam? Nega maktabdan tashqari muassasalarda yoki Yoshlar ijodi markazlarida biror ilmiy-texnik uyushma ochib, yoshlarga innovasion fikrlash sirlarini o'rgatuvchilar undan-da oz?! Akademiklar o'z mavqeini himoya qilish uchun menga e`tirozlar bildirishi mumkin. Ularning e`tirozlariga javoban oldindan misol keltirmoqchiman.
O'zbekistonda energetika sohasini rivojlantirish uchun davlatimiz 2012 – 2017 yillarda «O'zbek­energo» aksiyadorlik jamiyatining 14 ta grantiga 3,3 milliard AQSh dollarida mab­lag' kiritgan. Birgina grant loyihalarini tayyorlashga 185 million dollar ketgan, to'g'rirog'i, shuncha ­mablag'ni loyiha mualliflari olishgan. Achinarli hol shundaki, grantlarning birortasi ko'ngildagidek bajarilmadi, keyinchalik «ularning barchasi maqsadga muvofiq emas,» deb topilib, to'xtatildi. Ketgan pullarni qaytarib berish, shu jumladan, grantlarga ijobiy xulosalar yozib bergan, ularda qatnashgan akademik va tadqiqotchilarning xayoliga ham kelmadi. Yana bir misol. 2010 yildan boshlab bankrot bo'lgan korxonalarni tijorat banklari tomonidan moliya­viy qo'llab-quvvatlash tartibi joriy etildi. Lekin ushbu korxonalardan rivojlanish loyi­halari, ularga ketadigan xarajatlar hisob-kitob qilinmadi, mulk egalarining qancha ­mablag' ajratishi kerakligi belgilanmadi, natijada tijorat banklari orqali davlat byudjeti mablag'lari ochiqdan-ochiq talon-taroj qilindi. Mazkur korxonalarning qanday ishlayotgani, olgan kreditlarni qaytarayotgani haqida hech qanday ma`lumot yo'q. Axir, akademiklarimiz, bozor iqtisodiyotini yoqlayotgan tadqiqotchilarimiz davlat mablag'lari hisobiga xususiy mulk yaratish, yashash, korxonalar qurish iqtisodiy demokratiya talablariga umuman to'g'ri kelmasligini bilmasmidi? Nega ular bu sa`y-harakatlar bozor iqtisodiyoti uchun nomaqbul hol ekani haqida bong urishmadi? Ko'pgina ilm xodimlarining allaqachon ishlangan, hech qanday yangiligi qolmagan loyihalarda ­qayta-qayta qatnashishlarini qanday tushunish kerak? Shu paytgacha birorta samarasiz loyi­­ha aniqlanib, unga ajratilgan ­mablag'lar qaytarib olinmagan yoki ­boshqa grantlarga o'tkazilmagan. Keraksiz loyihalarga ­mablag'lar ajratilayotganini akademiklarimiz, tadqiqotchilarimiz bilmaydimi?

O'z-o'zidan savol tug'iladi: nega ilmiy-texnik g'oyalar chetdan qidiriladi? Ilmiy-texnik yangilik­lar, uskunalar chetdan olib kelinadi!? Ularga millionlab, hatto milliardlab dollar sarflanadi? Demak, ilmiy-texnik tafakkurni qabul qilishga xalaqit beradigan nimalardir bor. Buni psixologlar aniqlashi, aytib berishi mumkin edi, lekin ulardan sado chiqmayapti.

Ijod, kreativ faollik nafaqat yaqinlaring baxsh etadigan zavq va huzurlardan, goho o'z oromingdan, baxtingdan ham kechishni taqozo qiladi.
Nahotki, ko'pchiligimizning ong-u tafakkurimizga beg'amlik, beparvolik viruslari «in» qurgani rost bo'lsa? Yaxshiyamki, butun millat uchun fikr qiladigan yetakchimiz va ko'p bo'lmasa-da, innovasion izlanishlarga moyil tadbirkorlarimiz bor. Men esa bunday ijodkor va kreativ faol shaxslarning har bir mehnat jamoasida bo'lishini istayman.
Qibray tumani hokimiyati yaqinidagi ikki-uch qavatli savdo, xizmatlar ko'rsatish va tikuv korxonalarini boshqa shahar va qish­loqlardan kelgan yoshlar qurgan. Ular g'ishtlarni yelkasida tashirdi, loyni belkurakda qorib, chelakda tepaga qatnashardi. Qish sovug'ida sellofan bilan to'silgan, sanitariya-gigiena talablaridan mutlaqo uzoq o'tovda yashashardi. Buyurtmachilar ularga biror texnika vositasi olib kelib berishni xayoliga ham keltirishmasdi. Bu ikki-uch yil oldin bo'lgan hodisa. Hozir-chi? Haftada bir marta Qibraydan Chirchiqqa yo'lim tushadi. Doim katta yo'l bo'yida o'roq, ketmon va supurgi ko'targan kishilarni ko'raman. Ular ariqlar bo'ylaridagi chimlarni tekislab, yo'l o'rtasidagi to'siqlarni oqlab yurishadi. G'oyat ajablanarli hol — ko'chalarni tozalovchi, chimlarni qirquvchi, to'siqlarni oqlovchi mashinalar bo'lsa-yu, kishilarimiz o'roq, ketmon, supurgini qo'lidan qo'ymasa. Yana bir keng tarqalgan, odatga aylangan misol: o'sha Qibray-Chirchiq yo'lida fermer xo'jaliklari bor. Jazirama issiq kunlarida yollangan xizmatchilar boshi va yuzini ro'mollar bilan to'sib, yerlarni yumshatib, yovvoyi o'tlardan tozalab, o'g'itlar sepib, hosillarni terib yurishadi. Sabzi va kartoshkalarni texnika vositalarida kavlab olish mumkinligi fermerlarning xayoliga ham kelmaydi.
Ba`zan o'ylanib qolaman: milliy o'ziga xoslik, etnostereo­tiplar, milliy madaniyat va turmush tarzi, degan narsalar axir behuda tilga olinmaydi-ku?! Ha, turmush tarzimizda o'ziga xosliklar ko'p, uzoq asrlar davomida shakllangan etnoan`analardan voz kechish oson emas. Biroq miya tuzilishini o'rgangan mutaxassislar etnoxususiyatlarni ifoda etuvchi va kishini ushbu xususiyatlarga muvofiq yashashga undovchi nuqtalarni topisha olmagan.

Demak, tadqiqotchilar e`tirof etadigan etnostereotiplar tashqi borlig'imizda, ushbu tashqi borliqni o'zicha anglashga undovchi tasavvurlarimizdadir. Bu tasavvurlarni biz istagan tomonga o'zgartirishimiz, yangilashimiz, zarur bo'lsa, ulardan voz kechishimiz mumkin. Innovasion ilmiy-texnik tafakkur va kreativ faollikni ham shunday shakllantirishimiz mumkin.

Qayd etilgan fikr-mulohazalar meni quyidagi takliflarni bildirishga undaydi:
Birinchisi, ijod va kreativ faollik zaxiralari — iqtidorli, ­mustaqil va dadil fikrlovchi yoshlar. Bugun ta`lim-tarbiya va kadr­lar tayyo­rlash tizimi harflarni tanish, tayyor ta`riflarni va teoremalarni yodlashga o'rgatadi. Innovasiya esa ­mustaqil, dadil fikrlash va izlanishni kasbi, hayot tarziga aylantirgan yoshlarga muhtoj.
Ikkinchisi, ilmiy-texnik tafakkur innovasiya bozorlarini, innovasiya menejmentini shakl­lantirishni taqozo etadi. O'tgan asrning 30-yillaridagi «buyuk inqiroz»dan AQSh va Yevropa davlatlari asosan innovasion texnologiyalarga va ularni bozorlarga chiqarishga keng yo'l ochib berish orqali qutulishgan. Biz tanazzul holatida emasmiz, ammo u bozor iqtisodiyotini mudom ta`qib qiladi.
Uchinchisi, ilmiy tadqiqot ins­titutlari direktorlari o'rinbosarlarini tegishli yo'nalishdagi oliy o'quv yurtlariga ilmiy ishlar bo'yicha prorektor etib tayinlash zarur. Talabalarning ilmiy-texnik tafakkurini oshirish mexanizmlarini yaratish lozim. Shunday mexanizmlardan biri Innovasion rivojlanish vazirligining stipendiyalari va grantlarini joriy etish, o'ta iqtidorli talabalarning kontrakt pullarini to'lash, ularni davlat mukofotlariga taqdim etishdir. Bu mexanizmni barcha vazirlik, davlat qo'mitalari va korporasiyalar qo'llashi mumkin. Innovasion kashfiyotlar qilgan maktab o'quvchisi Rossiyada imtihonsiz oliy o'quv yurtlariga qabul qilinadi, talabaga esa Olmoniya­­da ilmiy unvonlar (RhD yoki DSc) beriladi.
To'rtinchisi, innovasion rivoj­lanishning yana bir zaxirasi — chet el texnologiyalari. Ularni o'rganish va o'zimizga tatbiq etish kadr­larga bog'liq. Bunday kadrlarni tayyorlashga Innovasion rivojlanish vazirligi alohida e`tibor qaratishi lozim. Xitoy erishgan iqtisodiy taraqqiyot chet el innovasion kashfiyotlarini o'zlashtirish hisobiga bo'lgan. Bu hayotiy va amaliy misol.
Beshinchisi, innovasion kashfiyotlar bazasini yaratish uchun Respub­lika ilmiy texnik kutubxonasini tashkil etish lozim. Shunday kutubxona ilgari bor edi. Uni jahon standartlariga muvofiq tashkil etish va dunyodagi innovasion ishlanmalar haqidagi ma`lumotlarni yig'ishga yo'naltirish kerak.
Oltinchisi, innovasion ishlanmalarni, kashfiyotlarni tijoratlashtirish, sotish xo'jalik yuritish falsafasini mutlaq yangidan ishlab chiqishni taqozo etadi. Bu falsafaning mohiya­­ti ijod va kreativ faollikning barcha turlarini intellektual mulk sifatida munosib taqdirlash va narxlashdadir. Moddiy manfaatdorlikni qondirish innovasion izlanishlarni qo'llab-quvvatlashning ­navbatdagi zaxirasidir. Usiz innovasiya chin ijod va kreativ faollik bo'la olmaydi.
Ettinchisi, tadbirkorlik, ishbilarmonlik, xususiy mulk innovasion rivojlanishning tuganmas zaxiralari hisoblanadi, ularning krea­tiv faolligini milliy taraqqiyot manfaatlari bilan uyg'unlashtirish ­boshqarish falsafasining vazifasiga kiradi. Bu falsafa siyosiy-huquqiy yondashuvdan keng, unga iqtisodiy, moliyaviy, tashkiliy, ma`naviy va ruhiy-kognitiv yondashuvlar ham kiradi.
Demak, innovasiya, ijod va kreativ faollik butun fikrlash va yashash tarzimizni yangilashga qodir.

Viktor ALIMASOV,

falsafa fanlari doktori

Boshqa xabarlar